1989 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning 1-moddasi va Bosh Qomusimizning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili” ekanligi belgilab qo‘yilgan.
1995 yil 21 dekabrda “Davlat tili haqida”gi qonunining yangi tahriri qabul qilindi.
“O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” 2020 yil 10 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonunining (O‘RQ-615-son) 1-moddasi bilan 21 oktyabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
Turkiy tillar oilasiga mansub o‘zbek tili ildizlari kamida V-VII asrlarga mansub O‘rxun-Enasoy bitiklariga borib taqaladi. Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asari turkiy tillar tarixi, shu qatorda o‘zbek tilshunosligi uchun ham muhim manba sanaladi.
Tarixan O‘zbek tilining takomilida o‘zbek mumtoz adabiyoti vakillaridan Navoiy, Hofiz Xorazmiy, Sayfi Saroiy, Atoiy, Sakkokiy, Amiriy, Yaqiniy, Lutfiy singari shoirlar yaratib qoldirgan merosning ahamiyati beqiyos.
Navoiy:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam, —
Abdulla Qodiriy ona tilimiz borasida kuyunib shunday degan edi: “O‘zbek tili kambag‘al til emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”.
Dunyoda 5600 dan ortiq tillar mavjud bo‘lib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida o‘zbek tili ham bor.
“Til yashasa, millat yashaydi”. Agar biz o‘z tilimizning ko‘rkamligi, boyligini dunyoga tarannum etsak, millatimiz yanada charog‘on bo‘ladi va birligimiz mustahkam bo‘ladi.
https://t.me/oliymahad/32745
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Odamning o‘zini sevishi aslida tabiiy tuyg‘u bo‘lib, bu alal-oqibat kishini o‘ziga maftunlik va o‘zidan rozi bo‘lishga eltadi. O‘zini yaxshi ko‘rishdan esa Allohning boshqa bandalariga nisbatan kibrlanish, manmanlik qilish va o‘ziga bino qo‘yish kabi sifatlar kelib chiqadi. Oqibatda bu banda odamlarga yuqoridan turib, past nazar bilan qaray boshlaydi. Hech kim bilan hisoblashmaydi. Boshqalarning haq-huquqini poymol qiladi. Ularga hurmatsizlik ko‘rsatadi. Kelishuvlarni bajarmaydi. Va’daga vafo qilmaydi. Umuman olganda, odamlar bilan adolatsiz muomalada bo‘ladi.
Kibr shaytonni halok qildi
Shayton kibr-havosi va o‘zini qattiq yaxshi ko‘rgani tufayli haydaldi. Shayton o‘zini “Men Odam alayhissalomdan yaxshiman, olovdan yaralganman”, deya g‘ururlandi. Agar din olimlari va solih kishilarga nisbatan shunga o‘xshash munosabat qilinadigan bo‘lsa, aslida bu o‘sha insonning o‘zini o‘zi xor qilganligi va Allohning rahmatidan mahrum etilganligi alomatidir. Bunday kishi odamlarning yaxshiligidan mahrum bo‘ladi, bu esa “Uni hech kim qo‘llab quvvatlamaydi, unga birov yordam qo‘lini cho‘zmaydi”, deganidir. Bu kabi odamlar odatda “Bizda ilmiga amal qiladigan biror bir taqvoli olim qolmadi”, deydilar. Bunday baho berishlarining haqiqiy sababi shundaki, ular hammani o‘zlarining fe’l-xo‘ylaridan kelib chiqib baholaydilar.
Kim aytgan bo‘lsa ham to‘g‘ri aytgan ekan: “O‘zi noqis bo‘lgan kimsagina birodarlarini noqislikda ayblaydi!”.
Kibrni davolash
Kibr — mag‘rurlik kishining o‘zini haddan tashqari sevishi (ujb)dan boshlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda insonning qalbidagi kibrni eslatar ekan, uni davolovchi dori-darmonni ham ma’lum qiladi. Ya’ni insonning zaif va kuchsiz ekanligini har doim o‘ziga eslatib turish uni o‘zini-o‘zi yaxshi ko‘rib qolish kasalidan qutqaruvchi eng ta’sirchan doridir.
Alloh Qur’oni Karimda marhamat qiladi: “Yer yuzida kibr-havo[1] bilan yurmagin! Chunki sen (oyoqlaring bilan) hargiz yerni teshib (uning tubiga) ketolmaysan va bo‘y-bastda tog‘larga yetolmaysan” (Al-Isro surasi, 37-oyat).
Ushbu oyat insonning kibr-havo bilan yurishini ta’qiqlamoqda. “Yerni teshib ketolmaysan” so‘zida “inson o‘z kuchi bilan yerni bo‘laklarga bo‘lib tashlay olmaydi”, degan ma’no bor. “Bo‘y-bastda tog‘larga yetolmaysan” kalomida esa kibru havoga berilgan insonga istehzo qilinadi. Shuning uchun ham manmanlik bu – mutlaqo axmoqlikdir.
Inson kibr-havosi, manmanligi bilan hech qachon yaxshi ish qila olmaydi. Axir kibr Alloh o‘z Kitobida ta’qiq etgan o‘nta sifatdan biridir. Unda kekkayib yurish kibrdan kelib chiqishi aytilgan. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi muboraklari ham ogoh etadilar: “Kimki o‘zini mag‘rur tutsa, ko‘nglida kibr paydo etsa va kekkayib yursa, qiyomat kunida Allohning g‘azabiga duch keladi” (Ibn Umardan rivoyat qilingan, Imom Ahmad rivoyati, “Musnad”).
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.
[1] Kekkayish.