21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni
Haq taolo Odam farzandlariga eng buyuk ne’mat o‘laroq til berdi. Barcha mavjudotlar orasida inson ana shu tili va aqli orqali aziz va mukarram bo‘ldi. Bashariyat turli millat va elatlar qilindi. Ular esa asosan, til orqali farqlanadi. Har bir millatning Vatani, davlati kabi yana bir buyuk boyligi bu – o‘sha xalqning tilidir.
O‘tgan asrlar davomida tilimiz juda ko‘p taraqqiyot va inqirozni boshdan kechirdi. Shukrki, istiqlol shabadalari esib, millat o‘z tili, dini va o‘zligiga qaytib, 1989 yilda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Afsuski, Qonun qabul qilinganiga 35 yil o‘tgan bo‘lsa-da, tilimiz sofligini asrash, uni rivojlantirish borasida biror yutuqqa erisha olganimiz yo‘q.
Tan olish kerakki, bugun xorijdan o‘zlashayotgan so‘zlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilish oddiy holga aylangan. Kundalik so‘zlashuvimizda ham qancha ajnabiy so‘zlardan foydalanimishimiz o‘zimizga ayon. Ko‘cha-ko‘ydagi turli banner va reklama hamda do‘konu turli savdo peshtaxtalaridagi nomlarniku aytmay qo‘ya qolay. Imlo xatolar bilan yozilgan e’lon va reklamalarning yillab to‘g‘rilanmasligidan og‘rinamiz ham. Ularni o‘z vaqtida ogohlantirish, tanbeh berishga esa istihola qilamiz. Bu e’tiborsizligimiz oqibatida tilimiz qadrsizlanadi.
Til me’yorlarsiz yashay olmaydi. Ammo bu me’yorlar ijtimoiy taraqqiyot bilan bog‘liq holda o‘zgarib, rivojlanib, takomillashib boradi. Jamiyatimiz taraqqiyot pillapoyalaridan ko‘tarilgan sayin ona tilimiz yangi so‘z va atamalar bilan boyib bormoqda. 1981 yili chop etilgan ikki jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da 60 ming so‘z izohlangan edi. 2006–2008 yillarda nashr qilingan besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da esa 80 mingdan ortiq so‘z bor. Bu lug‘atlar orasida 20 ming so‘z farq qiladi. Bunga sabab shuki, yangi nashr birinchi lug‘atga kiritilmay qolgan so‘zlar va tilimizga yangi kirib kelgan so‘zlar hisobiga boyitilgan.
Axloqiy me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan so‘z va iboralar bilan tilimizni bulg‘ash, lug‘atimizda tarjimasi bo‘la turib, boshqa tildan kirib kelgan so‘zlarni ishlatish ham muomala madaniyati qoidalariga ziddir. Ko‘chib kiruvchi so‘zlar to‘plami ayrim hollarda “internatsional so‘zlar” sifatida xas-po‘shlanadi. Bunga “biznes”, “market”, “mini”, “super”, “menejer”, “vip”, “lider”, “audio”, “video”, “aut”, “inter”, “servis” kabi bir qancha so‘zlar misol bo‘ladi. “Orgtexnika”, “kanselyariya” va bularga bog‘liq vositalar, jihozlar nomlanishi ham shundayligicha qabul qilingan. Ayniqsa, kompyuter sohasidagi iboralar xorijiy nomlari bilan atalishi davom etib kelmoqda (masalan: fayl, sayt, korzina, ssilka, giperssilka, snoska, domen, setevoye okrujeniye, slayd, spam, bulutus va hokazo). Biz bu so‘zlarning iloji boricha o‘zbekcha muqobilini topishimiz kerak va lozim. Agar bunga e’tibor qaratmasak, globallashuv davrida tilimiz o‘zga tilga “yutilib” ketmasligiga hech kim kafolat bermaydi.
Tilga qiyos berar ekan, bobokalonimiz Alisher Navoiy “Layli va Majnun” dostonida bunday degan:
Aytib sovumas taronasen sen,
Olib qurumas xizonasen sen.
Bu misralarning ma’nosi shuki, til ishlatgan sari va sarflagan sayin yanada boyib, sayqallanib boradigan ne’mat. Til – millatning tarixi, buguni hamda kelajagidir. Tilning eng asosiy manbai – so‘z. Biroq shu tilda so‘zlashuvchi xalq unga nisbatan e’tiborli va mas’uliyatli munosabatda bo‘lmasa, o‘z ona tili, lug‘ati so‘zga boy bo‘la turib, nutqida boshqa millat tilidan kirib kelgan so‘zlarni ishlatsa, mumtoz so‘zlar ma’nolari izohlanmasa, bora-bora bu til unutilishi, yo‘qolib ketishi hech gap emas. Taxminlarga ko‘ra, shu kungacha dunyoda 30 000 ga yaqin tillar yo‘q bo‘lib ketgan va yana bir qanchasi yo‘q bo‘lish arafasida.
Bir so‘z bilan aytganda, qayerda bo‘lmaylik ona tilimizga e’tibor qaratishimiz lozim bo‘ladi. Chunki til millat ko‘zgusidir. Unda xalqimizning asrlar silsilasidan, mustabidlik to‘fonlaridan sabr-matonat bilan bosib o‘tgan hayot yo‘li, madaniyati, tarixi, saviyasi, aql-zakovati aks etadi.
Shukur JABBOR
Din va jamiyat
Islom dini kishini haddan oshish, zo‘ravonlik va adovatdan qaytaradi. Har bir ishda o‘rta yo‘lni tutish, aql bilan ish ko‘rish, adolat va insofni saqlash asosiy mezonlardan ekani ta’kidlanadi.
Afsuski, bugungi kunda ayrim kimsalar dinimizga xos muqaddas tushunchalarni noto‘g‘ri talqin qilib, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda. Ular dinning asl mohiyati bo‘lgan tinchlik, o‘zaro mehr-muruvvat va ezgulik g‘oyalarini buzib, odamlar qalbiga mutaassiblik urug‘ini sochishga harakat qilmoqda. Bunday kimsalar xorijda turib ijtimoiy tarmoqlar orqali aqidaviy, fiqhiy, mahzab masalalarida xalqimizni chalg‘itishga urinib, mutaassiblik va boshqa yot g‘oyalarni targ‘ib qilib, ommani shubhalar girdobiga tortishga urinmoqda.
Haqiqiy dindorlik odamlardan uzilish, hayotdan chetlashish yoki boshqalarga nisbatan qattiqqo‘llik qilish emas. Balki halol mehnat qilish, ota-onaga hurmat ko‘rsatish, oilaga mas’uliyat bilan qarash, jamiyatga foyda keltirish va ibodatni ixlos bilan ado etishda namoyon bo‘ladi. Mutaassiblik esa shu muvozanatni buzadi. Bunday kishi o‘z fikrini yagona haqiqat deb biladi, boshqa qarashlarni eshitishni istamaydi. Faqat o‘z fikrini o‘tkazishga urinadi. U ko‘p hollarda dinning asl mohiyatini emas, balki o‘zining tor va biryoqlama tushunchasini himoya qiladi. Shu sababli mutaassiblik jamiyatda murosasizlik, adovat va bo‘linishlarga sabab bo‘ladi.
Aslida, chin musulmon o‘z e’tiqodida mustahkam bo‘lishi bilan birga, boshqalarga nisbatan ham odob, hurmat va insof bilan munosabatda bo‘lishi kerak. Din nomidan qo‘pollik qilish, odamlarni kamsitish, jamiyat tinchligiga raxna solish yoki zo‘ravonlikni oqlash qoralangan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom har bir ishda – xoh u dunyoviy bo‘lsin, xoh oxirat amali bo‘lsin – o‘rtacha bo‘lishga chaqirib: “Ishlarning eng yaxshisi o‘rtachasidir”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati). Bu esa Islomda inson hayoti bir tomonga og‘ishgan emas, balki muvozanatli bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.
Bu haqda Qur’oni karimda: “...Rohiblikni esa ular o‘zlari chiqarib oldilar. Biz ularga uni (rohiblikni) yozganimiz yo‘q, lekin ular o‘zlari Allohning rizoligini istab (rohiblik) qildilar-u, so‘ngra unga to‘la rioya qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga mukofotlarni ato etdik. (Ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (kofir)dirlar” (Hadid surasi, 27-oyat), deyilgan. Demak, kishi o‘z tabiatiga og‘irlik qiladigan darajada hayotdan uzilib, toat-ibodatga berilib ketmasligi kerak.
Yana bir oyatda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin” (Qasas surasi, 77-oyat). Musulmon kishi dunyoni deb oxiratni unutishi, oxiratni bahona qilib, zimmasidagi bu dunyo ishlarini tashlab qo‘yishi joiz emas.
Mutaassiblik ilmsizlik sababli kelib chiqadi. Ilmli kishi hech qachon o‘zgalar bilan tortishmaydi va har ishda o‘zinikini ma’qullayvermaydi. Aksincha, haq gap aytilganida tan oladi. Shuning uchun farzandlarimizga yoshligidanoq diniy bilimlarni chuqur o‘rgatib, turli fitnalardan ogoh etib borishimiz zarur. Zero, haqiqiy ilm egalarini hech qanday buzg‘unchi g‘oyalar chalg‘ita olmaydi.
G‘afurjon ESHONQULOV,
Urgut tumanidagi “Chubin” masjidi imom noibi
H. Sadriddinov uyushtirdi.
"Hidoyat" jurnalini 7-sonidan