21 oktyabr – O‘zbek tili kuni
Til – millatning faxri, g‘ururi, ko‘zgusi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu tildir. Har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga, boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim.
Til – inson qiyofasi va ichki go‘zalligini namoyon etadigan eng go‘zal tuyg‘udir. O‘z tiliga mehr-muhabbatli inson xalqini, Vatanini, milliy qadriyatlarini, madaniy merosini ham e’zozlaydi. Bejizga bundan besh asr ilgari Alisher Navoiy bobomiz “Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz” deya yozmagan.
O‘zbek tili dunyodagi qadimiy, go‘zal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilimizdagi hayo, ibo, andisha, oriyat, mehrni yozuvchilarimiz asarlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni luotit turk” kitobi, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Alisher Navoiyning “Xamsa”si, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si, Abdulla Qodiriyning betakror romanlarida “oqibat” so‘zlarini boshqa tilga aynan tarjima qilib bo‘lmaydi. Ularni faqat o‘zbek tilida ifodalash mumkin. Chunki bu tushunchalar xalqimizga xos va ularni aytishga faqat shu til qodirdir.
Ona tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til orasida turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, jonli til sifatida qipchoq, qarluq, o‘g‘iz lahjalarida namoyon bo‘ladi. O‘zbek adabiy tili esa ana shu lahjalardagi so‘zlarning ma’lum bir me’yoriga keltirilgan shaklidir. U muttasil o‘sib, rivojlanib bormoqda. Uning rivojida so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyosdir. Hazrat Navoiy til haqida bunday yozadilar: “Ko‘ngil xazinasining qulfi tildir. Ul xazinaning kalitidin so‘z bil”.
Ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko‘rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanimizdan faxrlanamiz.
Til – madaniyat ko‘zgusi va ruhimizning qanoti. Biz ona tilimiz orqali xalqlar, millat va elatlar orasida hamisha azizu mukarram ekanimizni aslo unutmasligimiz kerak. O‘zbekona lutf, muomala, milliy qadriyatlar, odob-axloq esa ona tilimiz madaniyatining kalitidir.
Tongdek orombaxsh, quyoshdek nurli, ona og‘ushidek issiq, bahordek tarovatli, yozdek haroratli, kuzdek saxovatli, qish qorlaridek beg‘ubor tuyg‘ularimizning tarjimoni bo‘lgan, millatimiz ruhini ifoda etuvchi ona tilimiz, bizni yuksak ma’naviyatga, ma’rifatga, madaniyatga, istiqlolu istiqbolga yetaklovchi bebaho ne’matdir. Shu bois ham har birimiz ona tilimizni asrab-avaylashimiz, e’zozlashimiz lozim. Zotan, tilimizga e’tiborli bo‘lsak, millatimiz qalbi ona tilimiz hech qachon zavol topmaydi.
O‘z tili uchun qayg‘urayotgan millat dunyo xalqlari safida o‘z o‘rnini, chinakam mustaqilligini asrashga, himoya qilishga jiddu jahd qilayotgan millat sanaladi. Millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti bo‘lgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyinish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish har birimizning burchimizdir.
Ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan e’tibor berishimiz kerak.
Shu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz, o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Is'hoqxon Ibratning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.
Odil NARZULLOH
* * *
“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”
(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).
Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).
Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan