Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Mart, 2026   |   30 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:08
Quyosh
06:27
Peshin
12:36
Asr
16:47
Shom
18:39
Xufton
19:51
Bismillah
20 Mart, 2026, 30 Ramazon, 1447

O‘z tiliga sadoqat – vataniy ishdir

21.10.2024   12099   3 min.
O‘z tiliga sadoqat – vataniy ishdir

21 oktyabr – O‘zbek tili kuni

Til – millatning faxri, g‘ururi, ko‘zgusi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri bu tildir. Har bir inson o‘z tilini bilishi, uni ulug‘lashi va shu bilan birga, boshqa millatlarning ona tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim.


Til – inson qiyofasi va ichki go‘zalligini namoyon etadigan eng go‘zal tuyg‘udir. O‘z tiliga mehr-muhabbatli inson xalqini, Vatanini, milliy qadriyatlarini, madaniy merosini ham e’zozlaydi. Bejizga bundan besh asr ilgari Alisher Navoiy bobomiz “Tilga e’tiborsiz – elga e’tiborsiz” deya yozmagan.


O‘zbek tili dunyodagi qadimiy, go‘zal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilimizdagi hayo, ibo, andisha, oriyat, mehrni yozuvchilarimiz asarlarida  yaqqol  ko‘rish  mumkin. Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni luotit turk” kitobi, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Alisher Navoiyning “Xamsa”si, Zahiriddin  Muhammad Boburning “Boburnoma”si, Abdulla Qodiriyning betakror  romanlarida “oqibat” so‘zlarini boshqa tilga aynan tarjima qilib bo‘lmaydi. Ularni faqat o‘zbek tilida ifodalash mumkin. Chunki bu tushunchalar xalqimizga xos va ularni aytishga faqat shu til qodirdir.


Ona tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til orasida turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, jonli til sifatida qipchoq, qarluq, o‘g‘iz lahjalarida namoyon bo‘ladi. O‘zbek adabiy tili esa ana shu lahjalardagi  so‘zlarning  ma’lum bir me’yoriga  keltirilgan shaklidir. U muttasil o‘sib, rivojlanib bormoqda. Uning rivojida so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyosdir. Hazrat Navoiy til haqida bunday yozadilar: “Ko‘ngil xazinasining qulfi tildir. Ul xazinaning kalitidin so‘z bil”.


Ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko‘rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanimizdan faxrlanamiz.


Til – madaniyat ko‘zgusi va ruhimizning qanoti. Biz ona tilimiz orqali xalqlar, millat va elatlar orasida hamisha azizu mukarram ekanimizni aslo unutmasligimiz kerak. O‘zbekona lutf, muomala, milliy qadriyatlar, odob-axloq esa ona tilimiz madaniyatining kalitidir.


Tongdek orombaxsh, quyoshdek  nurli, ona og‘ushidek issiq, bahordek tarovatli, yozdek haroratli, kuzdek saxovatli, qish qorlaridek beg‘ubor tuyg‘ularimizning tarjimoni bo‘lgan, millatimiz ruhini ifoda etuvchi ona tilimiz, bizni yuksak ma’naviyatga, ma’rifatga, madaniyatga, istiqlolu istiqbolga yetaklovchi bebaho ne’matdir. Shu bois ham har birimiz ona tilimizni asrab-avaylashimiz, e’zozlashimiz lozim. Zotan, tilimizga e’tiborli bo‘lsak, millatimiz qalbi  ona tilimiz hech qachon zavol topmaydi.


 O‘z tili uchun qayg‘urayotgan millat dunyo xalqlari safida o‘z o‘rnini, chinakam mustaqilligini asrashga, himoya qilishga jiddu jahd qilayotgan millat sanaladi. Millatning va milliy adabiyotning mavjudlik sharti bo‘lgan ona tilimiz taqdiri uchun kuyinish, uning ravnaqi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish har birimizning burchimizdir.


Ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan e’tibor berishimiz kerak.


Shu o‘rinda ma’rifatparvar bobomiz, o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Is'hoqxon Ibratning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”. 

Odil NARZULLOH

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda

19.03.2026   2327   1 min.
Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifining ikkinchi kuni Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, o‘tgan yili yurtimizda aqida ilmining asoschisi Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida Imom Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirishga kirishilgandi.

Ayni paytda majmua va uning atrofida qurilish-obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Umumiy maydoni 10,2 gektar bo‘lgan hududda Imom Moturidiy majmuasi qayta qurilib, 250 o‘rinli masjid, kirish peshtoqi, ilmiy markaz, kutubxona, muzey va avtoturargoh bunyod etilmoqda.

Shuningdek, qurilish ishlari jarayonida Chokardiza qabristonida buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy ham aniqlanib, bu yerda maqbara qurilmoqda.

Allomalar yodga olinib, Qur’on tilovat qilindi.

Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, ushbu maskan dunyo musulmonlari talpinadigan ziyorat manzillaridan biri ekanini qayd etib, bu yerda ular uchun zamon talablariga mos sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi.

– Majmuaga kelgan kishi avvalo Imom Moturidiy bobomizning ilmiy-ma’naviy merosi, islom olamida tutgan mavqei haqida yorqin tasavvurga ega bo‘lishi, allomaning ma’rifatparvar qarashlari bugun ham dolzarbligini his qilishi kerak, – dedi Prezident.

Qurilishni sifatli va o‘z vaqtida bajarish, hududda yashil maydonlarni ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

https://president.uz/ru/lists/view/9028

 

Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda
O'zbekiston yangiliklari