Til har bir millatning ulkan boyligi, benazr qadriyati va bebaho mulkidir. Har bir xalq, har bir elat o‘zi hurmat va ehtirom qiladigan tilga ega. Tilda ana shu tilning ijodkori bo‘lgan xalq, elatning tarixi va madaniyati aks etadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda insonlar o‘zaro tanishishlari ularni xalqlar va qabilalar qilib qo‘yganini bayon qilgan:
“Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi 13 oyati).
Ushbu oyati karimada “Ey odamlar!” deb barcha insoniyatga qarata nido qilinmoqda, shu bilan birga ularning asli bir ekanligi eslatilmoqda. Demak, odamlarning asli bir – hammalari Odam Ato va Momo Havodan taralganlar. Ayni chog‘da Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib ham qo‘yganini ta’kidlamoqda. Insonlarning turli xalq va qabilalarga bo‘linishini sababi esa o‘zaro tanishish, ma’rifat hosil qilish ekanligi uqtirilmoqda.
Insonlarning turli xalqlar, millatlar, elatlar, qabila va urug‘lar hamda turli firqalarga bo‘linishi, tillarining har xil bo‘lishining asosiy sababi bu – xalqlar o‘zaro tanishish, muomalaga kirishish, do‘stlashish ekan. Alloh taolo oyatda urishishingiz uchun janjal, faxrlanish, maqtanish, o‘zaro adovatlashishingiz uchun demayapti yoki boshqa sabablarni aytmayapti. Demak, xalqlarning turli-tumanligini ilohiy maqsaddan – tanishuvdan boshqa maqsadga ishlatish Allohning irodasiga qarshi chiqish bilan barobar bo‘lar ekan.
Barchamizning aslimiz Odam ato va Momo havvo onamizdir. Bizlar ham ushbu aslning katta bir bo‘lagimiz. Mustaqil davlatimizda o‘zbek millatiga mansub, ya’ni o‘zbek tilida suhbatlashadigan kishilar soni millionlab kishilarni tashkil etadi. Alloh taolo bizni o‘zbek millatiga mansub xalq bo‘lishimizni iroda etdi.
Har bir davlatning asosini tub millat tashkil qiladi. Millatni millat qilib turgan narsa esa uning o‘ziga xosligi, o‘z tili, o‘z milliy xususiyatlaridir. Shu bois ham “Til boyligi – el boyligi” deyishadi. Tilni asrash, avaylash, boyitish, mazmunli so‘zlash har bir insonning burchi, vazifasi hisoblanadi. Qadimda elchilarning tiliga, gapirish ohangiga razm solib, xalqining madaniyati, dini va urf odatlarigacha ilg‘ab olishgan. Adiblardan biri: “Til – millatning yuragidir” degan edi. Ming yillardan buyon o‘zligini, diniy va milliy qadriyatlarini yo‘qotmay, uni bizga meros qoldirgan ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lishimizni Alloh nasib etsin!
Eslatma:1989-yil 21-oktyabr kuni Vatanimizda davlat tilining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinib, unga ko‘ra, O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi.
2020-yil 10-aprelda qabul qilingan “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida” qonunning 1-moddasi bilan 21-oktyabr sanasi O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
Barchaga o‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin!
Jahongirxon Abrorov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati xodimi
Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qoldirgan boy ilmiy merosi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning turli nuqtalarida, xususan, Islom olamining tabarruk maskani bo‘lmish Masjidi Nabaviy kutubxonasida ham saqlanib kelyapti.
2017 yilda shayx hazratlarining bir qator kitoblari ilk bor Masjidi Nabaviy kutubxonasiga taqdim etilgan edi. Shundan buyon ziyoratga borgan hamyurtlarimiz ushbu kutubxonadan hazratning asarlarini o‘z ona tilimizda mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lib kelishyapti.
Masjidi Nabaviy kutubxonasi masjidning 10-eshigi yonida joylashgan. Kutubxonada 170 000 dan ortiq kitob saqlanadi. Asosiy adabiyotlar arab tilida bo‘lsada, 20 dan ortiq xorijiy tillardagi diniy manbalar ham jamlangan. Kutubxonadan bir vaqtning o‘zida 300 dan ortiq kitobxon foydalanishi mumkin.
Kutubxonada xorijiy tillardagi adabiyotlar uchun alohida xona ajratilgan. U yerda ingliz, rus, fransuz kabi jahon tillari qatorida o‘zbek tili bo‘limi ham bor. Ushbu bo‘limda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub 50 dan ortiq asar bor. Jumladan:
– «Hadis va Hayot» silsilasi;
– «Tafsiri Hilol»;
– «Kifoya»;
– «Ruhiy tarbiya»;
– «Zikr ahlidan so‘rang»;
– «Odoblar xazinasi»;
– «Xislatli hikmatlar sharhi»;
– «Baxtiyor oila» va boshqalar.
@islomuz