Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni, ona tilimizning barcha ixlosmandlarini bugungi ulug‘ ayyom – O‘zbek tili bayrami hamda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Ma’lumki, milliy til har bir madaniy xalqning tarixi va o‘zligini, ruhiy-ma’naviy dunyosini o‘zida aks ettiradigan tengsiz boylikdir. Qadimiy tariximizning eng og‘ir va sinovli davrlarida ham bizni yagona xalq sifatida birlashtirib, azaliy qadriyatlarimizni asrlar osha bezavol saqlab kelayotgan ona tilimizni har qancha ardoqlasak, ulug‘lasak arziydi.
Bugungi kunda yurtimizda davlat tilini rivojlantirish, uning nufuzi va mavqeini oshirish, xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga qaratilgan katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, keyingi yillarda ko‘plab idoraviy hujjatlar davlat tiliga o‘tkazildi, 100 mingdan ortiq geografik obyektning nomi davlat reyestriga kiritildi, hududlardagi 150 mingdan ziyod tashqi yozuvlar davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirildi.
Yangi paydo bo‘layotgan zamonaviy tushunchalarga nom berish, so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritishni tizimli yo‘lga qo‘yish uchun Atamalar komissiyasining faoliyati tubdan takomillashtirildi, bu borada aniq ilmiy mezonlar ishlab chiqildi.
O‘tgan yildan e’tiboran me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish tizimi yaratilgani tegishli hujjatlarning davlat tili talablariga mos va uslubiy jihatdan puxta tayyorlanishiga xizmat qilmoqda.
Rahbarlik lavozimlariga nomzodlarning o‘zbek tili bo‘yicha bilim darajasini aniqlash maqsadida milliy test tizimi joriy etilib, qisqa vaqt ichida 3 mingdan ziyod talabgorning qariyb 1 ming 500 nafariga davlat tilini bilish bo‘yicha sertifikatlar berildi.
Davlat tili asoslarini chuqur va atroflicha o‘rganishni ta’minlash uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 58 nomdagi qomus, lug‘at va qo‘llanmalar ko‘p ming nusxalarda chop etildi.
Ayniqsa, keyingi yillarda o‘zbek tilini raqamlashtirish borasida jiddiy natijalarga erishilmoqda. O‘zbekcha matnlarni sun’iy intellekt yordamida qayta ishlash va o‘zbek tilida muloqot qilishga mo‘ljallangan “aqlli” dastur ishlab chiqilib, “O‘zbek tili izohli lug‘ati”ning veb-sayti yaratildi.
Ayni paytda o‘zbek tilidagi matnlarni tahrir qilish, ularni lotin va kirill yozuviga o‘girish va so‘zlarning lug‘aviy ma’nosini ko‘rsatishga mo‘ljallangan elektron dasturlar ham amaliyotda faol qo‘llanmoqda.
2025 yil 1 yanvardan boshlab umumta’lim maktablarida milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘zbek tili o‘qituvchilariga maoshining 50 foizi miqdorida oylik ustama haq to‘lanishi ona tilimiz fidoyilarining sharafli mehnatini rag‘batlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Barchamizga ayonki, badiiy tarjima til taraqqiyotida ulkan ahamiyatga ega. Yaqinda mamlakatimizda badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot ta’sis etilgani ham, ishonamizki, o‘zbek tili va adabiyotini yanada boyitish va dunyoga keng targ‘ib etishda muhim omil bo‘ladi.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan vatanparvar o‘g‘il-qizlarimizning salohiyati yordamida “Vikipediya” xalqaro internet ensiklopediyasidagi o‘zbekcha ma’lumotlar hajmi keskin ko‘payib, davlat tilida e’lon qilinayotgan maqolalar hajmi bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi mamlakatga aylangani e’tiborlidir.
O‘tgan davrda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida turli tashkilot va idoralarda mehnat qilayotgan 33 mingdan ortiq xodim o‘qitildi. Shuningdek, o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan vatandoshlarimiz uchun ushbu markaz va uning hududiy bo‘limlarida bepul o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yildi.
Shu o‘rinda bag‘rikeng diyorimizda ahil-inoq yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elat vakillarining tili, an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylash bo‘yicha ham muhim ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Jumladan, respublikamiz maktablarida ta’lim-tarbiya jarayoni 7 ta tilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 160 ga yaqin milliy madaniy markaz hamda qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillaridagi ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Markaziy teleradiokanallar orqali o‘zbek tilini o‘rganishga bag‘ishlangan ko‘rsatuv va eshittirishlarning muntazam berib borilayotgani yurtimizda yashayotgan boshqa millat vakillarining davlat tilini o‘zlashtirishiga katta hissa qo‘shmoqda.
Aziz do‘stlar!
O‘zbek tilining beqiyos imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, uning jahon miqyosida nufuzi va jozibadorligini oshirish uchun hali oldimizda ko‘plab vazifalar turibdi.
Avvalo, yuksak taraqqiy etgan demokratik davlatlarda bo‘lgani kabi davlat tili butun jamiyatni, tili va millatidan qat’i nazar, barcha fuqarolarni yagona xalq sifatida birlashtirishga xizmat qilishi zarur. Bu borada har qanday xalq uchun o‘ta hassos va ta’sirchan bo‘lgan til masalasida ortiqcha ehtiros va hissiyotlarga berilmasdan, uzoqni o‘ylab, vazminlik bilan ish tutish kerakligini hammamiz yaxshi anglaymiz.
Zero, davlat tili faqatgina soha mutaxassislarining emas, balki ko‘pmillatli butun xalqimizning birgalikdagi sa’y-harakatlari, aql-zakovati, ma’naviy-ma’rifiy salohiyati, vatanparvarlik fazilatlari bilan ravnaq topadi.
Mamlakatimizda qonunga hurmat va itoat muhitini ta’minlash, jumladan, “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunni hayotimizga izchil tatbiq qilishda barchamiz yuksak madaniyat va o‘zaro bir-birini anglash tuyg‘usini namoyon etishimiz lozim.
Bu borada barcha ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti fanlarini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish orqali ta’lim sifatini oshirishga erishish muhim ahamiyatga ega.
Teleradiokanallar va internet saytlarida davlat tilini o‘rganishga yordam beradigan dasturlarning soni va efir vaqtlarini ko‘paytirish, mustaqil til o‘rganuvchilar uchun qo‘shimcha adabiyotlar, lug‘at va qo‘llanmalar nashr etish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Raqamli makonda davlat tilini keng joriy etishga mo‘ljallangan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, o‘zbek tilini axborot texnologiyalari sohasidagi yirik dasturlar tili qatoriga kiritish choralarini ko‘rish ham dolzarb vazifamiz bo‘lib qoladi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘liq, ishlaringizda yangi yutuqlar, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman.
O‘zbek tilimizning boyligi, kuch-qudrati yanada ziyoda bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Maskat, 2026 yil 3 noyabr. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya O‘mon Sultonligiga amaliy tashrifini boshladi. Tashrifda O‘zbekiston Respublikasining O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdusalom Xatamov, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakillari, shuningdek, Markaz Ilmiy kengashi a’zolari — O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘afurov hamda Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Shorustam Shomansurov ishtirok etmoqda.
Tashrif doirasida delegatsiya O‘mon Sultonligi Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasi raisi, doktor Hamad bin Muhammad al-Zuvayyoniy bilan uchrashdi, xabar bermoqda iccu.uz..
Uchrashuvda O‘mon tomoni boshqarmaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, tarixiy hujjatlarni restavratsiya qilish, saqlash, tizimlashtirish va raqamlashtirishda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar hamda ilg‘or tajribalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, muassasaning ilmiy nashrlari va kitob to‘plamlari taqdim etildi. Delegatsiya a’zolariga boshqarma faoliyati va uning muhim loyihalariga bag‘ishlangan videomaterial ham namoyish qilindi.
Muzokaralar davomida ilmiy va madaniy-tarixiy hamkorlikni rivojlantirish, arxivshunoslik sohasida o‘zaro tajriba almashish, hujjatli merosni asrab-avaylash hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama etildi.
Muloqotning muhim yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ijtimoiy aloqalarga bag‘ishlangan qo‘shma xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi bo‘ldi.
Doktor Hamad bin Muhammad al-Zuvayyoniy ikki xalqning tarixiy mushtarak jihatlari, turmush tarzi, diniy-ma’naviy merosi, me’morchilik an’analari hamda tarixiy numizmatika sohasidagi aloqalarini chuqur tadqiq etish taklifini ilgari surdi.
Hamkorlik istiqbollariga to‘xtalar ekan, doktor Hamad bin Muhammad al-Zuvayyoniy quyidagilarni ta’kidladi:
«O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaning boy tarixiy, ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish hamda uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish uchun katta imkoniyatlar yaratmoqda. Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat taraqqiyoti, tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va keng ko‘lamli ma’rifiy tashabbuslarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaymiz. Davlat rahbarining ezgu maqsad va rejalari ro‘yobga chiqishini tilaymiz. Ishonamizki, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan O‘mon muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik yangi ilmiy tadqiqotlar olib borish, tarixiy manbalar almashish va qo‘shma ko‘rgazma loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi».
O‘z navbatida, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov xalqaro hamkorlikni kengaytirish muassasa faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatining uch yillik dasturini ishlab chiqishga kirishdik. Ushbu dasturning asosiy yo‘nalishlaridan biri xalqaro ilmiy va madaniy hamkorlikni kengaytirish, xorijiy muassasalar bilan sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda qo‘shma tashabbuslarni hayotga tatbiq etishdan iborat. Ishonchim komilki, O‘mon Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasining, ayniqsa, tarixiy hujjatlar va qo‘lyozmalar bilan ishlash borasidagi tajribasi ushbu dastur doirasida muhim ahamiyat kasb etadi va mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi», — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Tashrif dasturi O‘mon Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasining ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari faoliyati bilan tanishish orqali davom etdi. Delegatsiya a’zolari tarixiy hujjatlarni zararsizlantirish, restavratsiya qilish va saqlashga ixtisoslashgan bo‘limlarda bo‘lib, arxiv materiallarini muhofaza etishning zamonaviy usullari, maxsus uskunalar va texnologik jarayonlar bilan tanishdilar.
Ayniqsa, tarixiy hujjatlarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan zamburug‘lar, bakteriyalar va hasharotlarga qarshi ishlov berishga ixtisoslashgan bo‘lim faoliyati katta qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassislar arxiv materiallarini biologik omillar ta’siridan himoya qilish bo‘yicha qo‘llanilayotgan amaliy usullar va maxsus jihozlarni namoyish etdilar.
O‘mon Sultonligi Milliy hujjatlar va arxivlar boshqarmasining yetakchi mutaxassisi Fahd bin Muborak al-Damdamiy tajriba almashish va sohaviy kadrlarni tayyorlash muhimligini ta’kidladi:
«Ushbu sohadagi 16 yillik faoliyatim davomida arxiv merosini saqlashda zamonaviy laboratoriya texnologiyalari va mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligi naqadar muhim ekaniga amin bo‘ldim. Bizda zarur uskunalar va tajribali mutaxassislar jamoasi mavjud. Shu bois o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun amaliy stajirovkalar tashkil etishga va ularni ish jarayonida qo‘llanilayotgan usullar bilan tanishtirishga tayyormiz».
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasining O‘mon Sultonligiga amaliy tashrifi davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati