Til — davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.
Bundan 30 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma’noda olamshumul voqea bo‘lgan edi. Chunki, Beruniy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi. Mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan davrdayoq prezidentimiz tomonidan o‘zbek tiliga davlat maqomi berish masalasi kun tartibiga qo‘yilib, bu ish amalga oshirilgan edi. Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989 yil 21 oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Agar o‘shanda til to‘g‘risida qonun qabul qilinmaganda edi, o‘zbek tili ham tarix saxifalaridan joy olgan bo‘larmidi?!.
Til – millatning ma’naviy boyligidir. Til nafaqat muammola vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga xurmat esa o‘z navbatida o‘zaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarni saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab-quvvatlash zarurdir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va hurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir.
Shu sababli ham har bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi.
Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.
Zayniddin domla Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Maqolalar
Har qanday ko‘ngilsizlik, balo va musibatlar aslida banda uchun imtihon, sinovdir. Shuning uchun dunyoda baxtlilaru baxtsizlarni, boylaru yo‘qsillarni, sog‘laru bemorlarni, orig‘u semizlarni, novchayu pakanalarni uchratasiz.
Albatta, bunday xilma-xillikning zamirida ko‘plab hikmatlar bor. Imom Ahmad rahimahulloh Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadi: «Alloh taolo “Almiysoq” kunida Odam zurriyotlarining barchasini ruhlar holida jamlab, ularga surat-shakl berib, ulardan ahdu paymon oldi… Odam alayhissalom ularga nazar solib, boyini ham, faqirini ham, chiroylisini ham, xunuk bo‘lganlarini ham ko‘rgach: “Ey Rabbim! Bandalaringni o‘zaro teng, bir xil qilib qo‘ysang edi”, dedi. Shunda Alloh taolo: “Men ularning shukr qilishlarini yaxshi ko‘raman (ya’ni har kim o‘zidan yomonroq ahvolda bo‘lganlarni ko‘rib, o‘zining holiga shukr qiladi)”, deb marhamat qildi».
Imom Ibn Moja keltirgan yuqoridagi hadisda ana shunday holatda banda qanday yo‘l tutishi bayon qilinmoqda.
“Kim biror baloga yo‘liqqan kishini ko‘rganida…” U balo dard-illat, faqirlik, chorasizlik yoki boshqa har qanday musibat bo‘lishi mumkin.
“Ko‘rish”dan murod nazar solish, u haqda eshitish kabi xabardor bo‘lishning har qanday turidir.
“Uni mubtalo qilgan bu narsalardan meni omon qilgan va meni O‘zi yaratgan ko‘plab maxluqotlaridan afzal qilib qo‘ygan Allohga hamd bo‘lsin!” Ya’ni ushbu kalimalar bi lan o‘ziga berilgan ne’matlar, ofiyat va omonliklar uchun Alloh taologa shukrona, hamd aytadi… Albatta, buni musibatzada kishi eshitmaydigan qilib, past ovozda, pinhona aytishi kerak. Aks holda, uning yarasiga tuz sepgandek bo‘ladi.
“…deb (ixlos ila maxfiy) aytsa, o‘sha balo unga hech qachon yetmaydi”, ya’ni ana shu shukronasi, uni o‘sha baloga yo‘liqmasligiga sabab bo‘ladi. Chunki hech kim bunday baloga yo‘liqmasligidan kafolatlanmagan. Zero, Alloh taolo bandani uning qilgan xolis duosi tufay li asraydi va unga rahm qiladi.
Shunday ekan, banda har doim Allohning unga bergan ne’matlarini eslab yurishi, boshqa bandalarning holatiga qarab ibrat olishi va o‘zidagi bor ne’matlarning barchasi faqatgina Alloh taolodan ekanini e’tirof etishi lozim.
Azizbek XOLNAZAROV
tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 15-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws