Saudiyaning “Sayeh” sayyohlik portalida O‘zbekistonning noyob tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy turizm infratuzilmasining jadal rivojlanishini yorituvchi maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” nomi ostida YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buyuk Ipak yo‘li durdonasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Registon maydoni ansambli, Go‘ri Amir maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Bibixonim masjidi va Shohi Zinda majmuasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Noyob qadimiy me’morchilik va moviy sirlangan mozaikalar jahon ilm-fani, siyosati va san’ati taraqqiyoti xotirasini o‘zida saqlab qolgani ta’kidlangan.
Shu bilan birga, mehmonxonalar tizimi, transport logistikasi va xizmat ko‘rsatish sohasining jadal rivojlanishi sayyohlarga yanada keng qulayliklar yaratayotgani qayd etilgan.
“O‘zbekistondagi ajoyib sayyohlik taassurotlari” sarlavhali maqolada mamlakat bo‘ylab turistlarga berilayotgan e’tibor xususida so‘z yuritilgan.
O‘zbekiston mehmonlariga Samarqandga tashrif, Buxoro va uning Poyi Kalon ansambli, Ark qal’asi, Xivadagi ochiq osmon ostidagi Ichan qal’a muzeyiga sayohatlar uyushtirish tavsiya etilgan. Poytaxt Toshkent marshrutni megapolis ritmi va metropoliten arxitekturasi bilan boyitsa, Zomin va Tyan-Shan tog‘li hududlari ekoturizm uchun keng imkoniyatlar ochadi.
O‘zbekiston yo‘nalishining asosiy jozibadorligi buyuk o‘tmish va zamonaviy shaharlarning kundalik hayoti uyg‘unlashganidadir. Yuqori darajadagi mehmondo‘stlik, palov tayyorlash an’analariga ega o‘ziga xos milliy oshxona, sharqona bozorlar shukuhi va rivojlanayotgan hunarmandchilik ustaxonalari sayohatga chinakam mahalliy ruh bag‘ishlaydi.
Infratuzilmaning tizimli modernizatsiya qilinishi, joylashtirish imkoniyatlarining kengayishi va qulay transport aloqalari O‘zbekistonni tarixni o‘rganish, madaniyatni his qilish va tabiat qo‘ynida dam olishni uyg‘unlashtirishni istagan xalqaro sayyohlar uchun ideal maskanga aylantirmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati