2024 yil 21 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Uchtepa tumanidagi “Hazrati Ali” jome masjidida yig‘ilish o‘tkazilib, Toshkent shahar vakilligi rahbariyati, tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, tajribali imom-xatiblardan tarkib topgan ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruhga faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib:
– imom-xatib hamda otinoyilarning “Haj-2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish ishiga ko‘maklashish, namuna sifatida ishtirok etish;
– imom-xatibning ustav asosida masjidni boshqarish faoliyati hamda hujjat yuritish ishlarini yaqindan o‘rganish, maslahat va ko‘mak berish;
– imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish belgilandi.
Ayni maqsadda Ishchi guruh a’zolari Uchtepa tumanining 20 masjid va 20 ta mahallasiga biriktirildi.
Shu kuni mazkur vazifalar ijrosi ularoq bir qator ishlar amalga oshirildi.
Birinchi yo‘nalish bo‘yicha Ishchi guruh a’zosi hamda imom-xatiblar, shu bilan birga otinoyilar o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan “Haj-2024” ziyoratchisini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etdilar. Birgalikda mahalla xonadonlariga kirilib, fuqarolarning muammolarini o‘rgandilar, taklif, fikr-mulohazalarini tingladilar.
Umumiy hisobda imom-xatiblar 8 toifaga mansub 102 ta oilaga, otinoyilar 5 toifaga mansub 32 ta oilaga, jami 134 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib bordilar.
Ikkinchi yo‘nalish bo‘yicha masjid imom-xatibi faoliyati o‘rganildi. Jumladan, ustav asosida ish va hujjat yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar yaratish jihatlarini ko‘rib chiqildi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, ikki ta masjid imom-xatibi faoliyatiga “A’lo”, 18 ta masjid imom-xatibi faoliyatiga “Yaxshi” tarzda baho berildi.
Uchinchi yo‘nalish bo‘yicha Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado etib, yig‘ilgan qavmga ma’ruza qilib berdilar. “Tinchlik ne’mati, shukronalik, yosh avlod tarbiyasi, yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi chiqishlarda 2710 nafardan ortiq tinglovchi (namozxon) qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Uchtepa tumanida imom-xatiblarning ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati