Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

"Bismillahir rohmanir rohiym"ning fazilati

22.10.2024   7677   3 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Soliha bir ayolning eri munofiq va johil edi. Ayol hech bir ishini “Bismillahir rohmanir rohiym”, demasdan boshlamasdi. Munofiq erning esa bu kalimani eshitgani zahoti jahli chiqar va xotin bechoraga ozor berishni yanada kuchaytirar edi.

Soliha ayol esa erining jafolariga sabr etar va uning to‘g‘ri yo‘lga kelishini so‘rab Alloh taologa duolar qilar edi.

Kunlarning birida zolim er juda ham jahl otiga mindi. Ayoliga yomonlik qilish, uni qattiqroq azoblash uchun jiddiyroq bir bahona qidirdi va o‘ziga-o‘zi: “Unga bir o‘yin ko‘rsatay, ana o‘shanda uning ahvolini ko‘ramiz, holiga maymunlar yig‘laydi hali, qani uni o‘shanda kim qutqarar ekan?” der ekan, boshqalarga ochiq ayta olmagan inkorchiligi, ichidagi jamiki chirkinliklari to‘lib toshdi.

Ayolini chaqirib, uning qo‘liga bir hamyon tilla tutqazib: “Buni yaxshilab saqla, bir donasi yo‘qolsa, teringni shilib olaman”, deya po‘pisa qildi. Ayol erining amriga bosh egib hamyonni qo‘liga oldi va Bismillahni aytib hamyonni yaxshi saqladi. Ammo munofiq eri zimdan uni kuzatib turdi va ayoli yashirgan joydan hamyonni olib, ichidagi tillalarni oldi-da, hamyonni bir quduqqa uloqtirdi. Qilmishidan xotirjam bo‘lgach, ayolini chaqirib: “Senga bergan hamyonni tez olib kel”, dedi. Xotin hamyonni yashirgan joyiga yugurib borib, “Bismillahir rohmanir rohiym”, deya qo‘lini uzatgan edi, Alloh taoloning amri bilan farishtalar hamyonni quduqdan, tillalarni munofiq er yashirgan joydan olib, hamyonning ichiga soldilar va joyiga joylab qo‘ydilar.

Ayol hamyonni qo‘ygan joyidan oldi, faqat hamyondan suv tomchilab turar edi. Ayol uning nega ho‘l bo‘lib qolganini tushunmadi va eriga olib kelib berdi.

U odam ho‘l hamyonning ichidagi tillalarni ko‘rib hayron bo‘ldi. Xotinining aytganlari naqadar to‘g‘ri ekanini tushunib yetdi va ayoliga: “Senga ko‘p zulm qildim, joningga azob berdim, meni kechir”, deya yolvora boshladi. Alloh taologa tavba va istig‘for etdi, Allohning solih qullaridan biri bo‘ldi. O‘sha kundan e’tiboran duo va iltijolarida bunday der edi: “Yo Robbim! menga dunyo va oxiratim uchun soliha bir ayol berganing uchun Senga shukr etmoqdan ojizman, meni afv et”.

Soliha ayol esa: “Yo Robbim! Senga shukrlar bo‘lsinki, duomni qabul etib, juftimni solih bandalaringdan etding”, deya duo qilar edi.

Kim “Bismillahir rohmanir rohiym”ni ko‘p zikr qilar ekan, u, dunyoda baxtli va oxiratta najot topuvchilardan bo‘ladi insha Alloh.

Muhammad Quddus Abdulmannon,
Yetti chinor jome masjidi imom-noibi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

15.09.2026   6144   2 min.
Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.

- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.

Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.

Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.

Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari