Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

BMT 79 yoshda

24.10.2024   9832   9 min.
BMT 79 yoshda

“Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta u sizlarga aniq dushmandir”.

 Qur’oni karim

                Baqara surasi, 208-oyat

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) – Yer yuzida tinchlikni va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning va millatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945 yil 24 oktyabrda fashizm ustidan g‘alaba qozongan mustaqil davlatlarning ixtiyoriy birlashish asosida tuzilgan eng yirik xalqaro tashkilot.

Your browser doesn't support video.
Please download the file:

1971 yilda BMT Bosh Assambleyasi o‘z rezolyutsiyasida a’zo davlatlarga bu kunni bayram sifatida nishonlashni tavsiya qilgan.

BMT Ustavida ko‘rsatilgandek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning tenghuquqli bo‘lishi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o‘rtasida hamkorlik bo‘lishini ta’minlashni ko‘zda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uyg‘unlashtirib turadigan markazi hisoblanadi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topishi bilan inson va shaxs huquqlarini himoya qilishni xalqaro huquqiy tartibga solishni zamonaviy bosqichiga asos yaratildi va BMT Ustavida ta’kidlanganidek: Biz, Birlashgan millatlar xalqlari, insonning asosiy huquqlariga, inson shaxsining qadr qimmatiga, erkak va ayollarning teng huquqlariga va katta-kichik millatlar huquqlarining tengligiga ishonchini qayta qaror toptirishga qat’iy ahd qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Ustavini qabul qilishga va Birlashgan Millatlar Tashkilotini ta’sis qilishga rozilik berdik!

Ayni mahalda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar “Barcha davlatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirish hamda ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tinchlik, adolat va farovonlikning muhim ahamiyati hisoblanadigan inson huquqlari va asosiy erkinliklarining hurmat qilinishi va ularning yalpi ahamiyatini tan olish” majburiyatini o‘z zimmalariga oldilar.

BMT Ustavi barcha davlatlar rioya etilishi shart bo‘lgan yagona xalqaro hujjatdir.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so‘ng – 1992 yilning 2 martida BMTga a’zo bo‘ldi.

Bugungi kunda yer yuzida 270 dan ortiq mamlakat mavjud bo‘lib, ulardan 193 tasi BMTga a’zo bo‘lgan. Dunyodagi eng nufuzli tashkilot bo‘lmish BMTning Bosh Assambleyasi binosi oldida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i shu kuni 2 mart 1992 yildan beri yuqoriga samoga ko‘tarilgan.

1993 yilning 24 avgustida BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining va Birlashgan Millatlar Tashkilot taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti (Nyu-York shahri) dagi doimiy vakili faoliyat yuritadilar.

O‘zbekiston Respublikasi BMTning tenghuquqli a’zosi sifatida bu eng nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qat’iy amal qilib kelmoqda.

Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgandan so‘ng qo‘shilgan birinchi xalqaro huquqiy hujjat bo‘ldi va u tufayli O‘zbekiston BMTning tegishli konvensiyaviy organlariga o‘zining davriy milliy ma’ruzalarini muntazam ravishda taqdim etish orqali inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni izchillik bilan va qat’iy ravishda bajarib kelmoqda. Ularning tavsiyalarini bajarishda muhtaram Prezidentimizning rahnamoliklarida davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolikning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va bevosita fuqarolarning o‘zlari ham ishtirok etmoqdalar. Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilishni ta’minlaydigan milliy qonunchilik me’yorlarida o‘z ifodasini topgan.

1948 yil 10 dekabrda Bosh Assambleyasi Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasini e’lon qildi va qabul qildi. “Har bir odam uchun insonning umumiy huquqlari ilk bor o‘z ifodasini topgan ushbu hujjat bugungi kunda 360 dan ortiq tilda chop etilgan va jahondagi eng ko‘p tarjima qilinadigan hujjat hisoblanadi. Bu uning universal xususiyatga ega ekanligi va keng tarqalishidan dalolatdir. Mazkur hujjat ko‘plab yangi, mustaqil davlatlar konstitutsiyalari va yangi demokratiyalar uchun namuna bo‘lib xizmat qilmoqda, ongimizda ezgulik va yovuzlik haqida fikr yuritish imkonini beradigan mezonga aylandi”, – deb tarifladi BMTning Bosh kotibi.

Ushbu deklaratsiya mustaqil O‘zbekiston Respublikasi imzolagan eng birinchi xalqaro hujjatdir.

1991 yil 30 sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb atalgan ikkinchi bo‘limi mazkur deklaratsiya talablariga to‘la mos bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi barcha fuqarolari teng huquq va erkinliklarga ega bo‘lishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi ta’minlangan. Respublikamizda inson huquqlariga oid yuzdan ortiq qonunlar qabul qilingan va ular xalqaro me’yorlar va andozalarga muvofiqlashtirilgan.

BMT Bosh Assambleyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik muammolarini hal etish yo‘l-yo‘rig‘i dunyo miqyosidagi muammolar bilan birga qo‘shib ochib berildi. Hamda O‘zbekistonning keng ko‘lamli hamkorlikka oid hamma takliflarida uni BMT faoliyati va bu tashkilotning ixtisoslashgan muassasalari orqali amalga oshirish tamoyillari ilova qilindi.

Hammamizning xabarimiz bor, muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqlarida muborak Islom dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini butun jahon jamoatchiligiga yetkazish oldimizda turgan muhim vazifa ekanini alohida qayd etdilar.

Davlatimiz Rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72­-sessiyasida jahonning eng yuqori minbaridan turib, mustaqil O‘zbekiston tashqi siyosatining ma’naviy yo‘nalishi insonparvarlik, insoniylik, oshkoralik, hurriyat, o‘z imkoniyatlariga tayanish va insoniyatning yagona oilasida o‘z taraqqiyot yo‘liga ega bo‘lishligini ta’kidlab, bayon qildilar.

Shuningdek,  davlatimiz Rahbari aslida Islom dini ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarga rioya etishga da’vat etishini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Jumladan, muhtaram Prezidentimiz shunday dedilar: “Biz butun jahon jamoatchiligiga Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamligining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) – tinchlikni va xalqaro xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan universal tashkilotdir.

BMT har bir insonni huquqlarini qo‘llab-quvvatlash, kengaytirish va himoya qilish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan dunyodagi yagona tashkilot sifatida dunyoning “Umumjahon parlamenti” sifatida kalendarning ma’lum bir kunini insoniyat uchun, xalq uchun, umumjamiyat uchun zarur bo‘lgan masalalarga bag‘ishlab qo‘ygan.

“Dinlararo bag‘rikenglik haftasi”, “Saraton bilan kurashish xalqaro kuni”, “Xalqaro ijtimoiy adolat kuni”, “Xalqaro ona tili kuni” fevral oyida. Mart oyida “Kamsitishga nol kuni”, “Xalqaro yovvoyi tabiat”, “Xalqaro irqiy kamsitilishni bartaraf etish kuni”, “Irqchilik va irqiy kamsitilishlarga qarshi kurashayotgan xalqlar bilan birdamlik haftasi”, “Xalqaro sil kasalligiga qarshi kurashish kuni”, “Xalqaro inson huquqlari poymol bo‘lishida haqiqatni o‘rnatish kuni”. Aprel oyida “xalqaro sport, tinchlik va taraqqiyot yo‘lida kuni”, “Yo‘l harakatlarida sodir etilgan hodisalarda halok o‘lganlarni xotiralash kuni”, iyun oyida “Xalqaro atrof muhitni muhofaza qilish kuni”, “Xalqaro qochoqlar kuni”, “Giyohvandlikka qarshi kurashish kuni”, “Xalqaro muruvvat kuni”, sentyabr oyida “Xalqaro tinchlik kuni” bo‘lib deyarli 365 kun insonlarning turli muammolarini yengillashtirishda, ba’zi muammolarni yechilishida o‘z samarasini bermoqda.

BMT o‘z taraqqiyot dasturini amalga oshirishda dunyoning turli chekkalarida va yer yuzining barcha mintaqalarida BMTning ko‘plab ixtisoslashgan tashkilotlari va muassasalari orqali ham tinchlikni saqlashda, insonlar hayotidagi muammolarni bartaraf etishda salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Zero Birlashgan Millatlar Tashkilotining XIX ta boblaridagi 111 ta moddalarining barchalari ham yer yuzida xalqlararo tinchlik va xavfsizlikni barpo etish bilan yo‘g‘irilgan.

BMT Ustavida ta’kidlangan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni barpo etishda O‘zbekiston Respublikasining hissasi beqiyos va betakror.

Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun, muborak dinimiz kamoloti uchun muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev rahnamoliklarida  hukumatimiz, Diniy idoramiz rahbariyati tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar, tuman rahbarlarining boshchiliklarida mehnatkash xalqimiz ko‘p ishlarni amalga oshirdi va shu olijanob islohotlar hali hamon bajarilib kelinmoqda... Bunga dunyo tan bermoqda...

Ibrohimjon domla Inomov

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

21.08.2026   26025   5 min.
Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
 
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.

Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.

Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.

Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.

Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.

Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari