MUHAMMAD AYYUB FAXRIDDINOV,
Namangan shahri “Yusufxon o’g’li Qosimxon” jome masjidi imom-noibi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «The Muslim 500 – The World's 500 Most Influential Muslims» xalqaro nashrining 2027 yilgi reytingida dunyoning eng nufuzli 50 nafar musulmoni qatoriga kiritildi. Shuningdek, davlat rahbarlari va siyosatchilar yo‘nalishida ham alohida e’tirof etildi.
Mazkur ro‘yxat Iordaniya poytaxti Amman shahrida faoliyat yurituvchi Qirollik islom strategik tadqiqotlar markazi (Royal Islamic Strategic Studies Centre – RISSC) tomonidan har yili tayyorlanadi. 2009 yildan buyon e’lon qilib kelinayotgan «The Muslim 500» nashri musulmon dunyosiga siyosiy, iqtisodiy, diniy, ilmiy, madaniy va ijtimoiy jihatdan ta’sir ko‘rsatayotgan shaxslarni qamrab oladi, xabar bermoqda iccu.uz.
Nashrning 2027 yilgi sonida O‘zbekiston Prezidenti faoliyati iqtisodiy islohotlar, xalqaro hamkorlik, mintaqaviy diplomatiya, ta’lim va madaniyat, shuningdek, islomiy merosni asrab-avaylash hamda rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha yoritilgan.
Xususan, mamlakatda iqtisodiyotni erkinlashtirish, valyuta islohotlari, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tashqi savdo aloqalarini kengaytirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va paxtachilikda tizimli majburiy mehnatga barham berish borasida amalga oshirilgan ishlar qayd etilgan.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqaviy savdo va hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi faolligini oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga e’tibor qaratilgan.
ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZI — BOY TARIXIY VA MA’NAVIY MЕROSNING XALQARO TARG‘IBOTI
«The Muslim 500» nashrida O‘zbekistonning boy islomiy va madaniy merosini asrab-avaylash, uni ilmiy asosda o‘rganish hamda xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasidagi tashabbuslar alohida o‘rin egallagan.
Jumladan, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy yodgorlik majmualarini barpo etish va rivojlantirish, Imom Buxoriy, Imom Termiziy hamda Imom Moturidiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy madrasalar va muqaddas qadamjolarni asrashga qaratilgan ishlar e’tirof etilgan.
Bu boradagi muhim loyihalardan biri — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidir.
Davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur majmua xalqimizning uch ming yillik tarixini, buyuk ajdodlarimizning ilm-fan va jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini, shuningdek, islom olamining boy ilmiy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Markaz konsepsiyasida islom dinining asl insonparvarlik mohiyati, ma’rifat, ilm-fan, bag‘rikenglik va ezgulik g‘oyalarini zamonaviy yondashuvlar asosida namoyon etish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu yerda noyob qo‘lyozmalar, tarixiy ashyolar, buyuk allomalarning ilmiy merosi va turli davrlarga oid madaniy boyliklar yagona ekspozitsiya doirasida jamlangan.
Ayniqsa, markazning Qur’oni karim zalida saqlanayotgan Usmon mus'hafi kabi islom olami uchun beqiyos ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan noyob yodgorliklar xalqimizning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni va mas’uliyatini yanada yaqqol namoyon etadi.
Markaz bugun nafaqat milliy tarix va ma’naviy merosni o‘rganish maskani, balki xalqaro ilmiy muloqot, madaniy diplomatiya va sivilizatsiyalararo hamkorlik maydoni sifatida ham faoliyat yuritmoqda. U orqali O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar merosi, ularning ilm-fan, ma’rifat va insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi jahon jamoatchiligiga keng tanishtirilmoqda.
«The Muslim 500» nashrida aynan shu kabi tashabbuslarning qayd etilishi O‘zbekistonning islomiy merosni asrash, ilmiy-ma’rifiy an’analarni davom ettirish va ularni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratayotgan e’tiborini aks ettiradi.
MA’LUMOT O‘RNIDA
«The Muslim 500» nashrida dastlabki 50 nafar shaxs alohida reyting asosida ko‘rsatilsa, qolgan 450 nafar ishtirokchi faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlarga ajratiladi. Unda siyosat, ilm-fan, din, madaniyat, san’at, sport, ommaviy axborot vositalari va boshqa sohalar vakillari qamrab olinadi.
Nashr mualliflari ta’kidlashicha, ro‘yxatga kiritilish shaxsning qarashlari yoki faoliyatini qo‘llab-quvvatlashni emas, balki uning musulmon dunyosiga ko‘rsatayotgan ta’sirini aks ettiradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati