Shu yilning 14-17 oktyabr kunlarida Sankt-Peterburg va Rossiyaning Shimoli-G‘arbiy mintaqasi musulmonlari Diniy idorasi, Rossiyaning Osiyo qismi musulmonlarining Diniy idorasi, Sankt-Peterburg davlat universiteti, Islom madaniyati, ilm-fan va ta’limni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan “Hozirgi zamonda ma’naviy va axloqiy qadriyatlar” mavzusida I Xalqaro diniy sammit tashkil etildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov ishtirok etdi.
Konferensiyada 55 dan ziyod davlatdan vazirlar va vazir o‘rinbosarlari, muftiylar, diniy soha xodimlari, akademiya va universitet rektorlari, mutaxassislar, ilmiy tadqiqotchilar, yetakchi dinshunos olimlar, ilmiy, siyosiy va jamoat arboblari, milliy diasporalar vakillari, talabalar hamjamiyati hamda diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Nufuzli simpoziumda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon domla Inomov tomonidan I Xalqaro diniy sammit ishtirokchilariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salom va duoyu xayrlarini yetkazib, yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.
Sammit doirasida O‘zbekistondagi bu xayrli ishlarga yuksak baho berildi. Shuningdek, bir qator yuqori martabali mehmonlar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Bahouddin Naqshband, Imom Moturidiylar yurtiga borish istaklarini samimiy izhor etishdi.
Anjuman davomida mavzu doirasida ma’ruzalar qilinib, fikr-mulohazalar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati