Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
اللَّهُمَّ صَلِّ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ عَبْدِكَ وَ نَبِيِّكَ وَ حَبِيبكَ وَ رَسُولِكَ النَّبِيِّ الْأُمِّيِّ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَسَلَّمْ
Allohumma solli ’ala sayyidina Muhammadin ’abdika va nabiyyika va habibika va Rasulikan Nabiyyil ummiyyi va ’ala alihi va sohbihi va sallim («Al-ad’iyatul-voridatu fil-ayatil karimati val-ahadisish sharifah», 61-bet).
Ma’nosi: Allohim! Bizning sayyidimiz, Sening bandang, payg‘ambaring, habibing va ummiy nabiy bo‘lmish Rasuling hazrati Muhammadga va ul zotning oilalari (ahli)ga va sahobalariga salotu salom yog‘dir!
«Rasulihin nabiyyil umiyyi...» («Uning ummiy Payg‘ambari bo‘lgan Rasuliga») degan ibora Qur’oni Karimning A’rof surasi, 158-oyatida, yana Ankabut surasi, 48-oyatida kelgan. Bu salavot juda savobli salavotlardan hisoblanadi.
Orif Abul Abbos al-Marisiydan naql qilinadi: «Kim bu salavotni bir kecha-kunduzda besh yuz marta o‘qishda bardavom bo‘lsa, tushida hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rmagunicha vafot etmaydi.
«Eng go‘zal salavotlar» risolasidan
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati