Mak Kay Orton... Entomologiya[1] bo‘yicha ilmiy darajaga ega, Kornel universitetida (AQSH) o‘n yildan beri asalarilar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib boradi.
Tadqiqotchi M.K. Orton bunday deydi: “Qur’onda asalarilar haqida bir sura borligini eshitdim. 1445 yil muqaddam nozil bo‘lgan Kitobda kelgan asalarilarga oid ma’lumotlarning aniqligi meni qattiq hayratga soldi. Qur’ondagi 16 tartib raqam ostidagi “Nahl” surasini to‘liq o‘qib chiqdim. Ushbu suraning asalari haqidagi 68-oyatida 16 ta so‘z va 16 xil arab harflari kelgan. Qiziq jihati, urg‘ochi asalarilarda 16 juft xromosoma, erkak asalarilarda ham 16 xromosoma bor”.
Mak Kay Orton yana bunday deb aytadi: “Asalarilar bilan bog‘liq yana bir narsa meni qiziqtirdi. Ma’lumki, Qur’oni karimda fe’llar muzakkar (erkak jinsi) va ba’zilari muannas (ayol jinsi) shaklda kelgan. Asalarilar haqida kelgan oyatlar aynan ayol jinsida ifodalangan. XIX asrning boshlarida Edvard Bevan asalni faqatgina urg‘ochi asalarilar ishlab chiqarishini aniqlagan. Erkak asalarilar asal bermaydilar”.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: «Robbing asalariga vahiy yubordi: “Tog‘lardan, daraxtlardan va ko‘tarilgan ishkomlardan uy tutgin. So‘ngra hamma mevalardan yegin. Bas, Robbingning oson qilib qo‘ygan yo‘llaridan yurgin”. Qorinlaridan turli rangdagi ichimlik chiqar. Unda odamlar uchun shifo bordir. Albatta, bunda tafakkur qiluvchilar uchun oyat (belgi) bordir» (Nahl surasi, 68-69-oyatlar).
Ushbu oyatda “yemoq” fe’lining amr (buyruq) shakli “kuli” (yegin) ayol jinsi shakli ishlatilgan. Erkak jinsida bu so‘z “kul” shaklida keladi. Boshqa fe’llar ham shunday shaklda kelgan.
Shuningdek, oyatda “batnun” (oshqozon) so‘zining ko‘plik shakli “butuunun” so‘zi kelgan. “Ha” olmoshi uchinchi shaxs birlik ma’nosidagi ayol jinsini bildiradi.
Tadqiqotlarda urg‘ochi arining haqiqatan ham ikkita oshqozoni borligi, biri oziq-ovqatni hazm qilish uchun, ikkinchisi gullardan yig‘ilgan nektarni saqlash uchun ekani aniqlangan.
Davron NURMUHAMMAD
[1] Entomologiya (lotincha: hasharotlar) – hasharotlar to‘g‘risidagi fan. Hasharotlarning tuzilishi, hayot kechirishi, ularning individual va tarixiy rivojlanishi, xilmaxilligi, yer yuzida tarqalishi, yashash muhiti bilan munosabatlari va boshqalarni o‘rganadi.
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati