Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Sentabr, 2026   |   9 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:49
Quyosh
06:08
Peshin
12:17
Asr
16:35
Shom
18:28
Xufton
19:43
Bismillah
20 Sentabr, 2026, 9 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Ota-onangga qarashda ham ehtiyot bo‘l!

28.10.2024   20779   3 min.
Ota-onangga qarashda ham ehtiyot bo‘l!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ عُبَيْدِ اللهِ بْنِ الْوَلِيدِ الْوَصَّافِيِّ قَالَ: سَمِعْتُ عَطَاءً يَقُولُ فِيهَا: لَا تَرْفَعْ يَدَكَ عَلَيْهِمَا.

Ubaydulloh ibn Valid Vassofiydan rivoyat qilinadi:

«Atoning o‘sha oyat haqida «Ikkovlariga qo‘l ko‘tarma», deganini eshitdim».

Sharh: Bu rivoyatda Alloh taoloning «Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat», degan oyati haqida so‘z bormoqda.

Bizda «qo‘l ko‘tarish» degan birikma «urish» ma’nosida ishlatiladi. Ammo bu rivoyatda mazkur salbiy ma’no emas, gaplashayotganda ishora uchun qo‘lni ko‘tarmaslik ko‘zda tutilgan. Shuning uchun ham imom Jaloliddin Suyutiyning «Durrul Mansur» nomli tafsirida ushbu rivoyatga «qachon ikkovlari bilan gaplashsang» degan qo‘shimcha ziyoda qilingan ekan.

Qarang, ota-onaning hurmati qanchalar ulug‘! Ular bilan gaplashayotgan farzand ishora, ta’kid yoki boshqa maqsad bilan ham qo‘lini ko‘tarmasligi kerak. Bundan shunga o‘xshash beodoblik yoki ota-onaga nisbatan qo‘pollikka o‘xshab ko‘rinadigan boshqa xatti-harakatlar ham durust emasligi kelib chiqadi.

عَنْ عُرْوَةَ قَالَ: مَا بَرَّ وَالِدَهُ مَنْ شَدَّ. قَالَ عَبْدُ اللهِ: الطَّرْفَ إِلَيْهِ. وَقَالَ عَبْدُ الرَّحْمَنِ: الْبَصَرَ إِلَيْهِ.

Urvadan rivoyat qilinadi:

«O‘zini tuqqan insonga o‘qraygan yaxshilik qilgan bo‘lmaydi. Abdulloh: «Ko‘z qiri bilan», dedi. Abdurrahmon: «Nazari bilan», dedi».

Sharh: Kim ota-onasiga o‘qrayib qaragan bo‘lsa, u odamni «ota-onasiga yaxshilik qiladigan odam», deb aytib bo‘lmaydi.

Demak, farzand ota-onasiga qarashda ham ehtiyot bo‘lishi kerak ekan. Ehtiyotsizlik qilib, noto‘g‘ri nazar solib qo‘ymasin, beodoblik bilan qarab qo‘ymasin. Bu, ota-onasi oldida farzandning yuzida, ko‘zida hech qanday norozilik alomatlari sezilmasin yoki gaplari yoqmay turgan bo‘lsa ham, buni bildirib qo‘ymasin, degan ma’noni anglatadi.

Hayotda har xil holatlar bo‘ladi. Ko‘pincha farzandlar hayotiy tajribalari kamligi tufayli ota-onalarining ba’zi xatti-harakatlarini, gap-so‘zlarini, qattiqroq aytilgan nasihatlarini to‘g‘ri qabul qila olmay xunob bo‘ladilar. Ba’zan ishlaridagi, turli odamlar bilan muloqotdagi nohaqliklardan ko‘ngli siqilgan anchagina iymonli farzandlarga ham ota-onalarining sabr va taqvoga undovchi pand-nasihatlari malol kelib qolishi mumkin. Ana shunday paytlarda bu farzandlarga ota-onalari oldida ko‘zlarini yerdan uzmagan holatda turish tavsiya etiladi. Chunki yuqoridagi hadis ham gap to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘qrayib qarash to‘g‘risida ketayotgani yo‘q. Ko‘z qiri bilan o‘qrayish haqida ketmoqda, nazar bilan o‘qrayish haqida ketmoqda. Bu ikki holatga ruxsat bo‘lmagandan keyin boshqalarini har kim o‘zi tushunib olaversin.

عَنِ الْمُؤَمِّلِ قَالَ: حَدَّثَنَا سُفْيَانُ، بِهَذَا الْإِسْنَادِ، نَحْوَهُ.

Muammildan rivoyat qilinadi:

«Bizga Sufyon ushbu sanad ila shunga o‘xshashni aytib berdi».

Sharh: Bu rivoyat ham xuddi yuqoridagi hadisga o‘xshar ekan. Demak, bu bir marta aytilgan gap emas. Ushbu ma’no boshqa roviylar tarafidan ham zikr qilingan va ta’kidlangan. Bu musulmonlarning ichida keng tarqalgan ma’nolardan ekanini bildirish uchun imom Marvaziy rahmatullohi alayhi yana bir bor rivoyat qilgan.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imomlar BAAda zamonaviy uslub va ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda

26.08.2026   50477   1 min.
Imomlar BAAda zamonaviy uslub va ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda

O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Islom ishlari va vaqflar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘zbekistonlik imom-xatiblar uchun BAAda malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Bu haqda mazkur jarayonda ishtirok etayotgan Masjidlar bilan ishlash bo‘limi xabar berdi.   

Mazkur o‘quv kurslarining asosiy maqsadi ikki qardosh mamlakat diniy soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ma’rifiy yondashuvlar, zamonaviy ish usullari hamda dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr almashishdan iboratdir.

Safar doirasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot davlatchilik asoslari, bag‘rikenglik madaniyati va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusiga bag‘ishlandi. Unda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va jamiyat barqarorligida «vasatiyya» (mo‘tadillik) tamoyilining o‘rni muhimligi ta’kidlandi. 200 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv istiqomat qilayotgan ushbu mamlakatda inson qadri va o‘zaro hurmat asosiy mezon ekaniga urg‘u berildi.

O‘z navbatida, BAA tomoni O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini yuksak ehtirom bilan tilga oldi.

Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar masjidlar faoliyatini tashkil etish, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, xususan, ma’ruza va suhbatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari — interaktiv taqdimotlar va proyektorlar orqali ko‘rgazmali yetkazish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar bilan yaqindan tanishmoqdalar.

Tadbir davomida BAA rahbariyatining global miqyosdagi insonparvarlik va xayriya tashabbuslari ham alohida e’tirof etilib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mazkur manfaatli safarni tashkil etgan mutasaddilarga samimiy minnatdorlik bildirildi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Imomlar BAAda zamonaviy uslub va ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda Imomlar BAAda zamonaviy uslub va ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda Imomlar BAAda zamonaviy uslub va ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda Imomlar BAAda zamonaviy uslub va ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda Imomlar BAAda zamonaviy uslub va ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda Imomlar BAAda zamonaviy uslub va ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda Imomlar BAAda zamonaviy uslub va ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda Imomlar BAAda zamonaviy uslub va ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda Imomlar BAAda zamonaviy uslub va ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda Imomlar BAAda zamonaviy uslub va ilg‘or tajribalarni o‘rganmoqda
O'zbekiston yangiliklari