Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عُبَيْدِ اللهِ بْنِ الْوَلِيدِ الْوَصَّافِيِّ قَالَ: سَمِعْتُ عَطَاءً يَقُولُ فِيهَا: لَا تَرْفَعْ يَدَكَ عَلَيْهِمَا.
Ubaydulloh ibn Valid Vassofiydan rivoyat qilinadi:
«Atoning o‘sha oyat haqida «Ikkovlariga qo‘l ko‘tarma», deganini eshitdim».
Sharh: Bu rivoyatda Alloh taoloning «Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat», degan oyati haqida so‘z bormoqda.
Bizda «qo‘l ko‘tarish» degan birikma «urish» ma’nosida ishlatiladi. Ammo bu rivoyatda mazkur salbiy ma’no emas, gaplashayotganda ishora uchun qo‘lni ko‘tarmaslik ko‘zda tutilgan. Shuning uchun ham imom Jaloliddin Suyutiyning «Durrul Mansur» nomli tafsirida ushbu rivoyatga «qachon ikkovlari bilan gaplashsang» degan qo‘shimcha ziyoda qilingan ekan.
Qarang, ota-onaning hurmati qanchalar ulug‘! Ular bilan gaplashayotgan farzand ishora, ta’kid yoki boshqa maqsad bilan ham qo‘lini ko‘tarmasligi kerak. Bundan shunga o‘xshash beodoblik yoki ota-onaga nisbatan qo‘pollikka o‘xshab ko‘rinadigan boshqa xatti-harakatlar ham durust emasligi kelib chiqadi.
عَنْ عُرْوَةَ قَالَ: مَا بَرَّ وَالِدَهُ مَنْ شَدَّ. قَالَ عَبْدُ اللهِ: الطَّرْفَ إِلَيْهِ. وَقَالَ عَبْدُ الرَّحْمَنِ: الْبَصَرَ إِلَيْهِ.
Urvadan rivoyat qilinadi:
«O‘zini tuqqan insonga o‘qraygan yaxshilik qilgan bo‘lmaydi. Abdulloh: «Ko‘z qiri bilan», dedi. Abdurrahmon: «Nazari bilan», dedi».
Sharh: Kim ota-onasiga o‘qrayib qaragan bo‘lsa, u odamni «ota-onasiga yaxshilik qiladigan odam», deb aytib bo‘lmaydi.
Demak, farzand ota-onasiga qarashda ham ehtiyot bo‘lishi kerak ekan. Ehtiyotsizlik qilib, noto‘g‘ri nazar solib qo‘ymasin, beodoblik bilan qarab qo‘ymasin. Bu, ota-onasi oldida farzandning yuzida, ko‘zida hech qanday norozilik alomatlari sezilmasin yoki gaplari yoqmay turgan bo‘lsa ham, buni bildirib qo‘ymasin, degan ma’noni anglatadi.
Hayotda har xil holatlar bo‘ladi. Ko‘pincha farzandlar hayotiy tajribalari kamligi tufayli ota-onalarining ba’zi xatti-harakatlarini, gap-so‘zlarini, qattiqroq aytilgan nasihatlarini to‘g‘ri qabul qila olmay xunob bo‘ladilar. Ba’zan ishlaridagi, turli odamlar bilan muloqotdagi nohaqliklardan ko‘ngli siqilgan anchagina iymonli farzandlarga ham ota-onalarining sabr va taqvoga undovchi pand-nasihatlari malol kelib qolishi mumkin. Ana shunday paytlarda bu farzandlarga ota-onalari oldida ko‘zlarini yerdan uzmagan holatda turish tavsiya etiladi. Chunki yuqoridagi hadis ham gap to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘qrayib qarash to‘g‘risida ketayotgani yo‘q. Ko‘z qiri bilan o‘qrayish haqida ketmoqda, nazar bilan o‘qrayish haqida ketmoqda. Bu ikki holatga ruxsat bo‘lmagandan keyin boshqalarini har kim o‘zi tushunib olaversin.
عَنِ الْمُؤَمِّلِ قَالَ: حَدَّثَنَا سُفْيَانُ، بِهَذَا الْإِسْنَادِ، نَحْوَهُ.
Muammildan rivoyat qilinadi:
«Bizga Sufyon ushbu sanad ila shunga o‘xshashni aytib berdi».
Sharh: Bu rivoyat ham xuddi yuqoridagi hadisga o‘xshar ekan. Demak, bu bir marta aytilgan gap emas. Ushbu ma’no boshqa roviylar tarafidan ham zikr qilingan va ta’kidlangan. Bu musulmonlarning ichida keng tarqalgan ma’nolardan ekanini bildirish uchun imom Marvaziy rahmatullohi alayhi yana bir bor rivoyat qilgan.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati