Shu kunlarda Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Pastdarg‘om tumani “Imom ota” jome masjidi hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tadbir tashkil qilindi.
Tadbir davomida masjid hududidagi bo‘sh yer maydoniga 200 tub manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Unga mahalla mas’ullari va 100 dan ziyod masjid jamoasi o‘z hissasini qo‘shdilar. Daraxt ekish ishlari yakuniga yetganidan so‘ng, ushbu boqqa “Ramazon tuhfasi” nomi berildi.
Bundan tashqari, Samarqand shahar “Afrosiyob” yonbag‘rida “Meros Farm” korxonasi homiyligida 1000 tub gilos daraxti ko‘chatlarini ekish ishlarini boshlab berdilar.
Kunning ikkinchi yarmida Payariq tumanida tashkil qilingan “Imom Buxoriy avlodlari” bog‘ida ham mazkur yo‘nalishdagi hasharlar tashkil qilindi. Ushbu tadbir davomida mazkur boqqa 50 tub daraxt ko‘chatlari ekildi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi doirasida ulug‘ mutafakkir, tasavvuf olimi Sayyid Yahyo Bokuviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi.
Ushbu nufuzli tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti, Butunjahon musulmon donishmandlar kengashi, IRCICA, ICESCO, Al-Azhar ulamolar kengashi vakillari hamda yetuk sharqshunos va islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ma’ruza qildilar.
Muftiy hazratlari Sayyid Yahyo Bokuviyning tasavvuf tarixidagi maqomi va uning ta’limoti haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, nutqda alloma nafaqat tasavvuf, balki diniy ilmlar, tabiiy va aniq fanlarni egallagan qomusiy olim bo‘lgani, o‘ttizga yaqin asarlari inson nafsini tarbiyalashda muhim qo‘llanma ekani ta’kidlandi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karim va hadisi shariflarga tayangan holda qalb salomatligi va pokligi inson hayotining bosh mezoni ekanini bayon etib, turkiy xalqlarni bog‘lab turgan umumma’naviy ildizlarga alohida urg‘u berdilar:
«Hazrat Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband va Sayyid Yahyo Bokuviy kabi buyuk zotlar ilgari surgan nafs tarbiyasi, insonparvarlik va yuksak axloq g‘oyalari bugun ham qardosh xalqlarimizni birlashtirib turuvchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Bunday ulug‘ siymolar merosini hamkorlikda o‘rganish xalqlarimizning ma’naviy birligini mustahkamlash va yoshlarimizni sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi».
Uch kunlik anjuman davomida O‘zbekiston ilmiy jamoatchiligi ham ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati