Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Mo‘minning ikki qanoti

29.10.2024   9992   3 min.
Mo‘minning ikki qanoti

Iymon qushining qanotlari qo‘rquv va rajodir. Qurquv deyilganda, Allohdan qo‘rqish anglanadi. Allohdan ko‘rqish deganda esa, hayotimizning har lahzasini U Zotning nazorati ostida o‘tkazish hamda Allohning qahhor va mutlaq hokim Zot ekanini aslo unutmaslik tushuniladi. Zero, buning oqibatida jahannam azobi va jannatdan mahrumlik iztirobi yotadi. 

Rajo deganda, Allohning rahmatidan umidvor bo‘lish tushuniladi. Zotan, Allohning fazlu karami hamda rahmatiga ko‘z tikib ibodat qilish natijasida Allohning roziligini topib, jahannam azobidan qutulish va jannatga erishish tuyg‘usi yotadi. Chunki Alloh taolo bandalariga mehribon Zotdir.

Mo‘min uchun qo‘rquv va rajo, xuddi qushning ikki qanoti singaridir. Qanotlar parrandaning parvozini hosil qiladigan asosiy vositadir. Zero, qush shu ikki parsiz yoki uning birisiz ucholmaydi, balki muvozanat saqlangandagina yengil uchadi. Demak, qushning parvoz qilishi uchun qanotlar qanchalik ahamiyat kasb etsa, mo‘minning saodatga erishishi uchun xavf va rajo shunchalik muhimdir. Naqshbandiya tariqatining buyuk shayxlaridan hazrat Amir Kulol qaddasallohu sirrah xavfu rajo haqida bunday deganlar:

 

Murg‘i imonro du par: xavfu rajost,

Murg‘i beparro paridan xatost.

Mazmuni: “Iymon qushida ikki qanot bor: xavf va rajo. Zero, qanotsiz qush uchishga yaramaydi”.

Ha, qanotsiz qush ham, qanotlaridan biri shikastlangan yoki singan parranda ham ucholmasligi aniq.

Mo‘min kishining qurquv va rajo o‘rtasida yashashi shariat tarozisining muvozanatli ikki pallasidir. Alloh taolodan qo‘rqish va U Zotning fazlu karamidan umid qilish, har bir musulmonning eng birinchi vazifasi hisoblanadi. Zero, xavf va rajosi bo‘lmagan kishining e’tiqodiga putur yetadi. Chunki inson qo‘rquv orqali gunohdan o‘zini saqlaydi. Natijada, qalbida Allohga muhabbat hosil bo‘ladi. Bu muhabbat uni Allohning fazlu karamidan umid qilishga undaydi. Bu esa, bandaning ibodatlarga havasi va rag‘bati ortishiga sababdir.

Mo‘min kishi umidsiz qo‘rquvga va qo‘rquvsiz umidga tushmasligi, balki shu ikkisi orasida hayot kechirishi lozim. Mabodo bulardan biri yo‘qolsa, inson yo ortiqcha umidsizlikka tushadi, yoki qo‘rquvni unutadi. Buning oqibati esa, ayanchlidir. Shu bois, mo‘min Allohdan qo‘rqib gunohlardan qochishi va U Zotdan umid qilib savobli ishlarni bajarishi lozim. Zotan, qo‘rquv va umid orqali imonimiz quvvatlanadi, e’tiqodimiz to‘g‘ri shakllanadi.

Qurquv va umidi bor kishining imoni mustahkam bo‘ladi. Zero, ular bir-birini to‘ldiradi. Allohning qahridan qo‘rqmay rahmatidan umid qilish beparvolik va g‘ururni yuzaga keltiradi. Shuning uchun, rajoda qo‘rquv bo‘lishi lozim. Zero, qo‘rquvsiz rajo Allohning rahmatidan noumid bo‘lishga sababdir. Qo‘rquvdan rahmat, ilm va rizo hosil bo‘ladi. Zero, Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar:

رأس الحكمة مخافة الله

“Hikmatning boshi Allohdan qo‘rqishdir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Alloh taolo barchamizni imonda, Islomda sobitqadam qilib, doimo xavf va rajo o‘rtasida hayot kechirishimizni nasib aylasin. Omin!

Tolibjon QODIROV 
 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Kyiv Diplomatic”: Qadimiy Buxoro shahri yangi renessans va madaniy tiklanish bosqichini boshdan kechirmoqda

05.08.2026   48800   1 min.
“Kyiv Diplomatic”: Qadimiy Buxoro shahri yangi renessans va madaniy tiklanish bosqichini boshdan kechirmoqda

Ukrainaning “Kyiv Diplomatic” jurnali veb-saytida qadimiy Buxoro shahrining zamonaviy madaniy va sayyohlik rivojlanishiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Jurnal yozishicha, AQSHning "The New York Times" nufuzli gazetasi O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri - Buxoroga bag‘ishlangan maqola chop etgan. Gazetada Buxoro ming yildan ziyod vaqt davomida Sharq va G‘arbni bog‘lagan Buyuk ipak yo‘lining eng muhim markazlaridan biri bo‘lgani ta’kidlangan.

Jumladan, Ark qal’asi, maqbaralar, madrasalar va moviy gumbazli masjidlardan iborat boy me’moriy merosga alohida e’tibor qaratilib, ularning ko‘pchiligi YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani qayd etilgan.

Jurnalda ta’kidlanishicha, bugungi kunda Buxoro xalqaro madaniy markaz sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda. O‘tgan yili ushbu shaharda o‘tkazilgan zamonaviy san’at biyennalesi, infratuzilmaning rivojlanishi, yangi mehmonxona va restoranlarning ochilishi xorijiy sayyohlar oqimining ortishiga xizmat qilmoqda.

“Kyiv Diplomatic” nashri mintaqaning boy gastronomiyasi, xususan, mashhur Buxoro oshi (osh sofi) va azaliy an’analarni o‘zida mujassam etgan hunarmandchilik mahsulotlari — so‘zana, sopol buyumlar va qo‘l mehnati bilan tayyorlangan qaychilarni alohida e’tirof etgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari