Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448
Maqolalar

Muammoning nozik nuqtasi

29.10.2024   11666   5 min.
Muammoning nozik nuqtasi

Shunday illat borki, u qotillik, zino, o‘g‘irlik kabi razilliklarning kalitidir. U na din biladi, na millat. Har qanday jamiyatni yemirib, erkagu ayol, yoshu qarini birdek domiga tortib, ikki dunyosini kuydiradi. Uning kasriga bolalar yetimu majruh, oilalar parokanda, farzandlar oqpadar, yoshlar bevaqt hayotdan ko‘z yumadi. Unga asr vabosi deya ta’rif berilishi ham bejiz emas. 
 

Birlashgan millatlar tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda giyohvand moddalar iste’mol qiluvchilar soni tobora ortmoqda. Xususan, o‘tgan yili dunyo bo‘ylab 15-64 yoshgacha bo‘lgan aholining qariyb 5,5 foizi  ilk bor giyohvand modda iste’mol qilgan bo‘lsa, 36 yarim million kishi  giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan. 2030 yilga borib, dunyo bo‘yicha zaqqum iste’molchilari 11 foizga oshishi taxmin qilinmoqda. Afsuski, bu borada respublikamizda ham holat qoniqarli emas.


Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent shahar filiali ma’lumotlariga ko‘ra, giyohvand modda iste’mol qiluvchilar 2019 yilda salkam uch  2020 yilda esa to‘rt foizga yaqinlashgan. Raqamlarning bunday o‘sishi tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarining ham sezilarli ulushi bor. Afsuski, keyingi paytda bu dori vositalariga ruju qo‘yish holatlari ham borgan sari ko‘paymoqda. 


Achinarlisi, ularning aksariyatini yoshlar tashkil etmoqda. Boisi, ularning qiziquvchan, yangilikka o‘ch va irodasizligidir. Bu esa zahri qotil ta’siriga tushish uchun yetarli omil bo‘lmoqda.


Agar biror kashandadan chekishni qachon boshlaganini so‘rasangiz aksariyati yoshligida qiziqib tamaki chekkanini, keyin bunga o‘rganib qolganini ta’kidlaydi. Giyohvandlik ham ana shu oddiy qiziqishdan boshlanib keyinchalik yomon oqibatlar bilan yakunlanadi. Buni bila turib amal qilmaydiganlar oramizda topiladi. Buning hayotiy misollarini yon-atrofimizda, ayrim mahallayu qishloqlarda  uchratish mumkin.


Yaqinda mahallamiz maktabi yonidan o‘tarkanman, bir burchakda yashirincha tamaki tutayotgan o‘smirlarga ko‘zim tushib, maktab chog‘larim yodimga keldi...


Sinfimizda ham uch-to‘rt nafar sigareta chekuvchi bolalar bo‘lardi. Ularning yoshlikdagi qiziqishi yillar o‘tib odatga, keyinchalik illatga aylandi. Ya’ni yashirincha sigareta chekkan, aroqqa mehr qo‘ygan yigitlar yillar o‘tib o‘tkir ta’sir qiluvchi moddalarni tatib ko‘rishdi. Natijada taqdir yo‘llarida ko‘p bor adashdi, yiqildi, na oila, na vatan qildi. Dunyodan hech vaqo ko‘rmay o‘tib ketganlari ham bor. 


Albatta, hech kim farzandini giyohvand bo‘lishini istamaydi. Biroq bunga ruju qo‘yayotganlar qayerdan paydo bo‘lyapti? 


Buning sabablari  o‘rganilganda, avvalo, insonlarning ruhiyatidagi salbiy kechinmalar va genetik moyilliklar omil bo‘layotgani aniqlangan. Xususan, muammolar va qiyinchilikdan qochish, farzandga bee’tiborlik, bolani haddan ortiq erkalash, ichki kechinmalar, qiziquvchanlik, o‘z hayotidan qoniqmaslik, turli nizolar, yolg‘izlik kabi omillar giyohvandlikka turtki berarkan. Shu bilan birga, bu illat bolaga ota-onadan qon orqali o‘tishi ham tadqiqotchilar tomonidan isbotlangan. E’tiborlisi, mazkur sabablarning aksari ota-ona va oilaviy muhitga borib taqaladi.


Demak, muammoning nozik nuqtasi oiladir. Giyohvandlik illatining oldini olish uchun oilalarni, ota-onalarni isloh qilish shart. Ularni isloh qilishning birdan-bir yo‘li islomdir. Muqaddas dinimiz kishini odob-axloqqa, halollikka chaqiradi, xaromdan tiyiltiradi. Eng asosiysi, farzandni barkamol bo‘lib voyaga yetishiga, turli illatlardan xoli bo‘lishiga asos bo‘ladi. Ayniqsa, inson sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etuvchi yeguligu ichimliklar iste’mol qilishni man etadi.


Bu borada Qur’on karimda bunday deyiladi: “Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz va shaytonning izlaridan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi 168-oyat) deyilgan.


Shuningdek, Moida surasida: «Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko‘rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to‘sishni xohlaydi» (91-oyat) deya marhamat qilinadi. Oyati karimada xamr, ya’ni mast qiluvchi narsalar bilan yomonliklar, shaytoniy qilmishlar ortishi ta’kidlanmoqda. Shu bois turli jirkanch jinoyat ishlariga nazar tashlasangiz, ko‘pincha uni giyohvand modda ta’sirida amalga oshirilganining guvohi bo‘lasiz. Demak, zaqqum iste’mol qilish butkul shayton izmiga bo‘ysunish va ikki dunyoni kuydirish bilan barobardir.


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Ummu Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam har bir mast qiluvchi va bo‘shashtiruvchidan qaytardilar» (Imom Abu Dovud rivoyati) deyilgan.


Demak, inson salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi har qanday yeguligu ichimlikdan tiyilmoq kerak. Afsuski, sarxush qiluvchi narsalarni bir tatib ko‘rgan kishi nafsini boshqara olmay, yana iste’mol qilgisi keladi. O‘zida unga qarshi kuch, iroda topa olmaydi. Unga qaram bo‘lmaslikning eng yaxshi yo‘li esa umuman og‘izga olmaslikdir. Buning uchun esa farzandarimizni imon-e’tiqodli qilib tarbiyalash, xarom-halolni chuqurroq anglatish kerak. Shundagina ular nomaqul ishlarga ham qo‘l urmaydilar.


Bir so‘z bilan aytganda, dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilib yashasak, nafaqat o‘zimizni balki farzandlarimizni ham turli balolaru zahri qotillardan asragan bo‘lamiz. Eng asosiysi, zurriyotlarimiz jinoyatchi, giyohvandlar emas, balki orqamizdan duo qilguvchi solih insonlar bo‘lishi tayin.

Bobur MUHAMMADIYEV

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

16.09.2026   12312   1 min.
Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasida aholi bilan muloqot tizimini takomillashtirish va murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan mutaxassislar bevosita hamda masofaviy tarzda ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov kirish so‘zi bilan ochib, fuqarolarning murojaatlariga yuksak hurmat bilan qarash va ularning dardiga oqilona yechim topish har bir rahbar hamda xodimning nafaqat vazifasi, balki oliy insoniy burchi ekanini alohida ta’kidladi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasining mas’ul vakillari – Davlat tashkilotlari tomonidan murojaatlar ko‘rib chiqilishini nazorat qilish sho‘basi bosh inspektori Saidakmal Xodjayev hamda sho‘ba yetakchi inspektori Rashid Kurganov ishtirok etib, tizimdagi holatni qonunchilik talablari asosida atroflicha tahlil qilib berdilar.

Soha mas’ul mutaxassislari tomonidan ayni yo‘nalishdagi Prezident Farmoni ijrosi doirasida murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonuniylik va tezkorlikni ta’minlash, jarayon shaffofligini oshirish hamda murojaatlarni nazoratdan olishning mexanizmlarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Ochiq muloqot ruhida o‘tgan mazkur tadbir tizim xodimlarining murojaatlar bilan ishlash madaniyati va huquqiy savodxonligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Amaliy tahlillarga boy bo‘lgan ushbu seminar fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilish hamda xalqimizning diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash yo‘lidagi muhim va tizimli qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi Xalq qabulxonasi vakillari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari