Shunday illat borki, u qotillik, zino, o‘g‘irlik kabi razilliklarning kalitidir. U na din biladi, na millat. Har qanday jamiyatni yemirib, erkagu ayol, yoshu qarini birdek domiga tortib, ikki dunyosini kuydiradi. Uning kasriga bolalar yetimu majruh, oilalar parokanda, farzandlar oqpadar, yoshlar bevaqt hayotdan ko‘z yumadi. Unga asr vabosi deya ta’rif berilishi ham bejiz emas.
Birlashgan millatlar tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda giyohvand moddalar iste’mol qiluvchilar soni tobora ortmoqda. Xususan, o‘tgan yili dunyo bo‘ylab 15-64 yoshgacha bo‘lgan aholining qariyb 5,5 foizi ilk bor giyohvand modda iste’mol qilgan bo‘lsa, 36 yarim million kishi giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan. 2030 yilga borib, dunyo bo‘yicha zaqqum iste’molchilari 11 foizga oshishi taxmin qilinmoqda. Afsuski, bu borada respublikamizda ham holat qoniqarli emas.
Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent shahar filiali ma’lumotlariga ko‘ra, giyohvand modda iste’mol qiluvchilar 2019 yilda salkam uch 2020 yilda esa to‘rt foizga yaqinlashgan. Raqamlarning bunday o‘sishi tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarining ham sezilarli ulushi bor. Afsuski, keyingi paytda bu dori vositalariga ruju qo‘yish holatlari ham borgan sari ko‘paymoqda.
Achinarlisi, ularning aksariyatini yoshlar tashkil etmoqda. Boisi, ularning qiziquvchan, yangilikka o‘ch va irodasizligidir. Bu esa zahri qotil ta’siriga tushish uchun yetarli omil bo‘lmoqda.
Agar biror kashandadan chekishni qachon boshlaganini so‘rasangiz aksariyati yoshligida qiziqib tamaki chekkanini, keyin bunga o‘rganib qolganini ta’kidlaydi. Giyohvandlik ham ana shu oddiy qiziqishdan boshlanib keyinchalik yomon oqibatlar bilan yakunlanadi. Buni bila turib amal qilmaydiganlar oramizda topiladi. Buning hayotiy misollarini yon-atrofimizda, ayrim mahallayu qishloqlarda uchratish mumkin.
Yaqinda mahallamiz maktabi yonidan o‘tarkanman, bir burchakda yashirincha tamaki tutayotgan o‘smirlarga ko‘zim tushib, maktab chog‘larim yodimga keldi...
Sinfimizda ham uch-to‘rt nafar sigareta chekuvchi bolalar bo‘lardi. Ularning yoshlikdagi qiziqishi yillar o‘tib odatga, keyinchalik illatga aylandi. Ya’ni yashirincha sigareta chekkan, aroqqa mehr qo‘ygan yigitlar yillar o‘tib o‘tkir ta’sir qiluvchi moddalarni tatib ko‘rishdi. Natijada taqdir yo‘llarida ko‘p bor adashdi, yiqildi, na oila, na vatan qildi. Dunyodan hech vaqo ko‘rmay o‘tib ketganlari ham bor.
Albatta, hech kim farzandini giyohvand bo‘lishini istamaydi. Biroq bunga ruju qo‘yayotganlar qayerdan paydo bo‘lyapti?
Buning sabablari o‘rganilganda, avvalo, insonlarning ruhiyatidagi salbiy kechinmalar va genetik moyilliklar omil bo‘layotgani aniqlangan. Xususan, muammolar va qiyinchilikdan qochish, farzandga bee’tiborlik, bolani haddan ortiq erkalash, ichki kechinmalar, qiziquvchanlik, o‘z hayotidan qoniqmaslik, turli nizolar, yolg‘izlik kabi omillar giyohvandlikka turtki berarkan. Shu bilan birga, bu illat bolaga ota-onadan qon orqali o‘tishi ham tadqiqotchilar tomonidan isbotlangan. E’tiborlisi, mazkur sabablarning aksari ota-ona va oilaviy muhitga borib taqaladi.
Demak, muammoning nozik nuqtasi oiladir. Giyohvandlik illatining oldini olish uchun oilalarni, ota-onalarni isloh qilish shart. Ularni isloh qilishning birdan-bir yo‘li islomdir. Muqaddas dinimiz kishini odob-axloqqa, halollikka chaqiradi, xaromdan tiyiltiradi. Eng asosiysi, farzandni barkamol bo‘lib voyaga yetishiga, turli illatlardan xoli bo‘lishiga asos bo‘ladi. Ayniqsa, inson sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etuvchi yeguligu ichimliklar iste’mol qilishni man etadi.
Bu borada Qur’on karimda bunday deyiladi: “Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz va shaytonning izlaridan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi 168-oyat) deyilgan.
Shuningdek, Moida surasida: «Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko‘rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to‘sishni xohlaydi» (91-oyat) deya marhamat qilinadi. Oyati karimada xamr, ya’ni mast qiluvchi narsalar bilan yomonliklar, shaytoniy qilmishlar ortishi ta’kidlanmoqda. Shu bois turli jirkanch jinoyat ishlariga nazar tashlasangiz, ko‘pincha uni giyohvand modda ta’sirida amalga oshirilganining guvohi bo‘lasiz. Demak, zaqqum iste’mol qilish butkul shayton izmiga bo‘ysunish va ikki dunyoni kuydirish bilan barobardir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Ummu Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam har bir mast qiluvchi va bo‘shashtiruvchidan qaytardilar» (Imom Abu Dovud rivoyati) deyilgan.
Demak, inson salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi har qanday yeguligu ichimlikdan tiyilmoq kerak. Afsuski, sarxush qiluvchi narsalarni bir tatib ko‘rgan kishi nafsini boshqara olmay, yana iste’mol qilgisi keladi. O‘zida unga qarshi kuch, iroda topa olmaydi. Unga qaram bo‘lmaslikning eng yaxshi yo‘li esa umuman og‘izga olmaslikdir. Buning uchun esa farzandarimizni imon-e’tiqodli qilib tarbiyalash, xarom-halolni chuqurroq anglatish kerak. Shundagina ular nomaqul ishlarga ham qo‘l urmaydilar.
Bir so‘z bilan aytganda, dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilib yashasak, nafaqat o‘zimizni balki farzandlarimizni ham turli balolaru zahri qotillardan asragan bo‘lamiz. Eng asosiysi, zurriyotlarimiz jinoyatchi, giyohvandlar emas, balki orqamizdan duo qilguvchi solih insonlar bo‘lishi tayin.
Bobur MUHAMMADIYEV
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati