Professor Jeki Ying kim?
Tayvandlik olima ayol professor Jeki Ying nanotexnologiyaga ixtisoslashgan Singapur instituti asoschisi sanaladi. Bioinjeneriya va nanotexnologiya sohasida eng mashhur ayollardan biri hisoblanadi. Nanotexnologiya rivojiga ulkan hissa qo‘shgan.
Professor Jeki Ying bir necha yillardan beri biologik tadqiqotlar olib borishi natijasida Qur’oni karimdagi bir oyatdan qattiq ta’sirlanadi….
Dunyoga nima uchun kelganmiz?
Olima Jeki Ying aytadi: “Taxminan 10-11 yoshimda hayotning haqiqati haqida ko‘p o‘ylardim. Dunyoga nima uchun kelganimiz to‘g‘risida o‘zimga tinmay savollar berardim. Keyinchalik Islomni o‘rgana boshladim...”.
...nasroniy oilada tug‘ilgan...
Jeki Ying 1966 yilda Tayvanda nasroniy oilada tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limni Singapurda olgan. 15 yoshida oilasi bilan Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tishdi va u yerda o‘qishni davom ettirdi. Nyu-Yorkdagi Kupertino universitetining muhandislik sohasi bo‘yicha bakalavr darajasini oldi, keyin Nyu-Jersidagi Prinston universitetida magistratura bosqichini yakunladi. Ushbu universitetning Kimyoviy muhandislik mutaxassisligining PhD doktorlik unvonini qo‘lga kiritdi.
Shundan so‘ng, AQSHdagi eng nufuzli va mashhur Massachusets texnologiya institutida dars berishni boshladi.
Ilohiy maqsad bor
Jeki Ying turli millat va madaniyatlarga duch kelishi uni dinga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otdi. Insonlarda ilohiy maqsad borligini aniqlash uchun ko‘p vaqtini turli diniy manbalarni solishtirish bilan o‘tkazdi.
Kunlarning birida u Qur’oni karimdagi ushbu oyatni o‘qidi: “Kufr keltirganlar osmonlaru yer bitishgan bo‘lgan ekanini, bas, Biz ularni ochganimizni va suvdan har bir tirik narsani qilganimizni bilmaslarmi? Iymon keltirmaslarmi?” (Anbiyo surasi, 30-oyat).
Ushbu oyat uning e’tiborini tortdi va u bunday aniq haqiqat zamonaviy ilm rviojlanmagan, turli asbob-uskunalar mavjuda bo‘lmagan VII asrda qanday paydo bo‘lgani haqida bilish uni Islomni chuqur o‘rganishga boshladi.
har bir tirik narsa – suvdan
Zamonaviy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki ba’zi organizmlarning tana vaznining 90% gacha, kattalar tanasining 60% foizini suv tashkil qiladi.
1945 yil tadqiqotchi Mishel tomonidan miya va yurakning 73%, inson o‘pkasi 83%, teri 64%, mushak va buyraklar 79% va suyaklar 31% suvdan iborat ekanini aniqlagan. Bu ma’lumotlar tirik mavjudotlar uchun suvning ahamiyatini tasdiqlaydi.
yagona yaratuvchi – Alloh taolo
Professor Jeki Ying Qur’ondagi haqiqatlar faqatgina yagona yaratuvchi Alloh taolo tomonidan bayon etilishi mumkinligini xulosa qilgan va 35 yoshida Islom dinini qabul qildi. Uning fikricha iymon yangi tadqiqotlarni kashf etishda muhim o‘rin tutadi.
“Agar atrof-muhit, hech bo‘lmaganda o‘zimiz haqimizda biroz tafakkur yuritsak juda ko‘plab mo‘jizalarni ko‘rishimiz mumkin. Ularning hech biri o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan”, deydi professor olima Jeki Ying.
Davron NURMUHAMMAD
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati