O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ko‘p yillar diniy-ma’rifiy sohada fidokorona xizmat qilgan taniqli ulamo Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov tavalludining 100 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan «Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ulamo xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Tadbir doirasida Yusufxon to‘ra hazratlarining yaqinlari va hamkasblari ishtirokida mazmunli davra suhbati tashkil etildi. Unda ulamoning qizlari — Rokiyaxon Hasanboyeva, Adibaxon Nishonova, Kifoyaxon Uzoqova, kelini Muazzamposhsha Shokirova hamda hamkasbi Zarifa Qosimova ishtirok etdilar.
Suhbat davomida talaba qizlarga Shayx hazratlarining Diniy boshqarmadagi ko‘p yillik samarali mehnati, ota sifatida farzandlariga ko‘rsatgan mehri, ayol-qizlarning ilm olishiga bo‘lgan yuksak e’tibori va zamon talablariga mos tarbiya berishdagi qat’iyati kabi fazilatlari haqida so‘zlab berildi.
«Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov nafaqat yirik olim, balki qizlarining jamiyatda o‘z o‘rnini topishi va ilmli bo‘lishiga katta ahamiyat bergan fazilatli ota edilar», — deya ta’kidladilar.
Tadbirlar doirasida ustoz va talabalar tomonidan alohida tayyorgarlik ko‘rilib, eumladan, Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov hayoti va faoliyatiga oid maxsus videorolik, infografikalar va taqdimot materiallari namoyish etildi.
Bu kabi tadbirlar kelajakda diniy va zamonaviy ilmlarni puxta egallashga intilayotgan talaba qizlar uchun yuksak ibrat va ma’naviy ozuqa bo‘lib xizmat qiladi.
Z. Komiljonova,
«Xadichai Kubro» ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar
bo‘yicha direktor o‘rinbosari