Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

Musibat - Allohning rahmatimi yoki azobi?

31.10.2024   9011   3 min.
Musibat - Allohning rahmatimi yoki azobi?

Alloh taoloning rahmati keng, Uning mag‘firat eshiklari biz uchun hamisha ochiq. Mo‘min-musulmonlar besh mahal namozning har bir rakatida “Fotiha” surasining: «(U) Mehribon, Rahmli» oyatini tilovat qilganda, bir kunda 64 marotaba Allohning Mehribon va Rahmli ekanligini zikr qiladilar.

Qur’oni karimda “rahmat” va unga bog‘liq bo‘lgan 315 dan ortiq so‘zlar uchraydi. Rostgo‘ylik – 145 marta, sabr – 90 marta, afv – 43 marta, sahiylik – 42 marta, to‘g‘rilik – 40 marta, sodiqlik – 29 marta, odillik – 24 marta, beozorlik – 15 marta zikr etilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning yuzta rahmati bordir. Ulardan bittasini jin, ins, hayvonot va hasharotlar orasiga nozil qilgandir. Bas, o‘sha ila ular bir-birlariga mehr va rahm ko‘rsatadilar. O‘sha ila vahshiy hayvon o‘z bolasiga mehr ko‘rsatadi. Alloh to‘qson to‘qqizta rahmatini keyinga qo‘ygan. Ular ila qiyomat kuni bandalariga rahmat ko‘rsatadi, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh xaloyiqni xalq qilganda O‘z Kitobiga “Albatta rahmatim azobimdan g‘olib keladir”, deb yozib qo‘ydi», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Shunday ekan, agar duoingiz qabul bo‘lmasa mahzun bo‘lmang. Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Bir musulmon gunoh qilmay, silai rahmni uzmay turib duo qilsa, albatta, unga uch narsadan birini beradi. Yo so‘ragan narsasini tezda beradi. Yoki uning mukofotini oxiratga olib qo‘yadi. Yoxud unga teng yomonlikni undan daf qiladi", dedilar. Sahobalar roziyallohu anhum: "Undoq bo‘lsa, ko‘paytirilar ekan-da?" deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Alloh ko‘paytiruvchiroq”, dedilar.

 

Agar kasal bo‘lsangiz yoki biror ko‘ngilsizlikka duchor bo‘lsangiz, bu Allohning sizga g‘azab qilgani yoki jazolaganini bildirmaydi, balki bu ham rahmatdir. Zero, musibat orqali Alloh taolo bandalarini sinab, O‘ziga yaqin qiladi va gunohlarini mag‘firat etadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonga qay bir musibat: charchashmi, bemorlikmi, tashvishmi, xafachilikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki tikan kirishmi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

 

Agar boshingizga biror musibat tushsa, bu Allohning sizga yomonlikni istashi emas, bu ham rahmat. Bu bilan Alloh sizga o‘zining yaxshi ko‘rgan bandalaridan biri bo‘lish imkonini bergan bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Yaxshiliklar katta sinovlar bilan keladi. Qachonki Alloh bir bandasini yaxshi ko‘rsa, Alloh o‘sha bandaga bir sinovni yuboradi. Agar banda sinovga sabr qilsa, Allohning rahmatiga erishadi, ammo sabrsizlik qilsa Uning g‘azabiga duchor bo‘ladi”.

Agar biror savobli amal qilsangiz ham buni Allohning fazli va rahmati ila ado etganingizni unutmang. Lekin gunoh ish sodir etsangiz darhol tavba qilib, Allohga istig‘for ayting. Zero, “Albatta, Alloh odamlarga nisbatan mehribon va rahmlidir(Baqara surasi, 143-oyat.)

Davron NURMUHAMMAD

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Makkada Qur’oni karim bo‘yicha xalqaro musobaqa boshlandi

07.08.2026   29190   1 min.
Makkada Qur’oni karim bo‘yicha xalqaro musobaqa boshlandi

Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.

IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.

Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.

Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."

Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.

Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:

Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari