Alloh taolo insoniyatni ozodalikka, jismu imoni, uy-joyi – Vatanini pok tutishga, bog‘u rog‘lar o‘stiruvchi va Yer yuzini obod qiluvchilardan bo‘lishga chaqiradi.
Yuqoridagi chaqiriqqa monand, ayni kunlarda O‘MI Buxoro viloyati vakili Jobir domla Elov boshchiligida viloyatimizdagi barcha masjid, madrasa va ziyoratgohlarda yashil makonlarni ko‘paytirish ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilib, din peshvolari tomonidan hududlarda yashil maydonlar barpo etilmoqda.
Zero, hadis shariflarda: “Albatta, farishtalar ekin yoki ko‘chat ekuvchining haqqiga, modomiki, ekkan narsasi ko‘karib turarkan, istig‘for aytib turishadi”, - deyiladi.
Yaratgan Zot bu hayrli ishlarni bardavom va barokatli qilsin!
O‘MI Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Istanbul shahrining Arnautko‘y tumanida joylashgan “Kolyon Xolding” qurilish kompaniyasida faoliyat yuritayotgan 150 nafarga yaqin o‘zbekistonlik ishchi-xizmatchilar bilan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Xizmat safari bilan Turkiyada bo‘lib turgan Namangan viloyat bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikramov va Qarshi shahridagi “Aralovul” jome masjidi imom-xatibi Odiljon domla Jabborov yurtdoshlarimiz bilan «Islomda odob va axloq» hamda «Vatanga muhabbat» mavzularida samimiy suhbat qurdi.
Muloqot chog‘ida islom dinida go‘zal xulq, kattalarga hurmat, halol mehnat va mehr-oqibat kabi ezgu fazilatlarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, musofir yurtda yurgan vatandoshlar uchun yurt sha’nini munosib saqlash, qonun-qoidalarga qat’iy amal qilish hamda Vatan qadrini teran anglash lozimligi ta’kidlandi.
Samimiy ruhda kechgan tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati