Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

E'tikof va uning fazilatlari

01.04.2024   4862   8 min.
E'tikof va uning fazilatlari

Ma'lumki, inson ijtimoiy mavjudot. U hayoti davomida muayyan jamiyat a'zosi bo'lishi va o'zaro alaoqalarda faol bo'lishi uning tabiati va fitratiga mos. Lekin ushbu faoliyati uning o'zligini anglashi va Robbisini tanishi hamda Unga nisbatan bandachilik qilishidan to'sib qo'ymasligi darkor. Shuning uchun ham musulmon inson vaqti-vaqti bilan qilgan ishlarini sarhisob qilishi uning ruhiy tarbiyasi, qalb musaffoligi va imonining mustahkamligi uchun zarur omil hisoblanadi. ana shu ma'nolar yuzasidan Islom shariatida “e'tikof” deb nomlanuvchi ulkan savoblarga ega bo'lgan amal joriy qilingan.

“E'tikof” lug'atda bir narsani ushlab turish va bir joyda turish ma'nolarini ifodalaydi. Shar'iy istilohda esa – ro'zador insonning niyat ila jamoat masjidida ma'lum muddat turishi tushuniladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir qator hadisi shariflar rivoyat qilingan bo'lib, ularda e'tikofning fazilati, foydalari va oxiratda ko'plab ajr-savoblarga sabab bo'lishi bayon qilingan. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh alayhissalom:

هُوَ يَعْكِفُ الذُّنُوبَ وَيُجْرِى لَهُ مِنَ الْحَسَنَاتِ كَعَامِلِ الْحَسَنَاتِ كُلِّهَا

“U gunohlardan ushlaydi va e'tikof o'tiruvchi uchun barcha yaxshiliklarni qiluvchi kabi yaxshiliklarni joriy qiladi”, deganlar”[1].

Inson masjidda ibodat bilan mashg'ul bo'lishi orqali turli gunohlardan uzoq bo'lishi, ularni amalga oshirishdan saqlanishi imkoniga ega bo'ladi. Shu bilan birga Alloh taoloni zikr qilish, Qur'on tilovat qilish yoki boshqa nafl ibodatlar bilan mashg'ul bo'lish orqali kishi o'z nafsini solih amallar qilishga odatlantirishi mumkin.

Shuning uchun ham ulamolar mazkur hadis sharhida “ushbu hadisda e'tikofning ijobiy ta'siri o'laroq Alloh taolo e'tikof o'tirgan bandani keyinchalik ham gunohlardan saqlashiga dalolat bor”, deya ta'kidlaganlari bejiz emas.

Qolaversa, ushbu hadisdan e'tikof o'zida ko'plab yaxshi amallarning savobini jamlaganini, e'tikof o'tirgan banda barcha yaxshiliklarni amalga oshirgandek ajrga ega bo'lishini bilib olishimiz mumkin.

Boshqa bir hadisda Ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabrlari yonida turib quyidagilarni aytganlari rivoyat qilinadi:

سَمِعْتُ صَاحِبَ هَذَا الْقَبْرِ يَقُولُ: مَنْ مَشَى فيِ حَاجَةِ أَخِيْهِ وَبَلَغَ فِيْهاَ كَانَ خَيْراً لَهُ مِنْ اِعْتِكافِ عَشْرِ سِنِيْنَ وَمَنِ اعْتَكَفَ يَوْماً اِبْتِغَاءَ وَجْهِ اللهِ تَعَالَى جَعَلَ الله بَيْنَهُ وَبَيْنَ النَّارِ ثَلاَثَ خَنَادِقَ أَبْعَدَ مِمَّا بَيْنَ الخَافِقَيْنِ

“Men ushbu qabr sohibini: “Kim o'z do'stining hojati uchun yurib, uni chiqarsa, unga o'n yil e'tikof o'tirgandan yaxshi bo'lur. Kim Allohning roziligini tilab bir kun e'tikof o'tirsa, u bilan do'zax orasini osmon va er kengligicha bo'lgan uch xandaq masofada uzoq qiladi”, deganlarini eshitdim”[2].

E'tikof aslida savobli amal. Uning savoblar ko'paytirib beriladigan muborak oy – ramazon oyida bo'lishi esa ulkan ajrlarga sabab bo'ladi. Qolaversa, ushbu odat Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir. Bu borada ko'plab hadislar va sahobai kiromlarning asarlari rivoyat qilingan. Mashhur sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhu bunday deydilar:

كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَعْتَكِفُ فِي كُلِّ رَمَضَانَ عَشْرَةَ أَيَّامٍ فَلَمَّا كَانَ الْعَامُ الَّذِي قُبِضَ فِيهِ اعْتَكَفَ عِشْرِينَ يَوْمًا

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam har Ramazonda o'n kun e'tikof o'tirar edilar. Vafot etgan yillari yigirma kun e'tikof o'tirdilar”[3].

Boshqa rivoyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ramazonning aynan qaysi kunlarida e'tikof o'tirganlari ochiq bayon qilingan. Jumladan, Imom Buxoriy va Imom Muslim o'z “Sahih”larida keltirgan rivoyatda Oisha onamiz roziyallohu anho u zotning ushbu odatlarini quyidagicha yodga olganlar:

كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَعْتَكِفُ الْعَشْرَ اْلأَوَاخِرَ مِنْ رَمَضَانَ حَتَّى تَوَفَّاهُ اللهُ ثُمَّ اعْتَكَفَ أَزْوَاجُهُ مِنْ بَعْدِهِ

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etgunlaricha Ramazonning oxirgi o'n kunligida e'tikof o'tirar edilar. So'ngra, u zotdan keyin zavjalari o'tirishdi”.

Fuqaholar ushbu va bundan boshqa ko'plab hadislardan kelib chiqib, ramazon oyining oxirgi o'n kunligida e'tikof o'tirish sunnati muakkada – ta'kidlangan sunnat ekaniga, boshqa kunlari esa mustahab ekaniga ittifoq qilishgan.

E'tikofning eng oz muddati to'g'risida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan aniq ko'rsatma kelmagan. Shuning uchun ham ulamolar bu borada turli qarashlarni aytib o'tishgan. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi e'tikofning eng ozi bir kun, degan bo'lsalar, Imom Abu Yusuf kunduzning ko'prog'ida o'tirsa, e'tikof bo'ladi, deganlar. Imom Muhammad esa biror lahza bo'lsa ham niyat qilib masjidda o'tirsa, e'tikof o'rniga o'tadi va e'tikofga savob oladi, deganlar.

Mazhabimizdagi keyingi muhaqqiq ulamolar ko'pchilik insonlarning ehtiyojlarini inobatga olib Imom Muhammadning qavliga fatvo berganlar [4]. Qolaversa, buni mashhur sahobalardan biri Ya'lo ibn Umayya raziyallohu anhudan keltirilgan rivoyat ham qo'llaydi. Unda ushbu sahoba o'z do'stiga qarata: “Biz bilan masjidga yur, u erda biror lahza e'tikof o'tiramiz”, degan ekan [5].

Hanafiy mazhabiga ko'ra ayollar e'tikof uchun masjidlarga bormaydilar. Balki, ular erlari yoki ota-onalarining ruxsati bilan uylarida e'tikof o'tirishlari mumkin. Bunda iloji boricha ibodat uchun qulay sharoitga ega bo'lgan o'zlarining xos xonalarida e'tikof o'tirganlari afzal sanaladi. Zero, Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

صَلاَةُ الْمَرْأَةِ فِى بَيْتِهَا أَفْضَلُ مِنْ صَلاَتِهَا فِى حُجْرَتِهَا وَصَلاَتُهَا فِى مَخْدَعِهَا أَفْضَلُ مِنْ صَلاَتِهَا فِى بَيْتِهَا

“Ayol kishining uyidagi namozi ayvonida o'qigan namozidan afzaldir. Uning xos xonasida o'qigan namozi uyida o'qigan namozidan afzaldir” deganlar [6].

Muborak ramazon oyi ibodat mavsumi. ushbu fazilatli oyni g'animat bilib, imkon qadar har bir daqiqani toat-ibodat va solih amallar bilan o'tkazish, Alloh taoloning avfi va mag'firatini so'rash, Uning buyuk fazli, rahmatidan umid qilish ulkan baxt va saodatdir. Shunday ekan har birimiz bu kabi fazilatlardan g'aflatda qolmasligimiz va buyuk Robbimizning quyidagi oliy chaqirig'ini unutmasligimiz lozim: “Ey, imon keltirganlar! Ruku' qilingiz, sajda qilingiz va Robbingizga ibodat qilib ezgu ish qilingiz – shoyadki, najot topsangiz!” [7].

Abdulatif domla TURSUNOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi.

 

[1] Ibn Moja “Sunan”da rivoyat qilgan. Ba'zi muhaddislar ushbu hadisni zaif deyishgan. Chunki isnodida Farqad ibn Yaqub as-Sabaxiy ismli roviy bo'lib, Imom Yahyo ibn Maiyn uni ishonchli, degan bo'lsa, Imom Ahmad va Imom Doraqutniy zaif, deyishgan. Alloma ibn Hajar Asqaloniy esa “Ushbu roviy ishonchli, rostgo'y va ibodatgo'y inson bo'lib, ba'zan yoddan hadis aytishda adashib turgan”, degan. Jumhur ulamolar hukmiy va aqidaviy bo'lmagan, balki fazilatli amallarga taalluqli bo'lgan masalalarda bu kabi zaif hadislarga suyanish mumkinligiga ittifoq qilishgan.
[2] Tabaroniy “Mu'jam al-avsat”da, Bayhaqiy “Shuabul imon”da rivoyat qilgan. Ibn Hajar Haytamiy o'zining “Majma' az-zavoid” asarida “Ushbu hadisning isnodi yaxshi”, degan bo'lsa, Imom Hokim ushbu hadisni sahih, deya baholagan.
[3] Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilishgan.
[4] Qarang: Mulla Ali ibn Sulton Muhammad al-Qori al-hanafiy. Fathu bob al-inoya sharh kitob an-niqoya. 2-juz. 243-bet. 
[5] Ibn Abi Shayba “Musannaf”da rivoyat qilgan.
[6] Abu Dovud “Sunan”da, Bayhaqiy “Ma'riftus sunan val osor”da, Hokim “Mustadrak”da rivoyat qilgan. Imom Hokim “Ushbu hadis ikki shayx (Buxoriy va Muslim) shartiga ko'ra sahihdir” degan.
[7] Haj surasi, 77-oyat.

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

10.08.2026   7777   2 min.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.

IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.

Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.

Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.

Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari