Cavol: Men hozirda Koreyada o‘qiyman. Bu yerda halol taomlarni topish mushkul bo‘lsa-da, Allohga shukr, o‘zbek oshxonalari bor. Bir kursdoshim aytdiki, musofirda yurganlar uchun magazindagi, ya’ni asli halol bo‘lmagan go‘shtlarni yeyish to‘g‘risida fatvo bor, dedi. Haqiqatda shunday fatvo bormi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Hech kim halol bo‘lmagan go‘shtlarni yeyish mumkin deb fatvo bermaydi. Faqatgina inson yeyishga halol narsa topa olmasdan o‘lar holga kelib qolgandagina yashab qolgudek miqdorda harom narsani iste’mol qilishga ruxsat berilgan. Bu juda ham nodir holatdir. Hatto mol-qo‘y singari halol hayvonlarni ham Alloh taoloning ismini aytib so‘yish orqali go‘shti halol bo‘ladi. Bismillah aytilmasdan so‘yilsa, halol bo‘lmaydi. Chunki bu haqda Alloh taolo shunday buyuradi:
وَلاَ تَأْكُلُواْ مِمَّا لَمْ يُذْكَرِ اسْمُ اللّهِ عَلَيْهِ
“Allohning ismi zikr qilinmagan narsalarni yemanglar” (An’om surasi, 121-oyat).
Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining Modul ta’lim tizimida yangi o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
12 sentyabr kuni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov talabalar uchun «Xatoba» (notiqlik san’ati) fanidan ilk darsni o‘tib berdi.
Mashg‘ulot davomida ustoz va’z-nasihat qilish san’ati, minbar odoblari, tinglovchi bilan jonli muloqot o‘rnatish sirlari hamda bugungi kun imom-xatibi zimmasidagi mas’uliyatli vazifalarga alohida to‘xtaldi. Notiqlik mahoratiga oid nozik jihatlar hayotiy va amaliy misollar orqali ochib berildi.
Qizg‘in va samimiy ruhda o‘tgan dars so‘nggida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati