Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Mahdiy roziyallohu anhu haqlarida, ayniqsa, u kishining oxirzamonda chiqishlari borasida musulmon ulamolar orasida qadimdan ko‘pgina bahslar o‘tgan, bu bahslarning natijasi turlicha bo‘lib chiqqan.
Shia mazhabidagilar Imom Mahdiyni «Mahdiy muntazar», ya’ni intizor bo‘lib turilgan Mahdiy deyishadi.
Ahli sunna val jamoa mazhabi ulamolari bu masalada o‘zaro alohida bahs yuritganlar. Ba’zi ulamolar «Bu borada kelgan barcha hadislar zaifdir», deganlar. Bunday deganlar ozchilik bo‘lib, ularning eng ko‘zga ko‘ringani Ibn Xaldundir.
Ko‘pchilik ulamolar «Mahdiy roziyallohu anhu haqidagi hadisi shariflar katta sahobalardan, ulug‘ muhaddislar tomonidan rivoyat qilingan», deydilar. Bu haqdagi hadisi shariflarni Imom Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja, Tobaroniy, Abu Ya’lo, Bazzoz, Imom Ahmad ibn Hanbal, Hokim va boshqalar rivoyat qilganlar.
Yuqorida ana shu hadisi shariflardan bir qismini o‘rganib chiqdik. Ularning ba’zilarida imom Mahdiy roziyallohu anhuning ismlari ochiq-oydin tilga olingan bo‘lsa, boshqalarida ishora qilingan. Ularni solishtirib ko‘radigan bo‘lsak, bir necha umumiy xulosalar chiqarishimiz mumkin:
1. Oxirzamon bo‘lganda Payg‘ambar alayhissalomning oli baytlaridan, hazrati Aliy va Bibi Fotima roziyallohu anhumolarning o‘g‘illari Imom Hasan roziyallohu anhuning naslidan Imom Mahdiy roziyallohu anhu chiqadilar.
2. Imom Mahdiy roziyallohu anhuning chiqishlari quyidagicha bo‘ladi: bir xalifa vafot etgach, musulmonlar o‘rtasida ixtilof bo‘ladi. Madinadan bir kishi Makkaga qochib chiqadi. Uning oldiga Makkadan odamlar kelib, o‘zi istamasa ham uni chiqarib, Rukn bilan Maqom o‘rtasida unga bay’at qiladilar. Ana o‘sha kishi Imom Mahdiy roziyallohu anhu bo‘ladilar.
3. Shomdan Imom Mahdiy roziyallohu anhuga qarshi askar yuboriladi. Ushbu yuborilgan askarlarni Makka bilan Madina o‘rtasidagi sayhonlikda yer yutadi.
4. Odamlarni yer yutganini ko‘rib, imom Mahdiy roziyallohu anhuning oldiga Shomning abdollari – avliyolari va ahli Iroqning yaxshilari kelib, unga bay’at qiladilar.
5. So‘ngra Qurayshdan tog‘asi Banu Kalblik bo‘lgan kishi chiqadi. Imom Mahdiy roziyallohu anhu unga qarshi askar yuborib, ularga g‘olib keladi. Keyin Imom Mahdiy roziyallohu anhu molni taqsim qiladi.
6. So‘ngra Imom Mahdiy roziyallohu anhu odamlar orasida Nabiylari sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga amal qiladi. Yer yuzida Islom qaror topadi. Imom Mahdiy roziyallohu anhu jabr-zulmga to‘lgan yer yuzini adolat va insofga to‘ldiradi.
7. Imom Mahdiy roziyallohu anhu molni sochadi, uni sanamaydi. U kishining davrlarida mol-mulk ko‘payib ketgani, o‘zlari saxiy bo‘lganliklari uchun shundoq bo‘ladi.
8. Imom Mahdiy roziyallohu anhu yetti yil xalifa bo‘ladilar. So‘ng u kishi vafot etadilar, musulmonlar u zotning janozasini o‘qiydilar.
«Fitnalar va Qiyomat alomatlari» kitobidan
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Qur’on tinchlikka buyuradi» shiori ostida Samarqand shahridagi "Obi Rahmat" jome masjidida Qur’on musobaqasi tashkil etildi. Qur’oni karimga bo‘lgan muhabbatni yuksaltirish, qiroat va tajvid ilmlarini keng targ‘ib etish hamda jamiyatda tinchlik va osoyishtalik g‘oyalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ushbu xayrli tadbirning saralash bosqichlaridan o‘tgan ishtirokchilar «Hifz» va «Mujavvid» yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdi.
G‘olib va sovrindorlar:
«Hifz» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Asqar Tursunov (Samarqand shahri, «Muhammadamin ota» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Abduvakil Olimov (Urgut tumani, «G‘avsul A’zam» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Shavkat Mahmudov (Narpay tumani, «So‘fi Ziyrak» masjidi imom-xatibi).
«Mujavvid» yo‘nalishi:
1-o‘rin: Zikrullo Matlabov (Samarqand shahri, «Xo‘ja Abdu Darun» masjidi imom-noibi);
2-o‘rin: Burxoniddin Tursunov (Nurobod tumani, «Jom ota» masjidi imom-xatibi);
3-o‘rin: Isomiddin Isayev (Paxtachi tumani, «Xo‘ja Ziyovuddin» masjidi imom-xatibi).
Qo‘shimcha nominatsiyalar:
«Eng ta’sirchan tilovat»: O‘tkir Abdullayev (Pastdarg‘om tumani);
«Eng go‘zal tilovat»: Sardorxon Sobirov (Samarqand tumani);
«Tajvid qoidalariga eng mukammal rioya qilgan ishtirokchi»: Yusufxon Nizomov (Samarqand shahri).
Tadbir yakunida g‘oliblarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat vakilligining diplomlari va «Vaqf» fondi filiali tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati