Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446

Duo ijobatidan hech qachon noumid bo‘lmang!

04.11.2024   6198   3 min.
Duo ijobatidan hech qachon noumid bo‘lmang!

Duo – buyuk va qudrat egasi bo‘lgan Alloh taologa munojat qilishidir. Banda doim Robbisiga yuzlanib duo qilishini Qur’oni karimda o‘rgatib bunday marhamat qiladi: “Robbingizga tazarru ila va maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshuvchilarni sevmas” (A’rof surasi, 55-oyat). Boshqa oyatda esa: «Robbingiz: “Menga duo qiling, sizga ijobat qilurman”, dedi» (G‘ofir surasi, 60-oyat).

Yuqoridagi oyatlardan ko‘rinib turibdiki, biz bandalar Haq taoloning amriga binoan duo qilamiz, Alloh taolo o‘zining  va’dasiga muvofiq ijobat etadi.

Duo qilish bandani Alloh taolo huzurida xojandmand ekanini, nochorligiyu ojizligini tan olishidir. Uni qabul qiluvchi Zotning jaloliga munosib odob-axloq bilan so‘rash bandaning ishi. Qolgani esa Alloh taoloning O‘ziga havola.

Hazrati Umar roziyallohu anhu: “Men ijobat tashvishini chekmayman, men duo tashvishini qilaman. Menga duo qilish ilhom etilsa, ijobat ham qilinadi”, – der ekanlar. Ha, Alloh O‘ziga iymon bilan duo qilganlarning duosini ijobat etadi, ibodatlarini qabul qiladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib aytadilar: “Duodan boshqa hech narsa Allohga qadrli emasdir” (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo duolarni qabul qilishining shakllari:  

1. Alloh duoni darhol qabul qiladi. Ya’ni, inson Allohdan nima so‘ragan bo‘lsa, o‘sha narsani beradi.

2. Alloh “Kut” deydi. Ya’ni, duoni kechiktiradi, lekin bandasi uchun undan ham yaxshirog‘ini taqdim etadi.

3. Alloh duoni boshqacha qabul qiladi. Ya’ni, so‘ralgan narsani emas, balki bandasi uchun ko‘proq manfaati bo‘lgan narsani beradi yoki unga zarar yetishidan saqlaydi.

Bu javoblar Allohning hikmati bilan amalga oshadi va U doimo banda uchun yaxshilikni istaydi.Alloh taolo bandaga bir narsani bermoqchi bo‘lsa, avval uni tayyorlab, so‘ng o‘sha narsaga loyiq qiladi." Ya’ni, Alloh bir bandaga ne’mat yoki qiyinchilik yuborishni iroda qilganida, avval bandani unga munosib qilib, sabr-toqat va shukr qobiliyatini rivojlantirish orqali o‘sha narsaga tayyorlaydi. Bu fikr musulmonlar orasida Allohning hikmatiga bo‘lgan ishonchni kuchaytiradi.Duoda to‘g‘ridan to‘g‘ri Allohdan so‘rash muhim sanaladi. 

Alloh bandalari uchun eng yaqin va hamma narsani yaratishga qodir Zotdir. Alloh taologa duo qilayotganingizda men qilayotgan duo ijobat bo‘larmikan, bir duo qilib qo‘yaychi, demang. Balki Alloh taologa duoni ijobat bo‘lishiga aniq ishonch bilan qilavering.

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam o‘z hadislarida duo haqida: “Duo ibodatlarning mag‘zidir”, dedilar. Demak, ikki dunyo saodatidan umidvor har bir inson Allohga duoni kanda qilmay, O‘zidan so‘rashi lozim.  Musulmon odam duo qilar ekan, ijobat bo‘lishiga shubha qilmasin.

Yuqorida sanalgan duo qabul bo‘lishining uch xil shakli Allohning rahmati va inoyati kengligini ko‘rsatadi. Shu bois insonlar har doim duo qilishda davom etishlari va uning ijobatini esa Haq taologa havola etishlari kerak ekan.

              Qurbonov AHLIDDIN,

Imom Termiziy o‘rta maxsus

islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Xato – bandaniki

24.06.2025   8198   1 min.
Xato – bandaniki

Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi: 
 

– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...


Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.


Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:

– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.


Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.


Imom unga dedi:

– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?


Yigit javob berdi:

– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.


Imom dedi:

– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...


Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi. 


Akbarshoh RASULOV