Duo – buyuk va qudrat egasi bo‘lgan Alloh taologa munojat qilishidir. Banda doim Robbisiga yuzlanib duo qilishini Qur’oni karimda o‘rgatib bunday marhamat qiladi: “Robbingizga tazarru ila va maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshuvchilarni sevmas” (A’rof surasi, 55-oyat). Boshqa oyatda esa: «Robbingiz: “Menga duo qiling, sizga ijobat qilurman”, dedi» (G‘ofir surasi, 60-oyat).
Yuqoridagi oyatlardan ko‘rinib turibdiki, biz bandalar Haq taoloning amriga binoan duo qilamiz, Alloh taolo o‘zining va’dasiga muvofiq ijobat etadi.
Duo qilish bandani Alloh taolo huzurida xojandmand ekanini, nochorligiyu ojizligini tan olishidir. Uni qabul qiluvchi Zotning jaloliga munosib odob-axloq bilan so‘rash bandaning ishi. Qolgani esa Alloh taoloning O‘ziga havola.
Hazrati Umar roziyallohu anhu: “Men ijobat tashvishini chekmayman, men duo tashvishini qilaman. Menga duo qilish ilhom etilsa, ijobat ham qilinadi”, – der ekanlar. Ha, Alloh O‘ziga iymon bilan duo qilganlarning duosini ijobat etadi, ibodatlarini qabul qiladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilib aytadilar: “Duodan boshqa hech narsa Allohga qadrli emasdir” (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo duolarni qabul qilishining shakllari:
1. Alloh duoni darhol qabul qiladi. Ya’ni, inson Allohdan nima so‘ragan bo‘lsa, o‘sha narsani beradi.
2. Alloh “Kut” deydi. Ya’ni, duoni kechiktiradi, lekin bandasi uchun undan ham yaxshirog‘ini taqdim etadi.
3. Alloh duoni boshqacha qabul qiladi. Ya’ni, so‘ralgan narsani emas, balki bandasi uchun ko‘proq manfaati bo‘lgan narsani beradi yoki unga zarar yetishidan saqlaydi.
Bu javoblar Allohning hikmati bilan amalga oshadi va U doimo banda uchun yaxshilikni istaydi.Alloh taolo bandaga bir narsani bermoqchi bo‘lsa, avval uni tayyorlab, so‘ng o‘sha narsaga loyiq qiladi." Ya’ni, Alloh bir bandaga ne’mat yoki qiyinchilik yuborishni iroda qilganida, avval bandani unga munosib qilib, sabr-toqat va shukr qobiliyatini rivojlantirish orqali o‘sha narsaga tayyorlaydi. Bu fikr musulmonlar orasida Allohning hikmatiga bo‘lgan ishonchni kuchaytiradi.Duoda to‘g‘ridan to‘g‘ri Allohdan so‘rash muhim sanaladi.
Alloh bandalari uchun eng yaqin va hamma narsani yaratishga qodir Zotdir. Alloh taologa duo qilayotganingizda men qilayotgan duo ijobat bo‘larmikan, bir duo qilib qo‘yaychi, demang. Balki Alloh taologa duoni ijobat bo‘lishiga aniq ishonch bilan qilavering.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam o‘z hadislarida duo haqida: “Duo ibodatlarning mag‘zidir”, dedilar. Demak, ikki dunyo saodatidan umidvor har bir inson Allohga duoni kanda qilmay, O‘zidan so‘rashi lozim. Musulmon odam duo qilar ekan, ijobat bo‘lishiga shubha qilmasin.
Yuqorida sanalgan duo qabul bo‘lishining uch xil shakli Allohning rahmati va inoyati kengligini ko‘rsatadi. Shu bois insonlar har doim duo qilishda davom etishlari va uning ijobatini esa Haq taologa havola etishlari kerak ekan.
Qurbonov AHLIDDIN,
Imom Termiziy o‘rta maxsus
islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati