Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Siz men haqimda ko‘p eshitgansiz. Mening makonim – Allohning uyi Ka'batullohdir. Shuning uchun haj va umra safariga borgan hojilar meni o‘zlari bilan olib kelishadi, yaqinlari va qo‘ni-qo‘shnilariga, ayniqsa, siz bolajonlarga bir ho‘plamdan bo‘lsa-da ulashishadi. Meni shunchaki emas, qiblaga qarab, niyat qilib iching. Buning sababi Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Zamzam suvi nima uchun ichilsa, shuning uchundir», deganlar. Sarvari koinot shu bir og‘iz gaplari bilan mening oddiy suv emasligimni ummatlariga yetkazganlar. Aytaylik bir odam bemor bo‘lsa-yu, meni shifo niyatida ichsa, Alloh uning dardiga shifo beradi. Boshida bir tashvishi bor kishi o‘sha mushkuli oson bo‘lsin deb ichsa, Alloh uning mushkulini oson qiladi. Chanqog‘im qonsin desa, chanqog‘i qonadi. Yeyishga hech vaqosi yo‘q insonga ovqat o‘rniga o‘taman va hokazo. Payg‘ambarimiz alayhissalom meni hamisha e'zozlab, sevib ichganlar va safarlarda o‘zlari bilan olib yurganlar. Bu men uchun ulug‘ sharaf bo‘lgan.
Endi sizga yer bag‘ridan bu yorug‘ dunyo yuziga qanday qilib chiqqanim haqida gapirib bersam. Allohning do‘sti va payg‘ambari Ibrohim alayhissalom haqlarida eshitgan bo‘lsangiz kerak. U kishi oxirgi zamon payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning katta bobolari bo‘ladilar. U kishining bibi Sora va bibi Hojar ismli ayollari bo‘ladi. Ikkovlaridan bittadan o‘g‘il ko‘radilar. Bibi Soradan ko‘rgan o‘g‘liga Is'hoq, bibi Hojardan ko‘rgan o‘g‘liga Ismoil deb ism qo‘yadilar.
Bir kuni Ibrohim alayhissalom bibi Hojar onamiz bilan chaqaloq Ismoilni olib, yo‘lga tushadilar. Yo‘l yursalar ham mo‘l yurib, hozirgi Ka'batullohning o‘rniga kelib qoladilar. Ibrohim alayhissalom bibi Hojar onamiz bilan Ismoilni bir xalta xurmo va bir mesh suv bilan shu yerda qoldirib, orqalariga qaramay keta boshlaydilar. Shunda Hojar onamiz: «Ey Ibrohim! Bizni kimsasiz, biror narsa ham unmaydigan vodiyga tashlab, qayoqqa ketmoqdasiz?» deganlarini yer tagida turib eshitdim. Ammo Ibrohim alayhissalom javob bermadilar. Hojar onamiz yana: «Alloh sizga shuni buyurdimi?» deb so‘radilar. «Ha» degan javob bo‘ldi. «Undoq bo‘lsa U Zot bizni shu holimizda tashlab qo‘ymaydi», dedilar Hojar.
Shunday qilib Hojar onamiz o‘zlari bilan chaqaloq Ismoilni Allohning ixtiyoriga topshirdilar. To‘rvadagi xurmo ham, meshdagi suv ham tugadi. Aksiga olib kun tobora qizdirar, Ismoil chanqab, holsizlanib chirillab yig‘lar edi. Bu paytda ular uncha baland bo‘lmagan Safo tog‘ida turardilar, ancha narida Marva tog‘i bor edi. Hojar onamiz shu toqqa chiqib qarasam biror kimsa ko‘rinarmikan deb shu yoqqa chopdilar. Ko‘zlariga suv ko‘rindi. Borsalar hech kim yo‘q, ko‘ringan narsa suv emas sarob ekan. Hojar onamiz Allohga yolvorib, ilinj va umidda yetti marta Safo va Marva oralig‘ida yelib-yugurdilar. Shunda men Allohning amri bilan Ismoilning chirillab yig‘lab tovonchalarini yerga urgan joydan sizib chiqdim. Oh, yorug‘ dunyo, ey murg‘ak chaqaloq meni ichaqol, tashnaligingni qondir, deb yubordim Shu damda Hojar onamizni ko‘rsangiz edi. Axir men aldamchi sarob emas haqiqiy suv edim-da. Onayizor xursandligidan kulib yig‘lar, yig‘lab kular edi. Shoshganlaridan «zam-zam» – to‘xta-to‘xta deb, qum bilan yo‘limni to‘sdilar. Hovliqib hovuchlarida olib yonlaridagi bo‘shab qolgan meshga sola boshladilar. Meni hozir tugab qoladi deb qo‘rqardilar-da.
Keyinchalik mana shu holat haqida Payg‘ambarimiz shunday degan edilar: «Alloh Ismoilning onasini rahmat qilsin. Agarda zamzamni tek qo‘yganida yoki suvni hovuchlab olmaganida zamzam ko‘rinib turadigan buloq bo‘lar edi». Darhaqiqat, Hojar onamiz «To‘xta, to‘xta» deganlaridan keyin Allohning amri bilan to‘xtadim, hovuchlab olganlaridan keyin, oqib turadigan buloqqa emas, quduqqa aylanib qoldim. Odamlar meni “zamzam qudug‘i” deydigan bo‘ldilar va meshda tortib olib, ichadigan bo‘ldilar. Kelajakda mashhur Zamzam qudug‘i bo‘lib qolishim mumkinligini hali bilmasdim.
Bir vaqt o‘tib Ibrohim alayhissalom qaytib keldilar. Bu paytda o‘g‘li Ismoil katta yigit bo‘lib qolgan edi. O‘g‘illari bilan shundoqqina yonimga Baytulloh – Allohning uyini qurdilar va odamlarni Allohning uyini tavof qilishga chaqirdilar. Haj amallari boshlanib ketdi. Men hojilarga xizmat qilayotganimdan, taqdirimdan mamnun edim. Biroq...
Ha, buni hayot deb qo‘yibdilar, unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Turmushda nimaiki yaxshi yoki yomon narsa bo‘lsa unga ko‘proq odamlar sababchi bo‘lar ekan. Gap shundaki bu yerda suv paydo bo‘lganini ko‘rgan Jurhum qabilasi Makkaga kelib, turg‘un bo‘lib qoldi. Ammo keyinchalik bu qabila odamlari ko‘p noma’qul ishlarni qila boshladilar. Allohning uyi Ka'batulloh joylashgan muazzam manzilda yashayotganlarini unutib qo‘ydilar. Hojilarga qo‘pollik qila boshladilar. Natijada Allohning amri bilan men quridim, axlatxonaga aylanib, ko‘zim ko‘milib ketdi. Oh, oh... shundoq suv-a, hojilar armonda qoldilar. Unda quduq yana qachon ochildi, deb so‘rarsiz? Eshiting, bu juda qiziq. Bir kuni Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning bobolari Abdulmattolib Ka'batullohning yonida uxlab yotardilar. Tushlarida birov:
– Taybani kavla! – dedi.
– Tayba nima? – so‘radilar Abdulmuttolib.
Javob bo‘lmadi. Ertasiga yana o‘sha joyda uxlab yotganlarida:
– Barrani kavla! – degan ovoz eshitildi.
– Barra nima?
Yana javob bo‘lmadi. Uchinchi kuni yana shu hol takrorlandi.
– Maznunani kavla!
– Maznuna nima?
Yana jimlik. Ajabo, keyingi kun ham bu hol qaytalandi.
– Zamzamni kavla!
Muborak nomimni eshitib yer qo‘ynida bir to‘lg‘anib oldim. Allohdan amr bo‘lib «kavla» deyilyaptimi, demak, men yana yer yuziga chiqaman.
– Zamzam nima? – deb Abdulmuttolib yana savol qildilar.
Bu gal javob bo‘ldi:
– U hech qurimas va ta’mi buzilmas. Ko‘p hojilarni sug‘oradi. U tezak va qon bor joyda. Qarg‘a yer cho‘qiyotgan joyda. Chumoli bor joyda...
Ana shunaqa, Alloh bir paytlar meni yer betiga chiqarib, odamlarga rizq qilib bergan joyni, hayvonlarni so‘yib qonini oqizadigan, tezaklarni olib kelib to‘kadigan, qarg‘alar go‘ng titadigan joyga aylantirib qo‘yishgan edi.
Shunday qilib hazrat Payg‘ambarimizning bobolari bir necha kun jidd-u jahd bilan ishlab, menga yetishdilar va «Allohu akbar!» deb yubordilar. Shunday qilib dunyoga ikkinchi bor qayta keldim. Mana bir yarim ming yildan ortiqroq vaqt bo‘lyaptiki, hojilar hizmatidaman. Har yili hajga, umraga necha necha millionlab odamlar kelishadi. Mendan qonib-qonib ichishadi va yana o‘zlari bilan olib ketishadi. Lekin men kamaymayman. Qaynab chiqaveraman. Alloh meni ana shunaqa barokatli qilib qo‘ygan. Allohning uyini tavof qilgani keling, o‘zim kutib olaman. Dardingiz bo‘lsa malham bo‘laman, chanqagan bo‘lsangiz qondiraman, xohlasangiz taom bo‘lib qorningizni to‘ydiraman, xullas, xizmatingizdaman.
Erkin bobo
«Hilol» jurnali 3(60) son
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD