Baqara – Madinada nozil qilingan eng avvalgi suradir. Suraning boshidagi to‘rt oyat mo‘minlar haqida, undan keyingi ikki oyat kofirlar haqida va ulardan keyingi o‘n uch oyat munofiqlar haqida nozil bo‘lgan. Baqara surasi Qur’oni karimdagi eng uzun suradir. Eng uzun oyat ham aynan mazkur surada bo‘lib, u qarz haqidagi 282-oyatdir. Bu oyat to‘liq bir betni tashkil etadi. Baqara surasini doim o‘qib yurgan kishilarga Allohning izni bilan sehru jodu ta’sir qilmaydi.
Baqara surasi o‘qilgan uydan shayton qochadi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Shayton Baqara (surasi) o‘qiladigan uydan qochadi", dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: "Kim kechasi Baqara surasidan o‘n oyat o‘qisa, shayton o‘sha kechada uning uyiga kirmaydi" (Imom Dorimiy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shayton Baqara surasi o‘qilgan yerga kira olmasligini o‘zi tan olib aytgan. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni Ramazon zakotini qo‘riqlashga vakil qildilar. Bir kuni kimdir kelib, yegulikdan hovuchlab ola boshladi. Men uni tutib oldim-da, "Allohga qasamki, seni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib chiqaman", dedim. U: "Men muhtoj odamman, bola-chaqam bor. Nihoyatda muhtojman", dedi. Men uni qo‘yib yubordim.
Tong otdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Ey Abu Hurayra, bu kecha asiring nima qildi?" dedilar. "Yo Allohning Rasuli, juda muhtojligi, bola-chaqasi borligidan shikoyat qilgan edi, rahmim kelib, qo‘yib yubordim", dedim. U zot: "Bilib qo‘y, u seni aldabdi. Hali yana keladi", dedilar. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning "Hali yana keladi" degan so‘zlaridan uning qaytib kelishini bilib, uni poyladim. U kelib, yegulikdan hovuchlab ola boshlagan edi, uni yana tutib oldim. "Seni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib chiqaman", dedim. U: "Meni qo‘yib yubor, men muhtojman, bola-chaqam bor. Endi qaytib kelmayman", dedi. Unga rahmim kelib, qo‘yib yubordim.
Tong otdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: "Ey Abu Hurayra, asiring nima qildi?" dedilar. Men: "Yo Allohning Rasuli, nihoyatda muhtojligi, bola-chaqasi borligidan shikoyat qilgan edi, yana rahmim kelib, qo‘yib yubordim", dedim. U zot: "Bilib qo‘y, u seni aldabdi. Hali yana keladi", dedilar. Uni uchinchi marta poyladim. Kelib, yana yegulikdan hovuchlab ola boshlagan edi, uni tutib oldim. "Endi seni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga albatta olib chiqaman. Bu oxirgisi. Sen qaytib kelmayman deb, uchinchi marta qaytib kelyapsan", dedim. U: "Meni qo‘yib yubor, Alloh senga manfaat beradigan kalimalarni o‘rgataman", dedi. "Nima u?" dedim. U: "To‘shakka yotganingda Oyatul-Kursiyni – "Allohu laa ilaha illa huval-Hayyul-Qoyyum"ni oyatning oxirigacha o‘qigin. Shunday qilsang, Allohning dargohidan bir qo‘riqchi tong otguncha tepangda turadi va shayton senga hargiz yaqinlasha olmaydi", dedi. Uni qo‘yib yubordim.
Tong otdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: "Bu kecha asiring nima qildi?" dedilar. Men: "Yo Allohning Rasuli, Alloh senga manfaat beradigan kalimalarni o‘rgataman degan edi, qo‘yib yubordim", dedim. U zot: "Ular nima ekan?" dedilar. "U menga: "To‘shakka yotganingda Oyatul-Kursiyni – "Allohu laa ilaha illa huval-Hayyul-Qoyyum"ni oyatning oxirigacha o‘qigin. Shunday qilsang, Allohning dargohidan bir qo‘riqchi tong otguncha tepangda turadi va shayton senga hargiz yaqinlasha olmaydi", dedi", dedim.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Bilib qo‘y, o‘zi g‘irt yolg‘onchi bo‘lsa ham, senga rost aytibdi. Uch kechadan beri kim bilan gaplashayotganingni bilasanmi, ey Abu Hurayra?" dedilar. "Yo‘q", dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: "U shayton edi", dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Baqara surasi o‘qilgan yerga farishtalar tushadilar. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Usayd ibn Huzayr roziyallohu anhu tunda "Baqara" surasini o‘qiyotgan edi. Bir payt yonginasida bog‘langan ot hurka boshladi. U qiroatdan to‘xtadi. Ot ham tinchlandi. Yana o‘qiy boshlasa, ot ham bezovtalanar edi. Qiroatni to‘xtatsa, yana jim bo‘lardi. O‘sha vaqtda o‘g‘illari Yahyo ot yonida edi. Ot bosib olmasin deb, qiroatni to‘xtatib uning oldiga bordilar. O‘g‘illarini otdan uzoqroqqa qo‘ygach, osmonga qarasalar, unda soyabonlarga o‘xshash, ostida nur taratib turgan narsalar bor ekan. Tong otgach, bo‘lgan voqeani Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aytib berdilar. U zot alayhissalom: “Huzayrning o‘g‘li, qiroatingni davom ettiravermadingmi?” dedilar.
Usayd roziyallohu anhu aytdilar: “Bolamni ot bosib qolishidan qo‘rqdim. U otning yaqinida edi. Otdan uzoqroqqa qo‘yib osmonga qarasam, u yerda soyabonga o‘xshash, ichida chirog‘i bor narsalar turgan ekan. Uyimdan chiqib qarasam, yo‘q bo‘lib qolibdi”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ular nimaligini bilasanmi?” deb so‘radilar. Usayd roziyallohu anhu: “Yo‘q”, dedi. Rasululloh: “Ular ovozingni eshitish uchun pastga tushgan farishtalar edi. Agar tonggacha o‘qiganingda, odamlar ham ularni ko‘rgan bo‘lardi. Farishtalar ham ulardan qochmas edi”, deb aytdilar».
Baqara surasi Qiyomat kuni shafoatchi bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qur’onni o‘qinglar. Chunki u qiyomat kuni o‘z ahli uchun shafoatchi bo‘ladi. Ikki yorituvchi nur – Baqara va Oli Imron suralarini o‘qinglar. Zero, bu ikkisi qiyomat kuni ikki bulut yoki bir guruh saf-saf qushlar shaklida kelib, o‘z sohiblarining hojatini ravo qiladi. Baqara surasini o‘qinglar. Uni o‘qish baraka, tark etish esa hasratdir", deganlar (Imom Muslim, Imom Dorimiy, Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alaĭhi vasallam: "Kim Baqara surasi oxiridagi ikki oyatni bir kechada o‘qisa, kifoya qiladi", dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Hadisda kelgan “Kifoya qiladi”dan quyidagi ma’nolar kelib chiqadi:
1. Barcha yomonliklardan saqlanishga kifoya qiladi.
2. Shaytonning yomonligidan saqlanishga kifoya qiladi.
3. Savob olishga kifoya qiladi.
4. Kechasini Qur’on qiroati ila bedor o‘tkazishdan kifoya qiladi.
5. Insu jinning yomonligidan kifoya qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qur’on oyatlarining sayyidi Oyatul kursiydir", deganlar (Imom Hokim rivoyati).
Zubayd Abdurahmon ibn Asvaddan rivoyat qiladi: "Kim Baqara surasini o‘qisa, buning evaziga unga jannatda toj kiydiriladi" (Imom Dorimiy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi strategik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vazirining o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Ayman as-Safadiyning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgan siyosiy muloqot, madaniy diplomatiya va iqtisodiy hamkorlikning amaliy davomidir. Tashrif davomida tarixiy meros, sivilizatsiyalar muloqoti va zamonaviy taraqqiyot konsepsiyalarini uyg‘unlashtirgan Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishgan delegatsiya O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosi bugungi tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik strategiyasining muhim qismiga aylanayotganini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vazirining o‘rinbosari, Tashqi ishlar va xorijdagi vatandoshlar vaziri Ayman as-Safadiy boshchiligidagi rasmiy delegatsiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari Markaz muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishtirilib, uning konsepsiyasi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mehmonlarda eng katta qiziqish uyg‘otgan ekspozitsiyalardan biri Buyuk Ipak yo‘liga bag‘ishlangan bo‘lim bo‘ldi. Qadimgi savdo yo‘llari xaritalari, Sharq va G‘arbni bog‘lagan karvon yo‘llari, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi iqtisodiy, ilmiy va madaniy almashinuv jarayonlarini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar yuzasidan delegatsiya a’zolari mutaxassislarga ko‘plab savollar bilan murojaat qildi.
Amir Temur va Temuriylar davriga bag‘ishlangan bo‘lim ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, mashhur xattot Umar Aqto tomonidan ko‘chirilgan ulkan Qur’on qo‘lyozmasi, Bibixonim tarixi hamda Temuriylar davrining yuksak madaniy muhitini aks ettiruvchi eksponatlar alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Delegatsiya, shuningdek, Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori ekspozitsiyasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi zamonaviy tashqi siyosati va global hamkorliklariga bag‘ishlangan interaktiv xaritaga ham alohida e’tibor qaratdi. Turli davlatlar bilan shakllangan strategik sheriklik va diplomatik munosabatlarni aks ettiruvchi raqamli ekspozitsiyalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori ekspozitsiyasida tashkil etilgan sport bo‘limi esa tashrifning eng samimiy lahzalaridan biriga aylandi. O‘zbekiston sportchilarining Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida qo‘lga kiritgan yutuqlari haqidagi ma’lumotlar delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Suhbat davomida sportning xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlovchi muhim vosita ekani alohida qayd etildi.
Ayman as-Safadiy, Iordaniya tashqi ishlar vaziri:
– O‘tgan yili Janobi Oliylari Qirol Abdulloh II ibn al-Husaynning O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifidan so‘ng bu yerga kelish men uchun alohida mamnuniyatdir. O‘sha tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqan muhim voqea bo‘ldi. Bizni qardoshlik rishtalari, mushtarak tarix va o‘zaro ishonch birlashtirib turadi. Bugun esa ushbu hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida izchil ish olib boryapmiz.
Bugungi O‘zbekiston keng qamrovli islohotlar va jadal taraqqiyot bosqichini boshdan kechirmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu taraqqiyotning ma’naviy asoslarini mustahkamlaydigan, milliy merosni ilmiy asosda saqlash va uni xalqaro hamjamiyatga taqdim etishga xizmat qiladigan muhim muassasadir.
Boy tarixni kelajak taraqqiyoti bilan bog‘lay olgan bunday maskan har qanday xalq uchun bebaho boylikdir. Ishonamanki, ana shu mustahkam tarixiy poydevor O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyotiga ham xizmat qiladi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun aniq maqsad va ravshan istiqbolga egamiz. Oldimizda hali foydalanilmagan ulkan imkoniyatlar mavjud. Joriy yil yakunida O‘zbekiston Prezidentining Ammon shahriga tashrifini katta mamnuniyat bilan kutmoqdamiz. Ishonchim komilki, bu uchrashuv strategik sherikligimizni yanada mustahkamlab, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlaydi, — dedi Iordaniya tashqi ishlar vaziri.
Tashrif yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov delegatsiya a’zolariga Markazning esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Shuningdek, Ayman as-Safadiy Markazning «Faxriy mehmonlar» kitobiga o‘z taassurotlarini yozib qoldirdi. Ushbu qayd O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik, umumiy ma’naviy qadriyatlar hamda strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan umumiy intilishlarning ramziy ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati