Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Siz mendan biron narsa haqida: «Bu haqmi yoki botilmi?» deb so‘rasangiz, men shaxsiy fikrimdan kelib chiqib javob bermayman. Bu masalada mening shaxsiy fikrimning hech qanday qiymati yo‘q!
Ummat shu o‘n to‘rt asr davomida qaysi yo‘lni e’tiborli sanab, unga suyangan va shu yo‘lda yurib kelgan? Ana shu yo‘l haq yo‘ldir, chunki hadisda aytilganidek, bu ummat zalolatda jam bo‘lmaydi. Dinning saqlanib kelayotgani ham bu ummat yurgan yo‘lning to‘g‘ri bo‘lishini taqozo etadi. Bizning eng afzal ummat ekanimiz ham haqligimizga dalolat qiladi. Bu ummat a’zolari bu yo‘ldan yakka-yakka emas, balki yakdil bo‘lib yurdi, turli yurtlardagi aksar ulamolar barcha zamonlarda shu yo‘ldan yurishga ittifoq qilib kelishdi. Demak, haq yo‘l faqat shudir.
Demak, yuradigan yo‘limizdagi, ilmni o‘rganish va o‘rgatishdagi asosimiz tarixda butun ummatning yurgan yo‘li, ijmo’si va manhaji bo‘lishi kerak, chunki bu ummat zalolat va botil uzra jam bo‘lmaydi. Biz aytmoqchi bo‘lgan qoida mana shu edi. Bu boradagi dalillar haqida, ijmo’ning hujjatligi haqida ko‘proq ma’lumot olishni istaganlar fiqh kitoblariga murojaat qilishlari mumkin.
Professor, shayx Saloh Abul Hoj hazratlari
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Joriy yilning 13–16 sentyabr kunlari Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi hamda uning doirasidagi bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Yig‘inlarda turkiy dunyoning yetakchi din peshvolari – O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Allohshukur Poshshozoda, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi Safi Arpagush, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay hoji Tag‘anuli, Qirg‘iziston musulmonlari diniy nazorati raisi, muftiy Abdulaziz qori Zakirov, Turkmaniston muftiyci Rahmon Qurbonmurodov kabilar boshchiligidagi turkiy davlatlar ulamolaridan iborat delegatsiyalar ishtirok etadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi safidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi, Fatvo markazi, hududiy vakilliklar hamda oliy diniy ta’lim muassasalaridan vakillar joy olgan.
Tadbirlar doirasida ulamolar musulmon ummati uchun muhim bo‘lgan shar’iy masalalar, zamonaviy fatvolar va mushtarak tashabbuslarni muhokama qilib, yakuniy hujjatlarni imzolaydilar. Shuningdek, ilmiy-amaliy anjuman, ikki tomonlama muzokaralar hamda tabarruk qadamjolar ziyorati ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati