Bir qizaloq taqinchoq do‘koniga kirib sotuvchiga qarab chiroyli zirak ko‘rsatishini so‘radi. Sotuvchi qizaloqqa hayratlangancha qarab turaverdi. Shunda qizaloq bir zirakni ko‘rsatib: “Mana buni chiroyli qilib o‘rab berolasizmi?!”, dedi. Sotuvchi: “Puling bormi?” deb so‘radi.
Qizaloq cho‘ntagidagi bir nechta tangani chiqarib,:“Bor pulim shu, yetadimi?” deb so‘radi. So‘ngra u: “Bilasizmi, men opamga shu zirakni sovg‘a qilmoqchiman. Chunki u onamiz olamdan o‘tganidan keyin bizga g‘amxo‘rlik qilib kelmoqda. Men opamni xursand qilishni juda xohlardim. Menda bori shu”, dedi pulga ishora qilib.
Bir necha soniyadan so‘ng sotuvchi zirakni chiroyli qutiga solib, qizchaning qo‘liga berdi. U xursand bo‘lganicha uyiga shoshib ketdi.
Bir fursatdan so‘ng do‘konga bir o‘rta yoshli qiz kirib, do‘konchiga o‘sha qizaloq olgan zirakni ko‘rsatib: “Buni sizdan olganmidi?” deb so‘radi. Sotuvchi taqinchoqga qarab: “Ha” deb javob berdi. Qiz taqinchoqni narxi qanchaligini so‘radi. Sotuvchi: “Bu xaridor va mening kelishuvim” deb javob qildi. U: “Singlimda bir necha tanga bor edi. Bu esa judayam qimmatligini bilaman. Bunga pulimiz yetmaydi” deb zirakni qaytarib bermoqchi bo‘ldi.
Shunda sotuvchi: “Singlingiz bor budini berdi. Bu narxni hech kim bera olmaydi”, deya taqinchoqni qizga qaytarib berdi.
Akbarshoh Rasulov tarjimasi
Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami arafasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda yurtimiz ozodaligiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan 2500 nafardan ortiq obodonlashtirish xizmati xodimlariga oziq-ovqat jamlanmalari tarqatdi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mashaqqatli va sharafli mehnati har doim ham ko‘zga ko‘rinavermaydigan soha xodimlarining mehnatini e’tirof etish, ularning qalbiga bayram shukuhi, xonadonlariga quvonch kiritishdir.
Inson qadrini ulug‘lash va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi xayrli ishlar shu kunlarda yanada keng quloch yozib, mamlakatimizning barcha hududlarida o‘tkazildi.
Shuningdek, homiylar tomonidan Respublikamiz bo‘ylab 3500 nafarga yaqin ana shunday fidoyi xodimlarning ko‘ngli xushnud etildi.
Bu kabi xayr-saxovatga yo‘g‘rilgan bayram tadbirlari o‘lkamizning barcha go‘shalarida davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati