Bir qizaloq taqinchoq do‘koniga kirib sotuvchiga qarab chiroyli zirak ko‘rsatishini so‘radi. Sotuvchi qizaloqqa hayratlangancha qarab turaverdi. Shunda qizaloq bir zirakni ko‘rsatib: “Mana buni chiroyli qilib o‘rab berolasizmi?!”, dedi. Sotuvchi: “Puling bormi?” deb so‘radi.
Qizaloq cho‘ntagidagi bir nechta tangani chiqarib,:“Bor pulim shu, yetadimi?” deb so‘radi. So‘ngra u: “Bilasizmi, men opamga shu zirakni sovg‘a qilmoqchiman. Chunki u onamiz olamdan o‘tganidan keyin bizga g‘amxo‘rlik qilib kelmoqda. Men opamni xursand qilishni juda xohlardim. Menda bori shu”, dedi pulga ishora qilib.
Bir necha soniyadan so‘ng sotuvchi zirakni chiroyli qutiga solib, qizchaning qo‘liga berdi. U xursand bo‘lganicha uyiga shoshib ketdi.
Bir fursatdan so‘ng do‘konga bir o‘rta yoshli qiz kirib, do‘konchiga o‘sha qizaloq olgan zirakni ko‘rsatib: “Buni sizdan olganmidi?” deb so‘radi. Sotuvchi taqinchoqga qarab: “Ha” deb javob berdi. Qiz taqinchoqni narxi qanchaligini so‘radi. Sotuvchi: “Bu xaridor va mening kelishuvim” deb javob qildi. U: “Singlimda bir necha tanga bor edi. Bu esa judayam qimmatligini bilaman. Bunga pulimiz yetmaydi” deb zirakni qaytarib bermoqchi bo‘ldi.
Shunda sotuvchi: “Singlingiz bor budini berdi. Bu narxni hech kim bera olmaydi”, deya taqinchoqni qizga qaytarib berdi.
Akbarshoh Rasulov tarjimasi
Kech uxlash sog‘liqqa bir qancha xavf tug‘diradi.
Jigar va boshqa a’zolar o‘zini tiklay olmaydi. Inson organizmidagi barcha a’zolar tunda, ayniqsa, soat 22:00–02:00 oralig‘ida faol tiklanish jarayoniga kirishadi. Xususan, jigar soat 23:00 dan keyin tanani faol tozalash (detoksikatsiya) vazifasini bajaradi. Agar inson u paytda uxlamagan bo‘lsa, vazifa to‘liq bajarilmaydi. Bu esa charchoq, bezovtalik, tushkunlikka olib keladi.
Gormonlar muvozanati buziladi. Uyqu vaqtida, ayniqsa, soat 22:00–01:00 orasida o‘sish gormoni (melatonin va somatotropin) ishlab chiqariladi. Bu gormonlar immunitetni ko‘tarish, teri va hujayralarni tik lash, stressni kamaytirishga xizmat qiladi. Agar uxlash kechiksa, bu gormonlar kama yib boradi.
Aqliy faoliyat susayadi. E’tiborni jamlash, eslab qolish qobiliyatining pasayishi aynan o‘z vaqtida uxlamaslik bilan bog‘liq. Oqibatda ish unumdorligi yomonlashib, sifatli o‘qishga ham salbiy ta’sir qiladi.
Ruhiy muvozanat buziladi. Soat 23:00 dan keyin uxlaydigan insonlarda depressiya, qo‘rquv, ruhiy zaifliklar ko‘p kuzatiladi.
Yurak urish muvozanati yomonlashadi.
So‘nggi yillarda yurakqon tomir kasalliklari ham ko‘payib, ham “yosharib bormoqda”. Kam va o‘z vaqtida uxlamaslik yurakni zo‘riqtirib, umrning qisqarishiga sabab bo‘lmoqda. Yurakni davolash uchun o‘z vaqtida uxlash kerak.
Eng foydali uyqu esa soat 22:00 dan 05:00 gacha bo‘ladi. Chunki aynan shu soatlarda uyqu fazalari mukammal kechadi.
Internet manbalari asosida tayyorlandi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 8-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws