Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Sentabr, 2026   |   23 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:31
Quyosh
05:53
Peshin
12:22
Asr
16:56
Shom
18:54
Xufton
20:11
Bismillah
05 Sentabr, 2026, 23 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Hadya

05.11.2024   7336   1 min.
Hadya

Bir qizaloq taqinchoq do‘koniga kirib sotuvchiga qarab chiroyli zirak ko‘rsatishini so‘radi. Sotuvchi qizaloqqa hayratlangancha qarab turaverdi. Shunda qizaloq bir zirakni ko‘rsatib: “Mana buni chiroyli qilib o‘rab berolasizmi?!”, dedi. Sotuvchi: “Puling bormi?” deb so‘radi. 
Qizaloq cho‘ntagidagi bir nechta tangani chiqarib,:“Bor pulim shu, yetadimi?” deb so‘radi. So‘ngra u: “Bilasizmi, men opamga shu zirakni sovg‘a qilmoqchiman. Chunki u onamiz olamdan o‘tganidan keyin bizga g‘amxo‘rlik qilib kelmoqda. Men opamni xursand qilishni juda xohlardim. Menda bori shu”, dedi pulga ishora qilib. 
Bir necha soniyadan so‘ng sotuvchi zirakni chiroyli qutiga solib, qizchaning qo‘liga berdi. U xursand bo‘lganicha uyiga shoshib ketdi. 
Bir fursatdan so‘ng do‘konga bir o‘rta yoshli qiz kirib, do‘konchiga o‘sha qizaloq olgan zirakni ko‘rsatib: “Buni sizdan olganmidi?” deb so‘radi. Sotuvchi taqinchoqga qarab: “Ha” deb javob berdi. Qiz taqinchoqni narxi qanchaligini so‘radi. Sotuvchi: “Bu xaridor va mening kelishuvim” deb javob qildi. U: “Singlimda bir necha tanga bor edi. Bu esa judayam qimmatligini bilaman. Bunga pulimiz yetmaydi” deb zirakni qaytarib bermoqchi bo‘ldi.
Shunda sotuvchi: “Singlingiz bor budini berdi. Bu narxni hech kim bera olmaydi”, deya taqinchoqni qizga qaytarib berdi.
 
Akbarshoh Rasulov tarjimasi

Hadya
Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

22.08.2026   35119   4 min.
Botil da’vo: YURTIMIZ RAHBARLARI TOG‘UTMI?

Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?

“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.

“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.

“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?(Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.

Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.

Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.

Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.

Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.

Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.

Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.

Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA