Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Noyabr, 2026   |   29 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:43
Quyosh
07:04
Peshin
12:12
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:28
Bismillah
09 Noyabr, 2026, 29 Jumadul avval, 1448

Tanlang: 50 mingmi yoki 500 $ ?!

05.11.2024   4840   5 min.
Tanlang: 50 mingmi yoki 500 $ ?!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

  • Xo‘jayin, bugun yakshanba…
  • Bilaman!
  • Ozroq pul bersangiz, do‘konga chiqib kelsam, tushlikka biror yegulik tayyorlasam…
  • Bor narsadan ovqat-povqat qilavergin-da! Nima, pulim bo‘lsa yashirib o‘tirarmidim?
  • Shundayku-ya, bolalar anchadan beri tansiqroq nimadir yegilari keladi. Anchadan beri ishxonadan o‘zimni tekin tushligimni olib kelaman. Lekin har safar olib chiqish juda noqulay bo‘ladi-da..
  • …

Shahodat ortiq gapirmadi. Bu vaziyatda na gapirgan g‘olib va na jim turgan. Chunki aytilmasa ham, eslatilmasa ham ma’lum holatlar bor. 15 yillik oila uchun yo‘qchilik yangilik emas. Ro‘zg‘orga u kerak, bu kam. Endi butlading, desang maishiy to‘lovlar mo‘ralab turadi. Arang qutildim desang, kimdir kasal bo‘lib, dori-darmon oylikning sho‘rini quritadi. Maktabga pul, bog‘chaga to‘lovni kechiktirmay yetkaziladi. Mabodo, kimdir tug‘ilib, yana kimdir to‘y qilsa, o‘sha oy ro‘za tutishga to‘g‘ri kelib qoladi. Kundalik benzinni umuman istisno qilib bo‘lmaydi. Non yeyishmasa ham, mashinani och qoldirish “gunoh”! Mashinasiz kirakashlik kasod bo‘ladi. Oilaning asosiy ta’minot jabhasi shikastlanadi. Shahodatning sirtqi o‘qishining kontrakti mutlaqo oila xarajatlariga kiritilmagan. Uni to‘lash tugul, o‘ylash odamni azoblaydi-ku… Xullas, birovdan oldin-birovdan keyin.

Shukr-ki, Shahodat Xudo tavfiq va farosat bilan siylagan ayollardan. Boriga shukr, kamiga sabr qiladi. Ertasiga bir tishlam noni qolmasa ham, duo va tavakkulni xayolan qozonga solib, erinmay qaynatadi. Shira tortib ketguncha qaynatadi-da, namagi uchun ikki qatra ko‘z yoshni ham kanda qilmaydi. Bu “mazali taom” ta’mini boylar, o‘ziga to‘qlar qidirib topa olmaydilar. Bunaqa ko‘z yoshlar va duolarga qorishgan “xayoliy taomlar”ni siniq qalb sohiblari qoyillatadilar-da!

Odatiy kunlardan biri edi. Shahodat hamyoniga qaradi. 50 ming so‘m puli qolibdi. Oylikkacha hali ancha bor. Qarzlariga beray desa, urvoq ham bo‘lmaydi. Qachondan beri ko‘nglidan bir gap o‘tadi: “Mana, necha yildan beri bo‘lak yashaymiz. O‘zingdan orttirib, birovga ehson qilishga qurbing yetmaydi. Lekin ehson qilish uchun boy bo‘lish shart emas-ku, to‘g‘rimi? Ozgina narsa ham katta ajr olib kelishi mumkin. Qulog‘imga chalingandi, yaqin kunlarda qaynota otajonim qozon kabobmi, to‘y oshimi, nimadir tansiq taom istab turgandilar-da… Shu bor 50 ming so‘mimni o‘g‘illariga bersam, biror yaxshi taom olib borsalar-u, shu juma adajonni duolarini olsak. Ro‘zg‘or bu 50 bilan na kamayib, na ko‘payib qolmaydi. Duo tagida qolarmidik…”. Kallaga yaxshi fikr kelganda ikkilanmay, otni qamchiladi-da, ishga ketishayotganda turmush o‘rtog‘iga o‘sha oxirgi 50 mingni chiqarib, “kichik ehsoncha” qilishini iltimos qildi. Burhon, sevindi oqila ayolidan. Ham kuyundi qo‘li kaltaligidan. Ha, mayli, shunisiga ham shukr, ko‘p shukr.

Shahodat o‘sha 50 mingni berganidan biram sevindi, biram osmonlarda uchdi-ye. Xuddi osmon ham kulib, dov-daraxtlar qarsak chalganday bo‘ldi. Axir o‘zi muhtoj, ehson olishga eng haqli bo‘lganing bir holatda, ehson qila olish naqadar baxt! Yana ota-onangga-ya.

Bu ko‘tarinkilik Shahodatning ishida ham davom etdi. Kompyuterida hisob-kitobini zohiran xotirjam ko‘rinib bajarsa-da, ruhi tanasiga sig‘may yayrab ketardi.

Xonasi eshigi taqilladi. Uni so‘rashdi. Darrov ishlayotgan hisobotini saqlab qo‘ydi-da, tashqariga chiqdi. Boshqa bo‘limdagi hamkasbi ekan. Uni ko‘rib yana xursand bo‘ldi. Oralarida samimiy do‘stlik, birdamlik bor. Juma kuni to‘g‘ri uni kelib yo‘qlab turibdi. Hamkasbi Shahodatni ortiqcha vaqtini olmadi. Qo‘lini uning qo‘llariga qo‘ydi va bukladi. Ochma va qaytarma degani bu. “Iltimos, buni oling. Yoki sizga, yo bo‘lmasa boshqa qizga berishim kerak edi. Alloh meni to‘g‘ri xonangizga boshladi. Sizga kelaverdim. Bu sizga berib yuborilgan ehson. Bilasiz, kontraktingiz bor. Shuni to‘lash uchun, inshaalloh yetadi”, dedi-da, tezda o‘z bo‘limi tomon yurib ketdi. Shahodat to‘satdan sodir bo‘lgan bu ishdan rahmat, deyishga ham ulgurmadi. Buklangan qo‘llarini ochdi: 500 $  ekan. Haqiqatda kontrakti uchun shuncha pul kerak edi. To‘lash uchun nima qilishini, kimdan qarz olishini bilmay giryon yurgan edi. Ajabo, bunisi qiziq bo‘ldi-ku. Ertalabdan oxirgi 50 mingini ehson qiluvdi. Ko‘p vaqt o‘tib ulgurmasidan, o‘ziga yuz barobar bo‘lib qaytib turibdi-ya! “Yo, Robb, shukr, ko‘p shukr. Ehsonga ilhomlantirganing uchun. Bizni ham, ularni ham, yetkazuvchini ham. Sen shunday Zotsan-ki, yaxshilik va karamda hech kimni o‘zingdan o‘zdirmaysan. Men rahmating qarshisida mast, qudrating oldida lolman”, deya ikki yanog‘i ho‘l bo‘ldi. Ich-ichidan berganni ham, yetkazganni ham duo qildi. Ularni ota-onalarini alohida esladi…

Bunday voqealar hayotimizda har qadamda uchrab turadi. Qahramonlarni ehtimol siz ham tanirsiz. Goho oluvchi, goho beruvchi, goho kuryer qiyofasida namoyon bo‘lasiz. Bering, kam deb hisoblamang. Berolmasangiz beruvchilarni yo‘llab qo‘ying. Siz bilgan muhtojlarni ular bilmasligi mumkin. Alloh taolo nazdida ehsonni katta-kichigi bo‘lmaydi. Axir 50 mingni tanlarmidingiz yoki 500 $ !?

TII “Hadis va Islom tarixi fanlari” kafedrasi
katta o‘qituvchisi 
N.Saidakbarova

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Haj vaziri bilan yangi mavsumni yuqori darajada o‘tkazish muhokama qilindi

09.11.2026   12216   2 min.
Haj vaziri bilan yangi mavsumni yuqori darajada o‘tkazish muhokama qilindi

8 noyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi o‘rtasida “Haj – 2027” mavsumini namunali tashkil etish yuzasidan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Haj va umra vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, elchi Nodirjon Turg‘unov, attashe Shuhrat Amoniy kelgusi haj mavsumini yuqori darajada o‘tkazish masalalarini atroflicha muhokama qilishdi.

Uchrashuv avvalida muhtaram Prezidentimiz hamda Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Valiahd Muhammad bin Salmon Ol Saud o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar salmoqli natija berayotgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika, turizm, qishloq xo‘jaligi va ziyoratchilarga eng yuqori darajadagi xizmatlar ko‘rsatilayotgani alohida e’tirof etildi.

Haj va umra vaziri o‘z navbatida O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarni, xususan, diniy-ma’rifiy sohadagi ijobiy o‘zgarishlar, butun dunyo e’tirofiga sazovor bo‘layotgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasida olib borilgan bunyodkorlik ishlari, shuningdek, ziyoratchilarga yaratilayotgan qulay sharoitlarni yuksak baholadi. Doktor Tavfiq ar-Robia yurtimizga amalga oshirgan avvalgi ikki tashrifi davomida guvohi bo‘lgan jadal taraqqiyotni e’tirof etib, O‘zbekistonga yana tashrif buyurish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Muloqot davomida “Haj-2027” mavsumini yuqori saviyada tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar yuqori sifat nuqtayi nazaridan muhokama qilindi. Jumladan, hojilarga eng munosib sharoitlarni hozirlash, haj arkonlari ado etiladigan makonlarda sharoitlarni yaxshilash, transport, tibbiy va oshxona xizmatlari sifatini takomillashtirish kabilarga urg‘u qaratildi.

Muloqot yakunida tomonlar qator masalalar bo‘yicha kelishuvga erishish barobarida o‘zaro esdalik sovg‘alari almashdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari