Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon mo‘min qabrida o‘tirg‘izilsa, unga kelinadi. So‘ngra «Ashhadu alla ilaaha illallohu va anna Muhammadan Rasulullohi», deb shahodat keltiradi. Ana o‘sha Allohning «Alloh iymon keltirganlarni bu dunyo hayotida ham, oxiratda ham sobit so‘z ila sobitqadam qilur», deganidir» (Ibrohim surasi, 27-oyat), dedilar».
Sharh: «Qachon mo‘min qabrida o‘tirg‘izilsa» – bu ish u dafn qilinib, ustiga tuproq tortilganidan keyin bo‘ladi. Uni qabrida o‘tirg‘izib, so‘roq qilish boshlanadi.
«Unga kelinadi», ya’ni uning oldiga so‘roq qilinishi uchun kelinadi. Bu ishni bajargani Munkar va Nakir ismli ikkita qoramtir ko‘k rangdagi farishtalar keladilar. Ularning ko‘rinishi farishtaga ham, odamga ham o‘xshamaydi. Savol-javob qanday bo‘lishi kelgusi hadisda bayon qilinadi. Mo‘min-musulmon kishi iymoni va solih amallari tufayli kalimai shahodatni aytishga muyassar bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni Karimda ham xabar bergan ekan.
Alloh taolo bizlarni ham ana shunday sobit kalima egasi bo‘lgan bandalaridan qilsin.
عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ الْعَبْدَ إِذَا وُضِعَ فِي قَبْرِهِ وَتَوَلَّى عَنْهُ أَصْحَابُهُ وَإِنَّهُ لَيَسْمَعُ قَرْعَ نِعَالِهِمْ، أَتَاهُ مَلَكَانِ فَيُقْعِدَانِهِ فَيَقُولَانِ: مَا كُنْتَ تَقُولُ فِي هَذَا الرَّجُلِ؟ - لِمُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ -، فَأَمَّا الْمُؤْمِنُ فَيَقُولُ: أَشْهَدُ أَنَّهُ عَبْدُ اللهِ وَرَسُولُهُ، فَيُقَالُ لَهُ: انْظُرْ إِلَى مَقْعَدِكَ مِنَ النَّارِ، قَدْ أَبْدَلَكَ اللهُ بِهِ مَقْعَدًا مِنَ الْجَنَّةِ، فَيَرَاهُمَا جَمِيعًا، وَأَمَّا الْكَافِرُ أَوِالْمُنَافِقُ فَيُقَالُ لَهُ: مَا كُنْتَ تَقُولُ فِي هَذَا الرَّجُلِ؟ فَيَقُولُ: لَا أَدْرِي، كُنْتُ أَقُولُ مَا يَقُولُ النَّاسُ، فَيُقَالُ: لَا دَرَيْتَ وَلَا تَلَيْتَ، وَيُضْرَبُ بِمَطَارِقَ مِنْ حَدِيدٍ ضَرْبَةً، فَيَصِيحُ صَيْحَةً يَسْمَعُهَا مَنْ يَلِيهِ غَيْرَ الثَّقَلَيْنِ. رَوَاهُمَا الْخَمْسَةُ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, banda qachon qabriga qo‘yilsa-yu, undan sohiblari qaytib ketsa, u ularning kavushlarining taqillaganini eshitib turganida oldiga ikki farishta kelib, uni o‘tirg‘izishadi va:
«Bu odam – Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqida nima der eding?» deyishadi. Mo‘min bo‘lsa:
«Shahodat beramanki, albatta, u Allohning bandasi va Rasulidir», deydi.
Unga: «Do‘zaxdagi o‘rningga nazar sol, batahqiq, Alloh senga uni jannatdagi o‘ringa almashtirib berdi», deyiladi. U ikkovini ham ko‘radi.
Kofir yoki munofiqqa esa:
«Bu odam haqida nima der eding?» deyiladi.
«Bilmadim, odamlar aytadigan narsani aytar edim», deydi. Bas, unga:
«Bilmading ham, (bilganlarga) ergashmading ham», deyiladi va temirdan bo‘lgan gurzi bilan bir uriladi. O‘shanda u shunaqangi qichqiradiki, insu jindan boshqa hamma eshitadi», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisda Ahli Sunna val jamoa aqiydasi bo‘yicha Qur’on va sunnat bilan sobit bo‘lgan aqiydaviy masala – qabr savoli va azobi haq ekanligi va uning qay yo‘sinda bo‘lishi haqida so‘z bormoqda. Bu hadisni diqqat bilan o‘rganishimiz va undagi har bir masalani aqiyda ma’nosida singdirib olishimiz hamda har lahzada undagi holatni eslab turishimiz lozim.
O‘lmaydigan kim bor? Hamma ham o‘ladi. O‘lim har bandaning boshida bor.
O‘lim nima?
Inson o‘lganidan keyin nima bo‘ladi?
Uning holi ne kechadi?
O‘lim kishining yuragi urishdan to‘xtab, qon aylanmay, qimirlamay qolishidan iborat xolosmi?
Yoki boshqa narsalar ham bormi?
Inson o‘lganidan keyin hamma ish bitadimi?
Qabrida chirib, tuproqqa qo‘shilib ketaveradimi?
Unday bo‘lsa, uni boshqa hayvonlar, qurt-qumursqalardan nima farqi bor?
Yoki inson bu dunyoda turli hayvon va qurtu qumursqalardan farqli bo‘lib, aql bilan yashaganligi uchun o‘lganidan keyin ham unga boshqacha, insonga to‘g‘ri keladigan munosabat bo‘lishi kerakmi?
Islom aqiydasi bo‘yicha, bu dunyo inson uchun sinov maydoni, xolos. Asosiy hayot diyoriga o‘tishdan oldin imtihon topshirib, u yoqdagi hayotga o‘zining naqadar haqli ekanligini isbot qilish fursati, xolos.
Ana o‘sha boqiy dunyodagi martabasi uchun inson ushbu foniy dunyoda harakat qiladi.
Islomda insonning o‘lishi – bu dunyodan u dunyoga o‘tgani, foniy dunyodan boqiy dunyoga ko‘chishi, xolos.
Yangi, boqiy dunyoda uni farishtalar kutib olib, o‘z o‘rniga joylashtiradilar. Qanday joyga munosib ekanligini o‘ziga bildirish uchun so‘roq-savol qiladilar, qo‘lidagi nomai a’molini ko‘radilar. So‘ng unga joy ko‘rsatadilar. Ana shu ishlar qabrdan boshlanadi. Ushbu biz o‘rganayotgan hadisi sharifda aynan qabrda nimalar kechishi haqida so‘z ketmoqda. Keling, bir-bir o‘rganib chiqaylik:
1. Qabrdagi yangi ko‘milgan kishi o‘zini ko‘mib ketayotgan odamlarning oyoq tovushlarini eshitishi. Bu haqiqat hozirgi zamon ilmi orqali ham tasdiqlandi.
2. Qabr savolining ko‘mib, qaytayotgan kishilar qabrdan uzoqlashmay turiboq boshlanishi.
3. Qabr savolining ikki farishta tomonidan olib borilishi.
4. Qabrdagi kishini o‘tirg‘izib olib, so‘roq qilinishi.
5. Beriladigan savollardan biri Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam haqlarida bo‘lishi.
6. Bu dunyoda mo‘min-musulmon bo‘lib, iymoni va amali joyida bo‘lgan kishi qabr savoli vaqtida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haqlaridagi savolga dadil va aniq javob berishi.
7. Mo‘min-musulmon kishining dadil va aniq javobidan keyin haligi ikki farishta agar u mo‘min-musulmon bo‘lmaganida, do‘zaxdagi uning joyi qaysi bo‘lishini ko‘rsatishi.
So‘ngra mo‘min-musulmonligi tufayli unga jannatdan beriladigan joyni ko‘rsatishlari.
Alloh barchamizni ana o‘shanday baxtli kishilardan qilsin.
8. Kofir va munofiqlar ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haqlarida so‘roq qilinishlari. «U dunyoda bu odam haqida nima der eding?» deb so‘ralishi.
9. Kofir «Bilmasam», deb javob berishi.
Tilida musulmonman, deb yurgan odam esa «Odamlar nima desa, o‘shani aytar edim», deyishi.
Demak, Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqlarida odamlar nima desa, o‘shani aytib yurish kifoya qilmas ekan. Kishining qalbida u zot sollallohu alayhi vasallam haqlarida mustahkam e’tiqod bo‘lishi, zoti shariflarini aniq bilish lozim ekan.
10. Kofir va munofiq savolga javob bera olmaganidan keyin unga qattiq so‘z aytilib, boshiga temir gurzi bilan urib, azob berish boshlanishi.
Qabr azobi mana shu bo‘ladi. Qabr azobining bayonotlari boshqa hadislarda ham keladi.
11. Qabrida temir gurzidan kaltak yegan kofir va munofiqning dod-voyini odam va jinlardan boshqa hamma mavjudot eshitishi.
Bu dunyo hayotida ushbu narsalarga to‘liq iymon keltirib, qabrga kirganda yaxshi holda bo‘lishga loyiq ishlarni qilishga o‘tish lozim.
«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi
Malayziyada bo‘lib o‘tgan “MATTA Fair” yirik sayyohlik ko‘rgazmasida O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan milliy pavilon tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Malayziya xalqaro savdo va ko‘rgazmalar markazida namoyish etilgan milliy pavilon mamlakatimizning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirildi.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga respublikada turizm sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ziyorat turizmini jadal rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
So‘nggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan, Malayziya fuqarolari uchun ham mamlakatga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Sayyohlar Buxoro, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrining tarixiy va zamonaviy sayyohlik markazlari, boy madaniyati, betakror arxitekturasi va san’ati, milliy an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Milliy pavilonda Turizm qo‘mitasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi vakillari hamda respublikaning qator turkompaniyalari tomonidan ziyorat turizmi, tarixiy-madaniy turizm, gastronomik turizm, Umra+, qishki turizm kabi sayyohlik dasturlari “B2B” va “B2C” formatlarida keng targ‘ib qilindi.
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi vakillari mamlakatimizga sayohat qiluvchilar uchun yaratilgan qulayliklar, jumladan, Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar mavjudligi haqida axborot berdi.
Tadbir davomida ikki mamlakat turoperatorlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorligi doirasida respublikaga sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati