Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Noyabr, 2026   |   29 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:43
Quyosh
07:04
Peshin
12:12
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:28
Bismillah
09 Noyabr, 2026, 29 Jumadul avval, 1448

O‘limdan qolgan qassob

06.11.2024   8186   3 min.
O‘limdan qolgan qassob

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Musulmonlar xalifasi Xorun ar-Rashid rahmatullohi alayh xalq hayotini o‘rganish uchun faqirona kiyinib, hayvon bozorini aylanib yursa, bir qassob bir qo‘yning bahosini so‘rabdi. Sotuvchi “20 tanga” deganini eshitib, qassob “Qo‘yingizning 14 kilo go‘shti, 4,5 kilo yog‘i bor. Uning narxi 15 tanga xolos”, debdi va qo‘yni olmay ketibdi.

Xalifa navkarlaridan biriga qo‘yni sotib olishni, ikkinchisiga qassob ortidan borishni buyuribdi. Bozordan qaytgach, o‘sha qo‘yni so‘yishibdi va qassob aytganidek, 14 kilo go‘sht va 4,5 kilo yog‘ chiqqanini ko‘rishibdi. Qassobni topib kelishibdi va unga yana ikki qo‘chqorni ko‘rsatib, qancha go‘sht va yog‘ borligini so‘rashibdi. Qo‘chqorlar so‘yilganidan so‘ng qassob aytgan miqdorda yog‘-go‘sht chiqibdi. Xalifa qoyil qolibdi hamda undan dunyoviy va uxroviy ilmlardan so‘rabdi.

Afsus, bu sohada qassobning ilmi yo‘q edi.

Shunda xalifa debdi: – Ey qassobzoda! Nahot, hayotni faqat qassobchilikdan iborat, deb tushunsang? Qani senda davlatingga muhabbat, xalqingga muhabbat? Nahot, halol va haromning farqiga bormasang?

Xalifa jar soldirib, e’lon qilibdi:

– Bu qassob shuncha zehni, shuncha ilmi bo‘la turib, yo dunyoviy, yo uxroviy ilm olmagani, halol-haromning farqiga bormagani uchun boshqalarga ibrat bo‘lsin deb kelgusi juma kuni uni ostiraman.

Hamma bu hukmdan rozi bo‘lib, uning odilligini tan olishibdi.

Ertasi kuni xalifa qabuliga ikki yosh yigitcha kirib kelibdi. Xalifa ularning xulqu axloqini ko‘rib, ichida “Farzanding bo‘lsa, shunday bo‘lsin” – deb qo‘yibdi. Yigitlar xalifadan gapirishga izn so‘rashibdi va ruxsatdan so‘ng deyishibdi:

– Ey shahanshoh! Avvalo, bizning bir qoshiq qonimizdan keching. Biz o‘limga hukm qilingan qassobning o‘g‘illarimiz. Otamizdan so‘ralgan savollarni bizdan so‘rasangiz. Xalifa bolalarni uzoq savolga tutib, ulardagi ilmu yetuklikni sezib, kuchliroq olim kishilarni chorlab, ilm majlisi o‘tkazibdi hamda bolalarning zehni va ilmiga qoyil qolibdi va debdi:

– Sizlarga tasanno, lekin otangizga chiqarilgan hukm hammaga ma’qul kelgan va ko‘pchilikka ibratdir.

Shunda qassobning katta o‘g‘li:

– Ey muhtaram jamoa! Bola – loy, ota va ona – kulol emasmi?

Bola onadan o‘g‘ri, qotil yoki yolg‘onchi bo‘lib tug‘ilmaydi-ku. Uni tarbiyalovchi ota-ona va tashqi muhitdir. Otamizga chiqargan hukmni otamizga emas, uning otasiga chiqarish kerak edi. Otamiz o‘zi ilmsiz bo‘lsa ham, bizni shunchalik ilmli, ma’rifatli bo‘lishimizga sharoit yaratdi. Otamiz tahsinga loyiqdir, dedi.

Xalifa uzoq sukut saqladi va dedi:

– Ey vazir, sen endi iste’foga chiq. Shu bola menga vazir bo‘lsin. Ey jallod, qassobni olib kel, ustiga zarbof to‘n yop, bu elga ibrat bo‘lsin. Chunki bizning kelajagimiz – farzandlarimiz. Bola tarbiyalanganligi, olijanobligi uchun qassob shunga loyiqdir. Qassobning otasi tirik bo‘lsa, olib keling, o‘lgan bo‘lsa, go‘ri ustiga o‘ttiz darra uring! Chunki shu qassob ham yoshligida iste’dodli bo‘lgan, otasi esa unga qassobliqdan boshqa narsani o‘rgatmagan.

Dunyoviy va uxroviy ilm izlamoq – tug‘ilgandan to lahadga borguncha farz. O‘z ma’naviyatimiz va milliy g‘ururimizni o‘zimiz ko‘taraylik. Bizning ham go‘rimiz ustiga darra tushishidan Alloh asrasin.

 

Muhammad Quddus Abdulmannon,
“Yetti chinor” jome masjidi imom-noibi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Haj vaziri bilan yangi mavsumni yuqori darajada o‘tkazish muhokama qilindi

09.11.2026   8373   2 min.
Haj vaziri bilan yangi mavsumni yuqori darajada o‘tkazish muhokama qilindi

8 noyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi o‘rtasida “Haj – 2027” mavsumini namunali tashkil etish yuzasidan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Haj va umra vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, elchi Nodirjon Turg‘unov, attashe Shuhrat Amoniy kelgusi haj mavsumini yuqori darajada o‘tkazish masalalarini atroflicha muhokama qilishdi.

Uchrashuv avvalida muhtaram Prezidentimiz hamda Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Valiahd Muhammad bin Salmon Ol Saud o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar salmoqli natija berayotgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika, turizm, qishloq xo‘jaligi va ziyoratchilarga eng yuqori darajadagi xizmatlar ko‘rsatilayotgani alohida e’tirof etildi.

Haj va umra vaziri o‘z navbatida O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarni, xususan, diniy-ma’rifiy sohadagi ijobiy o‘zgarishlar, butun dunyo e’tirofiga sazovor bo‘layotgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasida olib borilgan bunyodkorlik ishlari, shuningdek, ziyoratchilarga yaratilayotgan qulay sharoitlarni yuksak baholadi. Doktor Tavfiq ar-Robia yurtimizga amalga oshirgan avvalgi ikki tashrifi davomida guvohi bo‘lgan jadal taraqqiyotni e’tirof etib, O‘zbekistonga yana tashrif buyurish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Muloqot davomida “Haj-2027” mavsumini yuqori saviyada tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar yuqori sifat nuqtayi nazaridan muhokama qilindi. Jumladan, hojilarga eng munosib sharoitlarni hozirlash, haj arkonlari ado etiladigan makonlarda sharoitlarni yaxshilash, transport, tibbiy va oshxona xizmatlari sifatini takomillashtirish kabilarga urg‘u qaratildi.

Muloqot yakunida tomonlar qator masalalar bo‘yicha kelishuvga erishish barobarida o‘zaro esdalik sovg‘alari almashdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari