Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh taoloning shunday farishtalari borki ular ko‘chalarda Alloh taoloni zikr qilayotgan kishilarni qidirib yuradilar. Agar Alloh taoloni zikr qilayotgan biror jamoatni uchratsalar qolgan sheriklariga, “sizlar qidirayotgan jamoatni topdim bu yerga kelinglar” deb chorlaydi. Barcha farishtalar Allohni zikr qilayotgan jamoatni halqa bo‘lib qanotlari bilan o‘rab oladilar toki ularning qanotlari osmon dunyosiga qadar yetib boradi. Shunda Alloh taolo o‘zi bilib tursa ham farishtalarga: “Bandalarim nima deyaptilar?” deb savol beradi.
Farishtalar: “Senga tasbeh, takbir, hamd aytib ulug‘lashyapti”, deydilar. Alloh taolo: “Ular meni ko‘rishganmi?” deb so‘raydi.
Farishtalar: “Agar Seni ko‘rganlarida, Senga yanada qattiqroq ibodat qilishar, Seni yanada qattiqroq ulug‘lashar va Senga yanada ko‘proq tasbeh aytishar edi”. deyishadi.
Alloh taolo: “Bandalarim mendan nimani so‘rayaptilar?” deydi.
Farishtalar: “Sendan Jannatni so‘raydilar”, deb aytadilar. Shunda Alloh taolo: “Ular Jannatni ko‘rganmilar?” deb so‘raydi.
Farishtalar: “Qasamki ular jannatni hargiz ko‘rishmagan”, deydilar. Alloh taolo: “Agar Jannatni ko‘rsalar qanday xolatda bo‘lishardi?” deydi.
Farishtalar: “Agar ular jannatni ko‘rsalar unga yanada haris, qattiqroq intiluvchan va ko‘proq rag‘batli bo‘lishardi”.
Alloh taolo: “Bandalarim nimadan panoh so‘rashyapti?” deb so‘raydi.
Farishtalar: “Jahannamdan”, deb javob beradilar.
Alloh taolo: “Ular Jahannamni ko‘rganmilar?” deb aytadi.
Farishtalar: “Qasamki yo‘q, ular uni ko‘rishmagan”, deydilar.
Alloh taolo: “Agar uni ko‘rsalar qanday bo‘lardi?” deb so‘raydi.
Farishtalar: “Agar ular Jahannamni ko‘rganlarida undan qattiqroq qochib, yanada ko‘proq qo‘rqishardi”, deydilar.
Alloh taolo: “Sizlar guvoh bo‘ling, Men ularning barchalarini mag‘firat qildim”, deb aytadi. Shunda farishtalardan biri: “Robbim ularning ichida falonchi o‘zining ishi uchun ular orasida, aslida ulardan emas edi”, deydi.
Alloh taolo aytadi: “Ular shunday suhbatdoshki, ularning suhbatdoshi ham baxtsiz bo‘lmaydi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisi qudsiydan olinadigan foydalar:
1) farishtalar doimo Alloh zikr qiladigan banlarni izlab yurishi, zikr halqalarini qidirishi, uchratganda esa xursanchiliklaridan bir birini chorlashlari;
2) zikr qilayotgan bandalarni farishtalar xalqasimon bo‘lib atroflarini o‘rab olishi;
3) Alloh taolo farishtalardan bilib turib bandalari haqida so‘rashi va bu bilan odam bolalarining fazilatini ko‘rsatib qo‘yishi;
4) Jannatning vasfini bilgan musulmon Robbisiga yanada qattiqroq ibodat qilishi va jannat talabida bo‘lishi;
5) Jahannamning tavsifini eshitgan musulmon unga olib boruvchi amallardan tobora uzoq bo‘lishi;
6) Allohni ko‘p zikr qilgan bandalarini gunohlarini Robbisi kechirganligiga O‘zini guvoh qilishi;
7) zikr majlislariga zikr uchun emas balki o‘zining hojatlari uchun bo‘lsa ham kelgan bandani Alloh taolo mag‘firat qilishi;
8) ibodatning barcha turlari: ilm olish, Qur’on tilovat qilish yoki uni tinglash, zikr, tahlil, istig‘for aytish kabi solih amallar zikr majlislariga kiradi.
Humoyun TOSHBOLTOYEV
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati