Qo‘qon davlat pedagogika institutida talabalar va ustozlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, imom xatiblar, otinoyilar ishtirokida o‘tkazilgan seminarda butun jahonda dolzarb bo‘lib turgan ushbu muammo bilan bog‘liq O‘zbekistonda mavjud xavf-xatarlar, radikal, ekstremistik tashkilotlarning asl maqsadi tahlil etilib, ularga qarshi kurash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar va maslahatlar berildi.
Tadbirda ishtirok etgan Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov mamlakatimizda davlatimiz rahbari rahnamoligida amalga oshirilayotgan tinchlikparvar va xalqparvar siyosat, yoshlarning salohiyatini namoyon etish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar xususda fikr yuritdi, deb xabar beradi shahar hokimligi axborot xizmati o‘z telegram kanalida.
“Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida tashkil etilgan ko‘rgazmada tadbir ishtirokchilari bo‘lgan yoshlar mamlakat tasviriy san’at ustalarining terrorizm va ekstremizmga qarshi g‘oyalarni targ‘ib etuvchi ko‘rgazma bilan ham tanishdilar.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA muxbiri
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi, «Vaqf xayriya» jamoat fondi hamda viloyat hokimligi hamkorligida kam ta’minlangan oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
Xayrli tadbir davomida bolajonlarga kiyim-kechaklar va sovg‘a-salomlar taqdim etilib, ularning quvonchiga quvonch ulashildi. To‘yxonada osh damlanib, mehmonlar va yurtdoshlarga dasturxon yozildi.
Bunday xayrli va saxovatli ishlar mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida amalga oshirilib, xalqimizga bo‘lgan mehr-e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sirdaryo viloyati vakilligi matbuot xizmati