Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Noyabr, 2026   |   29 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:43
Quyosh
07:04
Peshin
12:12
Asr
15:28
Shom
17:12
Xufton
18:28
Bismillah
09 Noyabr, 2026, 29 Jumadul avval, 1448

Qur’on bilan davolaning

07.11.2024   5311   7 min.
Qur’on bilan davolaning

“Davolarning eng yaxshisi - Qur’ondir” (Ibn Moja rivoyati). 

“O‘zingizga shifoni – asal va Qur’onni lozim tuting” (Ibn Moja rivoyati).

 

Qur’oni Karimni mo‘minlar uchun shifo va rahmat, hayotlari uchun dastur qilib yuborgan Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar va Allohning Kalomini ummatlariga to‘la-to‘kis yetkazgan sayyidimiz Muhammad alayhissalomga Allohning rahmati va salomi bo‘lsin va u zotning oila a’zolari va sahobalaridan Alloh rozi bo‘lsin.

Qur’oni karim jismoniy va ruh kasalliklarning barchasiga kifoya qiluvchi shifo hisoblanadi. Lekin har kim ham Qur’on bilan davolanishga va undan shifo topishga muvaffaq bo‘la olmaydi. Agar bemor Qur’on bilan davolanishni ishonch va mustahkam e’tiqod bilan, uning ko‘rsatmalariga to‘la-to‘kis amal qilib, o‘z o‘rniga qo‘ya olsa, har qanday dard bo‘lsa ham bartaraf bo‘ladi. Qanday bartaraf bo‘lmasin? Axir U tog‘larga tushirilganda parcha-parcha bo‘ladigan, yerga tushirilsa, yer bo‘lak-bo‘lak holga keladigan yeru osmonlar Parvardigorining so‘zi bo‘lsa...

Qur’oni karimda qalbiy va jismoniy kasalliklardan saqlanish va uning davosiga oid ko‘rsatmalar bor. Qalbida Qur’onga nisbatan muhabbat o‘rnashgan, uning ulug‘ligini his qila olgan kishilargagina manfaatlar bo‘ladi. Kim Qur’ondan shifo topmasa, hech ham shifo topmaydi. Kimga Qur’on kifoya qilmasa, unga boshqa narsa kifoya qilmaydi.

Insonni yaratib, unga dilidagi maqsadini bayon etish uchun nutqni ta’lim bergan, iymon ne’matiga musharraf qilgan va ne’matlarning eng ulug‘i o‘laroq uning hayot yo‘li hamda ruhu badaniga shifo bo‘lgan Qur’on tufayli uni mukarram qilgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin. Rahmonning so‘zi shifo bo‘lmasa, nima ham shifo bo‘la olardi? Allohning rahmati va salomi sayyidimiz Muhammad alayhissalomga va oila a’zolariga va mukarram sahobalariga bo‘lsin. 

Qur’on bilan davolanish Islom shariatida dalillar bilan sobit bo‘lgan. Ko‘p insonlarning Qur’ondan davotopayotgani so‘zimizga yaqqol dalildir. Qanchadan-qancha kasallik holdan toydirgan bemorlar borki, ularga Allohning rahmatidan o‘zga davo yo‘q. Bu esa bemorga o‘qilgan Qur’onning tilovati va oyatlarning barokatidandir. Qachonki oyatlar tilovat qilinsa, Alloh u kishiga shifo beradi. Zero, Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِّلْمُؤْمِنِينَ وَلاَ يَزِيدُ الظَّالِمِينَ إِلاَّ خَسَارًا

“Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz. U zolimlarga ziyondan boshqani ziyoda qilmas” (Isro surasi, 82-oyat).

Qur’onning davo bo‘lishi u Allohning shifo berishiga komil ishonch bilan o‘qilgandagina hosil bo‘ladi. Salaflar Qur’ondan shifo topmagan kimsaga boshqa narsa shifo bermaydi, degan e’tiqodda edilar. E’tiborga loyiq olimlarning tajribasidan ma’lum bo‘ldiki, Qur’oni Karim inson hayotining dasturi bo‘lishi bilan birga shubhasiz kasalliklarga davo hamdir.

Amerikaning Florida shtatidagi Islomiy tibbiyot ishlari markazi bemorlarning bir nechasiga Qur’oni Karim ta’sirini bilish uchun keng ko‘lamda sinov o‘tkazdi. Natijalar esa Qur’oni Karim to‘qson yetti foiz tinchlantirish ta’siriga ega bo‘lib, asab tizimini mo‘tadil holatga keltiruvchi vosita ekanini isbotladi. 

Qur’onning davo ta’siriga dalolat qiluvchi narsalar shugina emas. Allohning fazli bilan shifo topgan bemorlarning holatlariga oid hayotiy tajribalar Qur’oni Karimda shifo quvvati borligini yanada tasdiqlaydi. Men o‘zim rak, bepushtlik, quturish kabi og‘ir kasallikka uchragan yoshu qari bemorlarga Qur’on o‘qidim va Alloh Qur’on barokati bilan ularga shifo berdi. Rak kasaliga chalingan yevropalik bir qizning hikoyasini aytib beraman. U shifo talabida turli tabiblar, ko‘zbo‘yamachilar o‘rtasida yelib-yuguradi, ammo biror foyda bo‘lmaydi. Kasallik kundan-kun ziyodalashib boradi, hatto tabiblar umri tugashiga sanoqli kunlar qolganligini ochiq aytishadi. Keyin u umra qilish uchun o‘zida bir rag‘batni sezib, Allohga tavakkul qilib Makkai mukarramaga boradi. Umrani ado etgach, Masjidda Qur’on tilovat qilib, xurmo va zam-zam suvi bilan ro‘za tutib, e’tikofga o‘tiradi. Bu holat bir oy davom etadi. Keyin u asta-sekin hayotga qiziqish, kuch-quvvat va tetiklikni seza boshlaydi. Yurtiga qaytgach, tekshiruvdan o‘tganda, darddan tamoman shifo topgani ma’lum bo‘ladi.

Alloh taolo borliqni yaratuvchi, har narsaga qodir, mexribon, rahmdil va zararni o‘z rahmati va buyuk qudrati bilan ketkazuvchi Zotdir. Alloh taolo aytadi:

 

الَّذِي خَلَقَنِي فَهُوَ يَهْدِين وَالَّذِي هُوَ يُطْعِمُنِي وَيَسْقِينِ وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ وَالَّذِي يُمِيتُنِي ثُمَّ يُحْيِينِ وَالَّذِي أَطْمَعُ أَن يَغْفِرَ لِي خَطِيئَتِي يَوْمَ الدِّينِ

“U meni yaratgandir, bas O‘zi meni hidoyat qilur. Uning O‘zigina meni to‘ydirur va qondirur. Kasal bo‘lgan vaqtimda Uning o‘zi menga shifo berur. U meni o‘ldirur, so‘ngra (qiyomat kunida qayta) tiriltirur. U jazo (qiyomat) kunida mening xato-gunohlarimni mag‘firat etishini umid qilurman” (Shuaro surasi, 78-82-oyatlar).

Shuning uchun ham shifo, ofiyat va kuch-quvvat faqat Alloh tarafidandir: 

وَإِن يَمْسَسْكَ اللّهُ بِضُرٍّ فَلاَ كَاشِفَ لَهُ إِلاَّ هُوَ وَإِن يُرِدْكَ بِخَيْرٍ فَلاَ رَادَّ لِفَضْلِهِ يُصِيبُ بِهِ مَن يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَهُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ 

“Agar Alloh sizga biron ziyon yetkazsa, uni faqat O‘zigina ketkaza olur. Agar sizga biron yaxshilik (yetkazishni) iroda qilsa, Uning fazlu marhamatini qaytara olguvchi yo‘qdir. U O‘zi xohlagan bandalariga yaxshilik yetkazur. U mag‘firatli, mehribondir” (Yunus surasi, 107-oyat).

Allohning payg‘ambari Ayyub alayhissalom kasalliklari jiddiylashgan vaqtda O‘z amri bilan har qanday zararni ketkazuvchi, shifo beruvchi, ulug‘lik egasi bo‘lgan Allohga tazarru’ qilib, duo qildilar: 

 

وَأَيُّوبَ إِذْ نَادَى رَبَّهُ أَنِّي مَسَّنِيَ الضُّرُّ وَأَنتَ أَرْحَمُ الرَّاحِمِينَ

"Ayyubning Parvardigoriga nido qilib: (Parvardigorim), “Meni balo ushladi. O‘zing rahm-shafqat qiluvchilarning rahmlirog‘idirsan, deb iltijo qilgan paytini (eslang)" (Anbiyo surasi, 83-oyat). 

Duo qilishga buyurib, uni ijobat qilishni va’da qilgan Alloh aybu nuqsonlardan pok Zotdir. Alloh taolo aytadi:

 

فَاسْتَجَبْنَا لَهُ فَكَشَفْنَا مَا بِهِ مِن ضُرٍّ وَآتَيْنَاهُ أَهْلَهُ وَمِثْلَهُم مَّعَهُمْ رَحْمَةً مِّنْ عِندِنَا وَذِكْرَى لِلْعَابِدِينَ

"Bas, Biz uning (duosini) mustajob qilib, undagi ziyon-zahmatni ketkazdik hamda O‘z huzurimizdan mehribonlik ko‘rsatib, barcha ibodat qilguvchilarga eslatma-ibrat bo‘lsin, deb (Ayyubga) ahli-oilasini va ular bilan qo‘shib yana o‘shalarning mislicha bola-chaqa ato etdik" (Anbiyo surasi, 84-oyat).

Demak, bemor kishi Allohning shifo berishiga aniq ishongan holatida Allohning chiroyli ismlari bilan ko‘p duo qilishi lozim bo‘ladi. Shunda Alloh uni tezda o‘z rahmatiga olib, zararni ketkazishiga shak-shubha yo‘q. Odam farzandi Allohga naqadar muhtoj!

 

Muhammad Zafar Ahmadjonov

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Haj vaziri bilan yangi mavsumni yuqori darajada o‘tkazish muhokama qilindi

09.11.2026   8371   2 min.
Haj vaziri bilan yangi mavsumni yuqori darajada o‘tkazish muhokama qilindi

8 noyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi o‘rtasida “Haj – 2027” mavsumini namunali tashkil etish yuzasidan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda Haj va umra vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, elchi Nodirjon Turg‘unov, attashe Shuhrat Amoniy kelgusi haj mavsumini yuqori darajada o‘tkazish masalalarini atroflicha muhokama qilishdi.

Uchrashuv avvalida muhtaram Prezidentimiz hamda Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, Valiahd Muhammad bin Salmon Ol Saud o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar salmoqli natija berayotgani, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika, turizm, qishloq xo‘jaligi va ziyoratchilarga eng yuqori darajadagi xizmatlar ko‘rsatilayotgani alohida e’tirof etildi.

Haj va umra vaziri o‘z navbatida O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarni, xususan, diniy-ma’rifiy sohadagi ijobiy o‘zgarishlar, butun dunyo e’tirofiga sazovor bo‘layotgan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasida olib borilgan bunyodkorlik ishlari, shuningdek, ziyoratchilarga yaratilayotgan qulay sharoitlarni yuksak baholadi. Doktor Tavfiq ar-Robia yurtimizga amalga oshirgan avvalgi ikki tashrifi davomida guvohi bo‘lgan jadal taraqqiyotni e’tirof etib, O‘zbekistonga yana tashrif buyurish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Muloqot davomida “Haj-2027” mavsumini yuqori saviyada tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar yuqori sifat nuqtayi nazaridan muhokama qilindi. Jumladan, hojilarga eng munosib sharoitlarni hozirlash, haj arkonlari ado etiladigan makonlarda sharoitlarni yaxshilash, transport, tibbiy va oshxona xizmatlari sifatini takomillashtirish kabilarga urg‘u qaratildi.

Muloqot yakunida tomonlar qator masalalar bo‘yicha kelishuvga erishish barobarida o‘zaro esdalik sovg‘alari almashdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari