Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kitob xolis suhbatdosh, to‘g‘riso‘z va sodiq do‘stdir. Sizdan malollanmaydigan hamrohdir. Mol-dunyoingiz uni qiziqtirmaydi.
Sizga makr-hiyla ham qilmaydi, munofiqlarcha aldamaydi, yolg‘on so‘zlamaydi. Kitob haqiqiy do‘stdir.
Kitobga qaraganingiz sari undan foyda olasiz, zavq-shavq tuyasiz va rohatlanasiz, zehningiz oydinlashadi, tilingiz ravon bo‘ladi, ifodangiz ko‘rkam, ruhingiz tetik, qalbingiz obod bo‘ladi, sizga xalq hurmatini, podshohlar sadoqatini in’om etadi.
Kitob sizga tunu kun va har yerda yaxshilik qiladi.
Kitob bir lahza ham orom olmaydi. U bedorlikdan charchamaydigan, keragida sizga yordamlashib keladigan muallimdir.
Undan yiroqlashsangiz ham sizdan ranjimaydi, berayotgan foydasini to‘xtatib qo‘ymaydi, sizga itoat qilishda davom etaveradi.
Agar dushmanlaringiz ishi yurishib qolsa, sizni tashlab ular tomonga og‘ib ketmaydi. Qachon u bilan birga sizni yuksaklarga eltuvchi pillapoyaga qadam qo‘ysangiz yoki ma’rifat arqoniga osilsangiz, ya’ni mashaqqat bilan yetiladigan qaysi ishga kirishsangiz, siz uchun uning o‘zi yetarli yordamchidir.
Ko‘proq kitob o‘qishni hammamiz ham hohlaymiz, albatta. Lekin bunga doim ham imkon topmaymiz yoki himmat qilmaymiz.
Avvalo nima uchun kitob o‘qish kerakligini tushunib yetishimiz kerak.
Niyatni aniq qilib olishimiz kerak.
O‘zimizga vazifa belgilab olishimiz lozim. (Masalan, 10 bet o‘qiyman).
Mutolaani qiziqarli, hajmi kichikroq kitoblardan boshlashimiz kerak.
Bo‘sh vaqtdan unumli foydalanishimiz kerak. (Bo‘sh vaqt bo‘ldi deguncha kitob mutolaa qilishga oshiqishimiz lozim, telefonga emas).
Kitob o‘qishdan chalg‘itadigan omillarni cheklashimiz darkor.
Qog‘oz kitoblarni ko‘p o‘qishlik kerak. (Elektron qurilmalarda kitob o‘qiyotganimizda internetga kirib ketamiz va mutolaani tashlab qo‘yamiz).
Kutubxonalarga ko‘proq borishni odat qilishlik kerak.
Ovqatlanish va boshqa reflekslarimiz bo‘lganidek, ko‘proq kitob o‘qishni ham refleksga aylantirishimiz lozim.
Kitob bilan birga ekanmiz, o‘zimizni yolg‘iz va chorasiz his qilmaymiz. Hech bo‘lmaganda, kitob bizni uyimiz, ish joyimiz oldidan o‘tuvchi yo‘lovchilarga maqsadsiz qarab o‘tirishdan saqlaydi. Bu bilan biz dunyo va oxiratda juda katta foydaga erishgan bo‘lamiz inshaalloh.
Muhammad Quddus Abdulmannon,
“Yetti chinor” jome masjidi imom-noibi.
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH