Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448

Perlis muftiysi bilan uchrashuv o‘tkazildi

07.11.2024   34177   1 min.
Perlis muftiysi bilan uchrashuv o‘tkazildi

Shu yil 5 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Malayziyaning Perlis viloyati muftiysi Muhammad Asriy bin Zaynul Obidinni qabul qildi.  

Uchrashuv avvalida Homidjon domla mehmonni tashrif bilan qutlab, yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohada bo‘layotgan yangilik va o‘zgarishlar xususida so‘z yuritib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati, xususan, Xalqaro aloqalar, Masjidlar bilan ishlash, Matbuot va axborot-tahlil, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limlari va Fatvo markazi, “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyoti hamda idoraning hududiy bo‘limlari haqida ham atroflicha ma’lumot berdi.  


Shuningdek, diyorimiz ulamolar zamini ekani, ularning nomidagi Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Imom Termiziy kabi ilmiy-tadqiqot markazlari ish olib borayotgani haqida so‘z yuritdi. 

O‘z navbatida, Muhammad Asriy bin Zaynul Obidin ham samimiy qabul va ma’lumotlar uchun tashakkur bildirib, haqiqatan bu diyor Islom olamiga Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy singari buyuk ulamolarni yetishtirib bergani, bu buyuk xizmatdan butun Islom olami minnatdor ekani, ajam diyoridan ana shunday olimlarning chiqishi Haq taoloning marhamati va ushbu diyor mo‘min-musulmonlarining mashaqqatli va xolis mehnati evaziga bo‘lganini ta’kidladi. 

Shu bilan birga, bugungi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha bo‘limlari qatorida Fatvo markazi va Xotin-qizlar bo‘limi qizg‘in faoliyat yuritishi alohida ahamiyatga egaligini bildirdi. 

Muloqot so‘ngida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, o‘zaro hadyalar ulashildi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Perlis muftiysi bilan uchrashuv o‘tkazildi Perlis muftiysi bilan uchrashuv o‘tkazildi Perlis muftiysi bilan uchrashuv o‘tkazildi Perlis muftiysi bilan uchrashuv o‘tkazildi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

24.08.2026   36965   1 min.
“The Jordan Times”: Toshkentda islom sivilizatsiyasi va yangi kashfiyotlarga bag‘ishlangan xalqaro media forumi o‘tkaziladi

Iordaniyaning  nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.

Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari