Shu yil 5 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov Malayziyaning Perlis viloyati muftiysi Muhammad Asriy bin Zaynul Obidinni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Homidjon domla mehmonni tashrif bilan qutlab, yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohada bo‘layotgan yangilik va o‘zgarishlar xususida so‘z yuritib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati, xususan, Xalqaro aloqalar, Masjidlar bilan ishlash, Matbuot va axborot-tahlil, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limlari va Fatvo markazi, “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyoti hamda idoraning hududiy bo‘limlari haqida ham atroflicha ma’lumot berdi.
Shuningdek, diyorimiz ulamolar zamini ekani, ularning nomidagi Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Imom Termiziy kabi ilmiy-tadqiqot markazlari ish olib borayotgani haqida so‘z yuritdi.
O‘z navbatida, Muhammad Asriy bin Zaynul Obidin ham samimiy qabul va ma’lumotlar uchun tashakkur bildirib, haqiqatan bu diyor Islom olamiga Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy singari buyuk ulamolarni yetishtirib bergani, bu buyuk xizmatdan butun Islom olami minnatdor ekani, ajam diyoridan ana shunday olimlarning chiqishi Haq taoloning marhamati va ushbu diyor mo‘min-musulmonlarining mashaqqatli va xolis mehnati evaziga bo‘lganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, bugungi kunda O‘zbekiston musulmonlari idorasining barcha bo‘limlari qatorida Fatvo markazi va Xotin-qizlar bo‘limi qizg‘in faoliyat yuritishi alohida ahamiyatga egaligini bildirdi.
Muloqot so‘ngida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, o‘zaro hadyalar ulashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Biz safarga chiqdik. Oramizdan bir kishiga tosh tegib, boshini yordi. Keyin o‘sha odam ehtilom bo‘lib qoldi va sheriklaridan “Mening tayammum qilishimga ruxsat topa olasizlarmi?” deb so‘radi. Ular “Biz senga ruxsat topa olmaymiz. Vaholanki, sen suvga qodirsan” deyishdi. Haligi odam g‘usl qildi va vafot etdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yonlariga qaytganimizda o‘sha ish haqida xabar berildi. Shunda u zot alayhissalom: “Ular uni o‘ldirishibdi. Alloh ham ularni o‘ldirsin. Bilmasalar so‘ramaydilarmi? Axir bilmaslikning shifosi so‘rash-ku! U odamning tayammum qilishi va jarohati ustiga bir lattani qo‘yib yoki bog‘lab (bu roviy Musoning shakkidir), so‘ngra uni ustiga mas'h tortib, qolgan jasadini yuvishi kifoya qilardi” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).