Shu yilning 5-6 noyabr kunlari Boku shahridagi Butunjahon diniy yetakchilar global sammiti doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi bir qator uchrashuv va muloqotlar o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov bilan uchrashdi. Muloqotda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimizning an’anaviy yaqin va do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlash, ilm-fan, madaniyat va diniy-ma’rifiy sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda Butunjahon diniy yetakchilar global sammitining ahamiyati haqida so‘z yuritilib, mazkur tadbir xalqlar va turli din vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shishi, bu borada qardosh mamlakatlar diniy yetakchilari o‘rtasidagi hamkorlik juda ham muhim ekani ta’kidlandi.
Ali Asadov o‘z so‘zida ikki mamlakat hukumatlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yuksak baholab, bundan keyin ham O‘zbekiston Ozabayjonning eng yaqin ishonchli hamkori bo‘lib qolishiga katta ishonch bildirdi. Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Qorabog‘ning Fuzuliy shahrida umumta’lim maktabi bunyod etilganini e’tirof etish barobarida bu ajoyib maktabni ozar xalqiga sovg‘a qilgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik izhor etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
21 sentyabr kuni Termiz shahridagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida «Chekka va chegaraoldi hududlarda yot g‘oyalarga moyilligi bo‘lgan fuqarolarni sog‘lom hayotga qaytarish» loyihasiga start berishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda loyihaning maqsad va vazifalari, asosiy yo‘nalishlari hamda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining hududlarida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.
Jumladan, 11 oyga mo‘ljallangan loyiha doirasida ma’naviy-ma’rifiy va profilaktik yo‘nalishlarda keng qamrovli ishlar amalga oshiriladi.
Shuningdek, 36 ta targ‘ibot tadbiri, 23 ta seminar va 1 ta ilmiy-amaliy seminar hamda hujjatli film, videoqo‘llanma, qo‘llanmalar, risola, elektron va bosma materiallar, podkastlar hamda ko‘rsatuvlar tayyorlanadi.
Tadbirda hududlardagi ishlarni samarali tashkil etish, mahalla va ta’lim muassasalari, shuningdek, hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi buyurtmasi asosida amalga oshiriladi. Loyiha ijrochisi — Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi.
Loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar bugungi kunda jamiyat oldida turgan dolzarb vazifalardan biri — radikalizm, ekstremizm va turli buzg‘unchi g‘oyalarning oldini olish, yoshlarni bunday ta’sirlardan asrashga qaratilgan.
Zero, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan yurtimizda ma’rifat va ezgulikni keng targ‘ib qilish, jaholat va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi ma’naviy immunitetni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu ma’noda, mazkur loyiha fuqarolar bilan manzilli ishlash, sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish va jamiyatda ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati