Shu yilning 5-6 noyabr kunlari Boku shahridagi Butunjahon diniy yetakchilar global sammiti doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi bir qator uchrashuv va muloqotlar o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri Ali Asadov bilan uchrashdi. Muloqotda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimizning an’anaviy yaqin va do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlash, ilm-fan, madaniyat va diniy-ma’rifiy sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda Butunjahon diniy yetakchilar global sammitining ahamiyati haqida so‘z yuritilib, mazkur tadbir xalqlar va turli din vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shishi, bu borada qardosh mamlakatlar diniy yetakchilari o‘rtasidagi hamkorlik juda ham muhim ekani ta’kidlandi.
Ali Asadov o‘z so‘zida ikki mamlakat hukumatlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yuksak baholab, bundan keyin ham O‘zbekiston Ozabayjonning eng yaqin ishonchli hamkori bo‘lib qolishiga katta ishonch bildirdi. Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Qorabog‘ning Fuzuliy shahrida umumta’lim maktabi bunyod etilganini e’tirof etish barobarida bu ajoyib maktabni ozar xalqiga sovg‘a qilgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik izhor etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan imom-xatiblar uchun “Botil da’volarga asosli raddiyalar” nomli yangi kitob nashrdan chiqdi.
Ushbu media-qo‘llanma ijtimoiy tarmoqlarda asossiz va botil da’volarni ilgari surayotgan turli radikal toifalarga qarshi kurashish hamda ularga asosli va ilmiy usulda raddiya berish maqsadida ishlab chiqilgan.
Kitob imom-xatiblar va diniy-ma’rifiy soha vakillariga zamonaviy media-makon orqali aholiga Islom dinining asl insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilishda yordamchi manba bo‘lib xizmat qiladi.
Qo‘llanmada ahli sunna val jamoa tushunchasi, fatvo berish mas’uliyati, hanafiy mazhabi va moturidiya aqidasi asoslari, aqidaviy va fiqhiy masalalar, dorul islom va dorul kufr kabi 100 dan ortiq muhim mavzular yoritilgan.
Shuningdek, QR-kod orqali qo‘llanmaning elektron shaklidan foydalanish imkoniyati ham mavjud.
“Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan mazkur kitob 416 betdan iborat.