Sayt test holatida ishlamoqda!
17 May, 2025   |   19 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:03
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:40
Xufton
21:10
Bismillah
17 May, 2025, 19 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Muqallid iymonining e’tiborli ekani

07.11.2024   11339   8 min.
Muqallid iymonining e’tiborli ekani

41 - وَإِيْمَانُ الْمُقَلِّدِ ذُو اعْتِبَارٍ بِأَنْوَاعِ الدَّلاَئِلِ كَالنِّصَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Muqallidning iymoni qilichning temiridek (yorqin) dalillarning navlari bilan e’tiborlidir.

Nazmiy bayoni:

Muqallid iymoniga bordir e’tibor,

Qilich kabi yorqin dalillar bisyor.

Lug‘atlar izohi:

اِيْمَانُ  – mubtado va muzof. Lug‘atda ikki xil ma’noni anglatadi:

1. Ishonch;

2. Omonlik berish.

الْمُقَلِّدِ – muqallid lug‘atda “taqib qo‘yuvchi”, “osib qo‘yuvchi” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “Ma’sum zot sollallohu alayhi vasallamdan o‘zganing so‘zini dalilsiz qabul qilib oluvchi kishi muqallid deyiladi”.

ذُو – xabar bo‘lgani uchun و harfi bilan e’roblanib turibdi.

اعْتِبَار – muzofun ilayh.

بِ – “sababiya” ma’nosida kelgan jor harfi.

أَنْوَاعِ – bu kalima نَوْعِ   ning ko‘plik shaklidir. Nav jinsdan xos bo‘lib haqiqati bir xil narsalarga nisbatan ishlatiladi. Jins esa haqiqati har xil narsalarga nisbatan ishlatiladi. Masalan, hayvon jins, inson navdir. Shunga ko‘ra, bu kalima “haqiqatlari bir xil bo‘lgan dalillar bilan” degan ma’noni anglatadi.

الدَّلاَئِلِ – muzofun ilayh. Dalil lug‘atda “belgi”, “isbot” ma’nolarini anglatadi. Istilohda: “Uni bilish sababli boshqa narsa haqida ilm hosil bo‘ladigan narsa dalil deyiladi”.

كَ – “tashbeh” (o‘xshatish) ma’nosidagi jor harfi.

النِّصَالِنَصْلٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, qilich, nayza va pichoq kabi narsalar yasaladigan mustahkam metallga nisbatan ishlatiladi. Ya’ni qilichning mustahkam temiri odatda yarqirab ko‘zga tashlanib turganidek muqallid iymonining mo‘tabarligi haqidagi dalil ham mustahkam va yorqindir. 

Matn sharhi:

Kimgadir biror narsani taqish yoki nimagadir biror narsani osib qo‘yishga nisbatan قَلَّدَ  fe’li ishlatiladi. Muqallid (taqlid qiluvchi) muqolladning taqlid qilinganning) so‘zini go‘yo o‘zining bo‘yniga taqib olayotgandek bo‘lgani uchun unga muqallid deyiladi. Shu ma’noda ma’sum zot sollallohu alayhi vasallamdan o‘zganing so‘zini dalilsiz qabul qilib olish taqlid, deyiladi. Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aqidada, amalda va umuman barcha ishlarda ergashish taqlid bo‘lmaydi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlariga dalil so‘ralmaydi, balki u zotning so‘zlari, qilgan ishlari va taqrir” (biror ishni qaror toptirish)larining o‘zi musulmon kishi qabul qilishi shart bo‘lgan dalil hujjat hisoblanadi. Zero, u zotga itoat qilish Allohga itoat qilish bo‘ladi.

Demak, umrida Islom haqida umuman eshitmagan kimsaning oldida Alloh taologa iymon keltirish lozimligi aytilib, shahodat kalimasi o‘rgatilsa, u ham aytuvchiga taqlid qilib bu kalimani qaytarsa, shu aytganlarining o‘zi bilan mo‘min hisoblanadimi yoki hisoblanmaydimi? Matnda mana shu savolga javob berildi.

Shunga ko‘ra muqallid deganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan boshqa kishining so‘zini dalilsiz qabul qiluvchi kishi tushunilishiga ittifoq qilingan. Ammo dalilsiz qabul qiluvchi deganda kim tushunilishi to‘g‘risida ikki xil qarash aytilgan:

1. Odamlardan uzoq olis tog‘ cho‘qqilarida yashovchi bilan odamlar orasida yashovchi orasida farq yo‘q, barcha insonlar muqallid bo‘lishlari mumkin

2. Odamlardan uzoq olis tog‘ cho‘qqilarida yashovchi iymonu Islom haqida umuman eshitmagan kishigina muqallid bo‘ladi. Odamlar orasida yashovchilar esa barchalari fikr yurituvchi va dalil izlovchi kishilar bo‘ladi.

Mana shu ikkinchi qarash Imom Moturidiy rahmatullohi alayhning mazhabi hisoblanadi.

Muqallidlarni ham ulamolar ikki qismga ajratganlar:

1. O‘zganing so‘zini qabul qilib, bu so‘zda qat’iy turuvchi. Ya’ni unga bu gapni aytgan kishi o‘sha gapidan qaytsa ham, qaytmasdan tura oladigan kishi;

2. O‘zganing so‘zini qabul qilgan, ammo bu so‘zda qat’iy jazm qilmagan kishi. Ya’ni unga bu gapni aytgan kishi o‘sha gapidan qaytsa, bu ham, albatta, qaytadigan kishi.

Muqallidning iymoni e’tiborli ekani haqidagi bahs birinchi qismga tegishlidir. Ikkinchi qismning esa iymoni e’tiborli emasligi bilittifoqdir. Chunki shak va taraddud aslo iymon hisoblanmaydi.

Muqallidning iymonini e’tiborsiz hisoblaydiganlar quyidagi ma’nodagi so‘zlarni aytadilar: Dinning asosida taqlid qilish joiz bo‘lmaydi. Chunki bizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashishga buyurilganmiz, u zot esa dinning asosini bilishga buyurilganlar:

﴿فَٱعۡلَمۡ أَنَّهُۥ لَآ إِلَٰهَ إِلَّا ٱللَّهُ

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling”[1].  

Har bir mo‘min banda dinning asosi bo‘lgan e’tiqod masalalarini bilishi lozim. E’tiqod masalalarida ixtilof kam bo‘lgani e’tiboridan ularning asosiylarini bilib olish qiyin ham emas. Qolaversa, har bir sog‘lom tabiatli kishining tabiiy sezgisida ham bu narsa mavjud. Bunga quyidagi rivoyat dalil bo‘la oladi: “Bir a’robiy kishidan Alloh taoloning borligiga dalil so‘raldi. Shunda u: “Bir dona qil katta tuyaga dalolat qiladi, qaysi bir tezak eshaklarga dalolat qiladi, qadamlarning izlari o‘sha yerdan o‘tgan kimsaga dalolat qiladi, shunday ekan, yulduzlarga to‘la osmon, dalayu yaylovlarga to‘la yer, to‘lqinlanib turuvchi dengizlar barcha narsalarni Bilguvchi, hamma narsaga qodir Zotga dalolat qilmaydimi”, – deya javob berdi”[2]

Muqallid iymonining e’tibori yo‘q deydiganlar ushbu kabi dalillarni keltirishib, modomiki, taqlid qiluvchi Allohni tanimas ekan, U haqida tafakkur qilmas ekan, iymoni e’tiborli hisoblanmaydi, deydilar.

Muqallidning iymoni e’tiborlidir, deydiganlar ko‘plab ham aqliy, ham naqliy dalillarni keltirganlar. Xulosalari shuki, iymon bu mutlaqo “rost deb bilish”, “tasdiq qilish” kabi ma’nolarni anglatadi, shu ma’noda birovga bir xabar berilsa-yu, u o‘sha xabarni qabul qilsa, shu xabar to‘g‘risida uning mutlaqo bilimi bo‘lmasa-da, “rost deb bildi”, “tasdiqladi” deyiladi-ku. Ana shu ma’noda bir kishiga iymonni yuzaga chiqaruvchi kalima aytilgan paytda uni tasdiqlasa, u mo‘min bandaga aylanadi va Alloh taoloning mo‘min bandalariga va’da qilgan narsalariga haqdor bo‘lib qoladi. Ya’ni bilish bilan tasdiqlash boshqa-boshqa narsalardir. Masalan, ahli kitoblar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni,  aslida, o‘z bolalaridan ham ko‘ra yaxshiroq taniganlari, lekin u zotni tasdiqlamaganlari Qur’oni karimda bayon qilingan:

﴿ٱلَّذِينَ ءَاتَيۡنَٰهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ يَعۡرِفُونَهُۥ كَمَا يَعۡرِفُونَ أَبۡنَآءَهُمۡۖ

“Biz kitob bergan o‘sha (zolim kimsa)lar uni (Muhammadni) xuddi o‘z farzandlarini tanigandek taniydilar”[3].  

Shu ma’noda birov shahodat kalimasini aytsa, agar olam va uning Buyuk Yaratuvchisi to‘g‘risida mutlaqo tafakkur qilib ko‘rmagan bo‘lsa-da, uning iymoni e’tiborli hisoblanadi. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallam yolg‘iz shahodat kalimasini aytgan a’robiylarni ham mo‘minlikka hukm qilganlar. Bu esa ularning iymonlari zohiran e’tiborga olinishiga va qalblarining qanday ekani Allohga havola qilinishiga dalolat qiladi.   

KЕYINGI MAVZU:

Aqli bor kishining Allohni tanishi lozimligi

 


[1] Muhammad surasi, 19-oyat.

[2] Abu Hafs Sirojiddin Umar ibn Is'hoq G‘aznaviy. Sharhu aqidati imom Tahoviy. – Qohira: “Darotul Karaz”, 2009. – B. 43.

[3] Baqara surasi, 146-oyat.

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yangi Namangandagi aholi holidan xabar olindi

13.05.2025   7917   1 min.
Yangi Namangandagi aholi holidan xabar olindi

Shu yil, 12 may kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikromov boshchiliklarida viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari hamda "Haj – 2024" ziyoratchilaridan iborat tuzilgan ishchi guruhi a’zolari uchun Namangan viloyati Yangi Namangan tumanidagi “Imom Buxoriy“ jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.

 

Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lgan hojilar bilan Yangi Namangan tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. 

 

Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilandi: 

birinchi yo‘nalish – imom-xatibning “Haj-2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish; 

ikkinchi yo‘nalish – imom-xatibning masjidni boshqarish faoliyatini yaqindan o‘rganish, maslahat va ko‘mak berish;

uchinchi yo‘nalish – imom-xatib uchun namuna tarzida peshin namozi vaqtida masjidga kelganlarga dolzarb mavzuda ma’ruza qilib berish.


Ishchi guruh a’zolari yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha Yangi Namangan tumanida faoliyat olib bordi. 

 

Shuningdek Ishchi guruh a’zolari  Yangi Namangan tumani masjidlari hududidagi mahallaning bir necha xonadonlariga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘raldi. Xonadondagi yoshlarni ta’lim tarbiyasi bilan tanishildi, ularning muammolari o‘rganildi, taklif fikr, mulohazalari tinglandi va mahallalarda namunaviy bo‘lgan oilalarga kirib keksalardan yurtimiz haqqiga duoi hayrlar olindi.

 

Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Namangan viloyati vakilligi 
Matbuot xizmati

Yangi Namangandagi aholi holidan xabar olindi Yangi Namangandagi aholi holidan xabar olindi Yangi Namangandagi aholi holidan xabar olindi Yangi Namangandagi aholi holidan xabar olindi Yangi Namangandagi aholi holidan xabar olindi Yangi Namangandagi aholi holidan xabar olindi
MAQOLA