Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
So‘nggi paytlarda qulog‘imizga «Falonchining qizi qaytib kelibdi», «Pistonchining turmushi bo‘lmabdi» kabi gaplar tez-tez chalinadigan bo‘lib qoldi. Avvallari mahalla-ko‘yda buzilgan oilalar deyarli uchramagan, «Qaytib kelibdi» degan gap or-nomus masalasi deb qaralgan bo‘lsa, bugungi kunda ajrashish oddiy holatga aylandi.
Masalaning achinarli jihati esa bunday ajralishlarga arzimas narsalarning ro‘kach qilinishi, «bu narsani kam qilibdi, u narsaning sifatsizini olibdi» kabi vaj-bahonalar bilan hoyu havas yo‘lida yosh kelin-kuyovning o‘rtasiga sovuqchilik solinishi sabab bo‘lib qolayotganidir.
Alloh taolo inson zotini juft – erkak va ayoldan iborat qilib yaratganda ularning har biriga o‘ziga xos xususiyatlarni berdi va ularning nikoh orqali halol-pok yashab, o‘zlaridan zurriyotlar qoldirishlarini hamda ayni shu yo‘l bilan dunyoning obod bo‘lishini, odam sulolasini Qiyomat qoim bo‘lguncha halol-pok yo‘l bilan davom etib borishini iroda qildi. Shuning uchun ham O‘zining barcha anbiyolariga, avliyolariga va solih bandalariga nikohli hayotni ravo ko‘rdi. O‘zining barcha samoviy dinida nikohni joriy qildi. O‘sha dinlari orqali insoniyatga, hayotning boshqa sohalaridagi kabi nikoh va oila borasidagi saodatga eltuvchi ko‘rsatmalarini taqdim qilib bordi.
Aslida oila qurish kimlardir o‘ylaganidek, shunchaki o‘zaro ikki jins vakilining yaqin munosabatga kirishishi emas. Bir-biriga begona erkak va ayolning ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan bog‘lanishi o‘ziga xos bir ibodatdir. Jumhur ulamolari nikohni ibodat deganlar. Ular: «Alloh va Uning Rasuli alayhissalom amr qilgan ish ibodat bo‘ladi, nikoh ayni shunday ishlardandir», deyishgan. «Nikoh ibodatdir» deb hukm chiqargan mujtahidlarning peshvolari Imom A’zam Abu Haniyfa rahmatullohi alayhi bo‘ladilar. Albatta, bu gapni aytgan azizlarimizning dalillari bor.
Shu tarzda Alloh taolo insoniyatni asta-sekin tarbiyalab keldi va nihoyat insoniyat kamolga yetganda O‘zining oxirgi va mukammal dini, Qiyomatgacha boqiy qoluvchi dini, barcha zamon va makonda insoniyatga ikki dunyo saodat yo‘lini ko‘rsatib beruvchi dini – Islom orqali oilaviy hayotning mukammal ta’limotlarini joriy qildi. Ushbu ta’limotlarga ixlos bilan amal qilganlar oilaviy baxt nashidasini surib keldilar va kelmoqdalar.
Dunyodagi ajrimlar sonini o‘rganadigan bo‘lsak, dahshatga tushmaslikning iloji yo‘q. Statistik ma’lumotlar Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi va Britaniyadagi nikohlarning taxminan 42 foizi buzilishini ko‘rsatadi. Bu ko‘rsatkich Rossiyadagidan bir oz yaxshiroq bo‘lsa-da, baribir juda achinarli. Rossiyada har 10 nikohga 7 ta ajralish to‘g‘ri keladi.
Sof tabiatli odamni dahshatga soladigan bunga o‘xshash ma’lumot va hisobotlarni istagancha keltirish mumkin. Lekin biz hozirgi zamonda bizga yaqin sharoitdagi holatlarda AQSH, Buyuk Britaniya va Rossiyaga tegishli xabarlardan dengizdan bir tomchisini keltirdik, xolos. Tasavvur hosil qilish va xulosa chiqarish uchun shuning o‘zi ham kifoya qiladi.
Bu borada yurtimizdagi ahvol ham maqtanarli emas. 2024 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida bir yil mobaynida umumiy hisobda 283 ming 800 ta nikoh qayd etilgan. 49 ming 200 ta juftlikning rasmiy nikohi esa bekor qilingan. Bu esa mamlakatda keyingi yillarda ajralishlar soni sezilarli ko‘payganini anglatadi. Taqqoslash uchun: 2021 yilda 39,3 ming oila ajrashgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 48,7 mingni tashkil etgan. Avvallari ajrim bo‘yicha ariza topshirganlarni asosan yosh oilalar tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda o‘rta yoshdagi oilalar ham yetarlicha. Masalaning og‘riqli jihati bu borada quda-anda qilgan, nevarali oilalarning ham borligidir.
Ma’lumki, oila har bir jamiyatning boshlang‘ich hujayrasi hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam, farovon bo‘ladi. Aksincha, oilalarda parokandalik, buzg‘unchilik bo‘lsa, halol-haromning farqi qolmasa, o‘sha jamiyat buziladi, tinchi yo‘qoladi, oxir-oqibat u chuqur tanazzulga yuz tutadi.
Shuning uchun ham qadimdan har bir jamiyat oila masalasiga katta e’tibor berib, oilalarning mustahkam va baxtiyor bo‘lishi uchun imkonida bor bo‘lgan barcha chora va tadbirlarni ko‘rib kelgan. Zotan, sof insoniy tabiat xuddi shunday bo‘lishini taqozo qiladi. Albatta, dinimizda har ikki tomonning munosabatlari isloh qilib bo‘lmaydigan darajaga kelib qolsa, o‘zaro chiroyli shaklda ajrashishga ruxsat bor. Taloq bu oxirgi chora. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh azza va jallaga eng yomon ko‘rilgan halol – taloqdir», deydilar (Abu Dovud va Hokim rivoyati).
Taloq so‘zi shunchalik Allohga yoqimsizki, bu so‘zdan hattoki, Allohning Arshi larzaga keladi, deyilgan. Bolalarni yetim qoldirish, ko‘ngillarni vayron qilish, o‘zaro munosabatlarni uzishdan avval yaxshilab o‘ylang. Allohning arshi titrashiga yo‘l qo‘ymang!
«Hilol» jurnali 4 (61) son
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH