Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Muloyimlik – g‘azabga mag‘lub bo‘lmaslik, dag‘al so‘z aytish va qo‘pol muomala qilishdan saqlanishdir. Banda birovning fikriga qarshi ekanini qo‘pollik va qo‘rslik qilmasdan ham bildirishi yoki xayrixohlik, tavoze va mehribonlik ko‘rsatgan holda e’tiroz qilishi ham mumkin.
Agar biror yosh bolaning tarbiyasi uchun unga g‘azab qilish zarur bo‘lsa ham faqat kerakli miqdorda va me’yorda bo‘lsin.
Shuningdek, har mavzuda odamlar bilan tortishish, bahs qilish va janjallashishdan saqlansin va ular bilan imkon qadar yaxshi gumonda bo‘lib muomala qilsin. Kim bilandir oldi-sotdi va boshqa muomala qilishga to‘g‘ri kelsa, narx-navo va kelishuvlarda aytganida qaysarlik bilan turib olmasin. Agar ish ma’qul kelsa, qabul qilsin, bo‘lmasa, tark etsin. Lekin boshqalarni o‘zining gapini tan olishga majbur qilmasin.
رَحِمَ اللَّهُ رَجُلاً سَمْحًا إِذَا بَاعَ وَإِذَا اشْتَرَى وَإِذَا اقْتَضَى
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sotganda, sotib olganda va qarzini talab qilganda oliyjanoblik ko‘rsatgan kishiga Alloh rahm qilsin», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
مَنْ أَنْظَرَ مُعْسِرًا أَوْ وَضَعَ لَهُ أَظَلَّهُ اللَّهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ تَحْتَ ظِلَّ عَرْشِهِ يَوْمَ لَا ظِلَّ إِلَّا ظِلُّهُ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim kambag‘alga muhlat bersa yoki qarzini kechsa, soya bo‘lmagan Qiyomat kunida Alloh uni O‘z arshi soyasida soyalantiradi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2026 yil uchun obuna mavsumida faol ishtirok etib, nashrlarni xalqimiz orasida keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan imom-xatiblar va mas’ullarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Temurxon domla Atoyev, shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi vakillari — Davriy nashrlar bo‘limi boshlig‘i Ibrohim Inomov hamda bosh muharrir Abdujalil Ho‘jamov ishtirok etdilar.
Tadbir davomida diniy-ma’rifiy nashrlarning bugungi kundagi o‘rni va ahamiyati, ularni keng ommaga yetkazishda imom-xatiblar hamda mas’ullarning vazifalari haqida atroflicha fikr yuritildi.
Tadbir yakunida obuna jarayonlarida faol ishtirok etgan bir guruh imom-xatiblar va mas’ullarga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.